Breaking News

AQSh, Janubiy Koreya va Yaponiya Pxenyanni ogohlantirdi


Janubiy Koreya, Yaponiya va AQSh rasmiylari Tokioda uchrashdi
Janubiy Koreya, Yaponiya va AQSh rasmiylari Tokioda uchrashdi

Shimoliy Koreya tomonidan kutilayotgan yadroviy sinov oldidan Qo’shma Shtatlar, Janubiy Koreya va Yaponiya hamkorlikni kuchaytirish va tahdidlarning oldini olishga kelishdi. Uch davlat rasmiylari bugun Tokioda uchrashgan.

“Agar Shimoliy Koreya yettinchi yadro sinovini o’tkazsa, misli ko’rilmagan javob choralarini ko’rish zarurligi bo’yicha hamfikrmiz”, - deydi Janubiy Koreya Tashqi ishlar vaziri muovini Cho Xyon Don.

Pxenyan bu yili rekord sonda raketalar uchirgan, jumladan biri Yaponiya ustidan uchib o’tdi. Janubiy Koreya Prezidenti Yun Suk Yolning aytishicha, qo’shni davlat yettinchi yadroviy sinovga tayyorgarlikni yakunlagan.

Yaponiya va Janubiy Koreya orasidagi uzoq yillik kelishmovchiliklarga qaramasdan, Pxenyandan kelayotgan tahdid ikki davlatni yaqinlashtirmoqda.

“Keyingi provokatsiyalar, jumladan, yadroviy qurol sinovi ehtimolini inobatga olgan holda, biz mintaqaviy salohiyatimizni kuchaytirishga, diplomatik sa’y-harakatlar nuqtai nazaridan yaqindan hamkorlik qilishga kelishib oldik”, - deydi Yaponiya Tashqi ishlar vaziri o’rinbosari Takeo Mori.

Shimoliy Koreyada raketa sinovi, 10-oktabr, 2022-yilda taqdim etilgan surat
Shimoliy Koreyada raketa sinovi, 10-oktabr, 2022-yilda taqdim etilgan surat

Pxenyan yadroviy bomba sinovlarini 2006-yildan beri o’tkazib keladi. Shimoliy Koreyaga qo’shimcha sanksiyalar qo’yish bo’yicha bu yilgi rezolyutsiyaga BMT Xavfsizlik Kengashida Rossiya va Xitoy veto qo’ygan.

AQSh Davlat kotibi muovini Vendi Sherman Shimoliy Koreyani “keyingi provokatsiyalardan tiyilishga” chaqirdi. Uning aytishicha, Vashington hech qanday shartlarsiz dialogga tayyor, shu bilan birga, Yaponiya va Janubiy Koreyani himoya qilish ahdida qat’iy.

Tokio va Seul orasidagi ko’p yillik nizolar 1910-1945 yillarga borib taqaladi. Okkupatsiya va urush paytida koreyalik ayollar jinsiy qullikka, majburiy mehnatga jalb qilingani yuzasidan norozilik namoyishlari, sud ishlari bugungi kungacha davom etmoqda.

Biroq may oyida lavozimiga kirishgan Prezident Yun aloqalarni yaxshilash kerakligini aytib, Tokio bilan xavfsizlik bo’yicha hamkorlikni kengaytirmoqda.

Shu oy boshida Janubiy Koreya, Yaponiy va AQSh ballistik raketa hujumiga qarshi mudofaa mashqlarini o’tkazdi. Sentabrdagi mashg’ulotlarda esa 2017-yildan beri ilk bor uch mamlakat suvosti kemalari qatnashdi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG