Xayrinsahan Abdurahmon ismli 48 yoshli uyg’ur ayol – yetti farzandning onasi. So’nggi besh yildan beri yolg’iz ona to’rt farzandi bilan Shinjon poytaxti Urumchi markazida, yuqori qavatli uyning 19-qavatida yashab kelayotgan edi.
Uning jiyani Abdulhafiz Muhammadimin so’zlariga ko’ra, 24-noyabr kuni binoning 15-qavatida yong’in sodir bo’lganida ayol va uning farzandlari – 13 yoshli Shohida, 11 yoshli Imron, to’qqiz yoshli Abdurahmon va besh yoshli Nahdiya binodan chiqa olmagan va yong’inda halok bo’lgan.
“Xolamning turmush o’rtog’i Muhammad Matniyoz va ularning to’ng’ich o’g’li, 28 yoshli Ilyosni 2017-yilda lagerga olib ketishgan, xolam o’shandan buyon bolalariga ham ona, ham ota edi”, - deydi Shveysariyadan “Amerika Ovozi” bilan suhbatlashgan Muhammadimin.
Abdurahmonning 25 va 22 yoshli yana ikki farzandi 2016-yilda Xitoy hukumati uyg’urlarga xorijga chiqishga ruxsat berganida Turkiyaga ketishgan.
Yong’in
Abdulhafiz Muhammadimin Urumchidagi yong’in videolarini ko’rganidan so'ng o’sha bino yaqinida yashovchi do’sti bilan ijtimoiy tarmoq orqali bog’langan.
“U bino yonib ketganini tasdiqlab, xolangiz bir farzandi bilan bedarak ketgan, yana uch farzandi kasalaxonada deb aytdi. Biroq ikki soatdan keyin, xudo sizga sabr bersin, xolangiz to’rt bolasi bilan uydagi yong’inda halok bo’libdi, degan xabarni yetkazdi”, - deydi Muhammadimin.
“Sinxua” axborot agentligiga ko’ra, soat 19:49 da atrofida boshlangan yong’in Pekin vaqti bilan 22:35 da o’chirilgan.
Xitoy matbuoti o’t o’chiruvchilar 10 kishini qutqara olmagani, yana to’qqiz odam jarohat olgani haqida xabar tarqatdi.
“Uydan 100 metr narida politsiya idorasi, bir kilometr uzoqlikda o’t o’chirish stansiyasi bor. Ikki kilometr uzoqlikda yirik kasalxona joylashgan. Ularning kovid siyosati va odamlarni ataylab qutqarmagani uchun xolam to’rt farzandi bilan halok bo’ldi”, - deydi suhbatdosh.
Qulf eshiklar
Muhammadiminga ko’ra, Xitoy hukumati karantin tufayli avgust oyida binoning yong’indan qochish eshigini qulflab qo’ygan.
“Do’stimning aytishicha, yong’indan chiqish eshigiga tashqaridan zanjirli qulf o’rnatishgan. Ularda binoni tark etishga imkon bo’lmagan”, - deydi u.
Urumchi yong’in xavfsizligi boshqarmasi rasmiysi Li Venshengning matbuot anjumanida aytishicha, yong’inda halok bo’lganlar evakuatsiya eshigidan bexabar bo’lgan.
“Ayrimlarning o’zini himoya qilish va qutqarish qobiliyati zaif. Binoning tomiga olib chiqadigan ikkinchi eshik haqida bilishmaydi. Yong’in sodir bo’lganda olovni o’chirish, vaqtida qochish va o’z-o’zini qutqarish ishlari samarali bajarilmagan”, - deydi u.
Biroq binoda yashovchilarning birining oila a’zosiga ko’ra, yong’in paytida mahalla qo’mitasi xodimi “WeChat” tarmog’i orqali rezidentlarga yozib, uyda qolishni, liftdan foydalanmaslikni so’ragan.
Urumchida yashovchi bu shaxs “Amerika Ovozi”dan uning ismini oshkor etmaslikni so’radi.
“Qarindoshlarim eng yuqori qavatdagi tomga chiqadigan eshikkacha borishgan, u qulflangan bo’lgan. So’ngra lift bilan birinchi qavatga tushishsa, afsuski, bu chiqish eshigi ham niqob [siyosati] tufayli qulf bo’lgan”, - deydi u.
“Birinchi qavatdagi qo’shni ularni uyiga kiritgan va derazadan sakrab tushib, binoni tark etishgan. Ularning omadi chopdi, lekin ko’plab qo’shnilarimiz halok bo’ldi”.
O’lganlar soni
Vashingtonda joylashgan “Uyghur Times” nashri asoschisi Tohir Imin yong’inda 10 kishi halok bo’lgani haqidagi hukumat raqamlarini rad etadi.
“Jabrlanganlar olib borilgan kasalxona xodimlariga ko’ra, yong’inda halok bo’lganlar 10 nafar emas, 44 uyg’ur. Bizning saytimiz 20 kishining ismi va rasmlarini tasdiqladi. Qurbonlarning barchasini aniqlashga harakat qilayapmiz”, - deydi Imin.
Yong’inning ko’plab videolari Xitoy ijtimoiy tarmoqlarida tarqalgach, Urumchi aholisi Shinjonda 100 kundan ortiq davom etayotgan karantinga qarshi namoyishga chiqdi.
26-noyabrda Xitoy hukumati cheklovlarni yumshatib, aholiga o’z tumanlarida ko’chaga chiqishga ruxsat berdi. Yong’indan keyin Urumchida ro’y bergan norozilik namoyishlari boshqa shaharlarga, jumladan Shanxay va Pekinga ham tarqaldi.
Facebook Forum