Breaking News

Pxenyan AQSh-Janubiy Koreya harbiy mashqlarini qoralamoqda


Shimoliy va Janubiy Koreya chegarasida, 2-avgust, 2021
Shimoliy va Janubiy Koreya chegarasida, 2-avgust, 2021

Joriy hafta AQSh va Janubiy Koreya qo'shinlari olib borayotgan harbiy mashg'ulotlarni Shimoliy Koreya keskin qoralab, o'z salohiyatini oshirishga bel bog'laganini bildirmoqda.

Amerika va Janubiy Koreya qo'shinlari har yoz hamkorlikda mashq qiladi. Pandemiya sabab dastur biroz qisqartirilgan. Shiningdek, Pxenyanning asabiga tegmaslikka ham qaror qilingan, chunki ikki Koreya muzokara boshlashi mumkin.

Biroq Shimoliy Koreya mashg'ulotlarni o'ziga nisbatan agressiya deb biladi va hozirgi shaklida ham unga tahdid deb qaramoqda. Davlat rahbari Kim Chen Un ularni qoralab, mamlakati harbiy jihatdan kuchayishi zarurligini ta'kidlagan.

Pxenyan nazarida, Amerika-Janubiy Koreya mashqlari Koreys yarimoroli naqadar beqaror ekanidan dalolat.

Bu mashg'ulatlarni o'ziga qarshi hujumga tayyorgarlik deb taxmin qiladigan Shimoliy Koreya mudofaa va chegara tizimlarini mustahkamlamoqchi.

O'tgan oy ikki Koreya rahbarlari qisqa fursatda gaplashishga ahd qilgan edi. Ikki yildirki, Pxenyan Vashington bilan ham muloqot qilmagan.

Endilikda esa mashqlar sabab bu rejalar buzilgandek, ammo Shimoliy Koreya hech narsani tasdiqlamagan.

Pxenyan uchun eng katta xavf - AQSh va Janubiy Koreya orasidagi ittifoqchilik. Bu omilni Shimoliy Koreya provokatsion va shu bilan birga diplomatik maqsadlarda qo'llab keladi.

Iyun oyida Kim Chen Un xalqini AQSh bilan dialogga va to'qnashuvga tayyor turishga chaqirgan edi.

Prezident Jo Bayden Shimoliy Koreya bilan muloqotga tayyor ekanini aytadi, ammo bu borada real qadamlar tashlanmagan. Pxenyanda ham shu ahvol.

Janubiy Koreyada esa bir yil ichida prezident saylovlari. Shunday ekan, hukumat muzokaralarga shoshmayapti.

AQSh va Janubiy Koreya harbiylari har yoz birga mashq qiladi
AQSh va Janubiy Koreya harbiylari har yoz birga mashq qiladi

AQSh bilan harbiy mashqlardan maqsad mamlakat xavfsizligini ta'minlashni butunlay milliy qurolli kuchlar nazoratiga olish. Buning uchun esa armiya chiniqishi va qator talablarni qondira olishi kerak.

Amerika Janubiy Koreyada 28 ming 500 askarga ega. 1950-yillardan beri, ya'ni koreys urushi tugab, sulh tuzilganidan beri AQSh bu mamlakat hududida qo'shin saqlaydi. Amaldagi bitimga ko'ra, urush chiqsa, nazorat AQSh iznida bo'ladi.

Donald Tramp prezidentligi davrida Vashington va Pxenyan muzokaralar olib bordi, ammo ko'zlangan maqsadlar amalga oshmadi.

Shimoliy Koreya yadroviy maqsadlaridan qaytmagan. Sanksiyalarni olib tashlash evaziga atom programmasining bir qismini yopish taklifi 2018-yilda Oq uy tomonidan rad etilgan.

Shundan beri Pxenyan uzoq masofaga uchadigan raketalarini sinab ko'rish va harbiy salohiyatini oshirish bilan ovora.

Qashshoqlashgan, yakkalangan Shimoliy Koreya xalqi toshqinlar, koronavirus pandemiyasi va yuqori havo harorati bilan yuzlashib kelmoqda.

Biroq Pxenyan koronavirus chiqqanini tan olmaydi. Jahon Sog'liqni Saqlash Tashkiloti haqiqatni bilishga qiynalmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG