Myanmada ozchilik rohinja musulmonlari hukumat kuchlari nishoniga aylangach, yuz minglab aholi o'z uyini tashlab qochishga majbur bo'ldi. AQSh qabul qilayotgan qochqinlarning ham aksariyatini myanmaliklar tashkil etadi. O'ziga xos til lahjasiga ega bu muhojirlar guruhini yangi hayotga o'rgatish va bu ishda tarjimon topish oson kechmayapti.
Hamidul Hasan umrining aksariyatini o'zligini qidirish bilan o'tkazdi.
Myanmada yashovchi rohinja bo'lgani uchun na pasportga, na erkinlikka ega bo'lgan. Hatto sayohatga ham chiqa olmasdi, rasmiy ta'lim ham ko'rmagan.
2015-yil AQShga uchib kelganda esa inglizchani bilmasdi.
Oradan ikki yil o'tib, u hayotdan maqsadini topdi, kimligini angladi.
"Birma tilidan tashqari, beshta tilda gapiraman: Bengali, hindi, malay, ingliz va o'zimning rohinja tilim", - deydi u.
Hasanga hozir talab katta. U Fort-Veyn shahrida o'sib borayotgan rohinja jamoasiga yordam bermoqda.
"Bu yerda rohinja tilini biladigan hech kim yo'q, faqat o'zim", - deydi u.
Bu degani, Hasan tunu kun xizmatda. 150 rohinja oilasiga kasalxonalarga borishdan tortib do'konlarda xarid qilishgacha yordam beradi.
Yaqinda u tarjimonlik ishini tashlab, yaxshiroq haq to'laydigan zavodga ishga kirdi. Shunga qaramay, bo'sh vaqtida boshqalarga yordam berish bilan band.
"Ular menga ehtiyoj sezsa, lekin men kim bilandir band bo'lsam, demak, vaqt ajrata olmayman. Shuning uchun ko'proq tarjimonlarga zarurat bor", - deydi u.
Hasan Fort-Veynga kelib joylashgan ilk rohinjalardan biri. Oilasi kelgandan keyin ijobiy o'zgarishlar bo'ladi, deb o'ylagan edi. Ammo ona yurtida ro'y bergan so'nggi voqealar fikrini o'zgartirdi.
"Ular kechasi uyimizga o't qo'yishdi. Ikki akam, kelinoyim va ularning butun oilasi uxlayotgan edi. Onamning aytishicha, qochib ketishmasin deb eshikni tashqaridan qulflab qo'yishgan. Uyga benzin quyishgan", - deydi AQShda yashayotgan myanmalik qochqin.
Hasanning aytishicha, o'sha yong'inda har ikki akasi halok bo'ldi. Qochib chiqqan onasining esa oyog'iga o'q otishdi. Bangladeshga qochib borgan ona o'sha yerda davolandi; hozir butun dunyoga tarqab ketgan boshqa oila a'zolari bilan qayta qo'shilishni kutib turibdi.
"Qochishsa, Birma armiyasi ularni otadi", - deydi Hasan.
AQShga kelgan boshqa qochqinlarning hikoyalari ham shunga o'xshash.
Hasan bu yerda rohinja va boshqa birmalik muhojirlar tinch-totuv yashashiga umid qiladi.
"Birmada yuz bergan narsalar bu yerda sodir bo'lmaydi. Chunki biz hammamiz qochoqlarmiz. Bu yerda ahil yashashimizkerak", - deydi u.
AQShdagi rohinjalar soni bugun 6000 dan oshgan. Ular hozir myanmalik eng katta jamoalardan biri.
Facebook Forum