Breaking News

Janubiy Koreya prezidenti Oq uyda Bayden bilan uchrashadi


Janubiy Koreya Prezidenti Mun Jey In 21-may kuni Oq uyda AQSh rahbari Jo Bayden bilan uchrashadi. Bu Mun Jey Inning prezident sifatida AQShga so’nggi tashrifi va vakolat muddati tugashi oldidan va’dalarini bajarishi uchun so’nggi imkoniyat bo’lishi mumkin.

Bayden ma’muriyati yaqinda bir oy davomida Shimoiy Koreya bo’yicha siyosatni qayta ko’rib chiqib, “amaliy yondashuv” yo’lini tanladi, deydi Oq uy so’zlovchisi Jen Psaki.

Obama davridagi “strategik toqat” va Tramp davridagi “dabdabali kelishuvlardan” farqli o’laroq, deydi Vashingtondagi Vilson markazi tahlilchisi Jan Li, ohang o’zgarishi Mun va Bayden uchrashuvi oldidan “xotirjamlik” muhitini yaratgan.

Olov va qahr bilan javob beramiz deb bayonotlar qilsangiz, Shimoliy Koreya [raketa] sinovlarini shu bilan asoslaydi, arsenalini kuchaytiradi. Hozirgi izchillik Tramp prezidentligining ilk yillarida kuzatilgan eskalatsiyani bartaraf etishga qaratilgan”, - deydi Li.

Janubiy Koreya rahbari Koreyalararo muloqotni tiklashga va’da bermoqda.

“Vakolat muddatimning qolgan bir yili – chala tinchlikdan doimiysiga o’tish uchun so’nggi imkoniyat”, - deydi Mun Jey In.

Shimoliy Koreya Oq uydagi uchrashuvda bosh mavzu bo’lishi kutilmoqda. Ikki rahbar Koreya yarimorolini to’liq yadrosizlantirish yo’lida harakat qilishga so’z bergan bo’lsa-da, ekspertlar fikricha Baydenning shoshmasdan ish tutishi Munning hafsalasini pir qilishi mumkin.

Ammo AQSh-Koreya o’rtasidagi ittifoqchilikni saqlab qolish ustuvor vazifa bo’lib qoladi, deydi Adju universitetidan siyosatshunos Kim Xen Kyu.

Jan Lining aytishicha, Pxenyan Vashingtondagi sammitni yaqindan kuzatadi, chunki uchrashuv “Bayden Munga quloq tutishini” ko’rsatuvchi signal hamdir. Bayden ishga kirishganidan buyon xorijiy rahbar bilan atigi ikkinchi bor yuzma-yuz uchrashmoqda.

Birinchisi aprelda Yaponiya Bosh vaziri Yoshixide Suga bilan edi. Bu shundan dalolatki, Hind-Tinch okeanida tinchlik va xavfsizlikni ta’minlash, Koreya va Yaponiya bilan ittifoqchilikni kuchaytirish va Xitoy ta’sirini jilovlash AQSh uchun muhim.

“Vashington o’z oldiga qo’ygan ayrim maqsadlar Janubiy Koreyani noqulay ahvolga qo’yishi, ularning amalga oshishi bu mamlakat qay darajada ishtirok etishiga bog’liq”, - deydi Seuldagi Evxa universiteti professori Park Von Gon.

“Koreya-Yaponiya munosabatlari boshi berk ko’chada ekan, Bayden Seul va Tokio til topishishidan oldin uch tomonlama ittifoqchilikni ilgari surishga harakat qilmoqda”, - deya qo’shadi u.

Xitoy haqida gap ketganda, Mun va Bayden Pekinning Shimoliy Koreya siyosatiga ta’sir ko’rsatish layoqatiga e’tibor qaratishi mumkin.

Shu ma’noda, deydi Kim, “ikki hukumat Xitoyning vaziyatni murakkablashtirishiga emas, Pxenyanga ijobiy ta’sir ko’rsatishiga umid qilishadi”.

Muhokama qilinishi kutilayotgan yana bir mavzu - vaksina yetishmovchiligi. Aynan shu mavzu sabab so’nggi oylarda Prezident Munning xalq orasidagi reytingi tushgan. Janubiy Koreya rasmiylaridan birining aytishicha, sammit muvaffaqiyati uning ko’proq vaksinani qo’lga kirita olishi bilan ham o’lchanadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG