Breaking News

Ekspertlar: Shinjon, Tibetda karantin choralari repressiyani kuchaytirishi mumkin


Kovid testidan o'tish uchun navbat, Tibet poytaxti Lxasa, 9-avgust, 2022
Kovid testidan o'tish uchun navbat, Tibet poytaxti Lxasa, 9-avgust, 2022

Shinjon va Tibetda koronavirus infeksiyasi ko’payishi bu hududlarda karantin joriy etilishiga olib keldi. Xitoy matbuotiga ko’ra, virus tarqalgan hududlar xavf darajasiga qarab turli zonalarga bo’lingan.

Shinjonda kasallik tarqalayotgani haqida 31-iyulda, Tibetda esa 6-avgustda xabar berilgan edi. 19-avgust holatiga ko’ra, Shinjonda 329 ta va Tibetda 346 ta yuqori xavfli hududlar mavjud. Bu degani, odamlarning uydan chiqishi, sayohat qilishi cheklangan.

Pekinda asoslangan “Global Times” gazetasining yozishicha, omikron shtammining subvariantlari har ikki avtonom hududga chet davlatlardan kirib kelgan. Ammo “Ozod Osiyo” radiosi infeksiyani mintaqaga safar qilgan xitoylik sayyohlar olib kelgani to’g’risida xabar bermoqda.

“Tibet yillardan buyon xorijiy sayyohlar uchun yopiq. Lxasa, Shigadze va boshqa shaharlarda kovid epidemiyasiga sayohatchilar sababchi deb ko’rilsa-da, sog’liqni saqlash tizimi nochorligidan jabr ko’rayotgan tibetliklardir”, - deydi Tibet uchun xalqaro kampaniya rahbari Buchung Tsering.

Anonim tarzda “Amerika Ovozi” bilan gaplashgan bir uyg’urning aytishicha, karantin doirasida u yashaydigan binodan hamma noma’lum joyga ko’chirilgan.

“Karantin uchun belgilangan joyga borishimizni aytishdi, chunki kasallangan bir odam bilan aloqada bo’lgan xitoylik bizning binoga kirgan ekan. Ertasiga ertalab biz olib kelingan joy qayta o’qitish muassasasi ekanini bildik”, - deydi suhbatdosh.

Xitoy bir milliondan oshiq uyg’ur va boshqa turkiy musulmon guruhlarni lagerlarga joylashtirganlik, majburiy mehnatga jalb qilganlik, ayollarni majburiy sterilizatsiya qilganlikda ayblanadi. “Xalqaro Amnistiya” kabi tashkilotlar o’zboshimchalik bilan hibsga olingan barcha odamlarni ozod etishga, bunday markazlarni yopishga undab keladi.

Dastlab lagerlar borligini inkor etgan Pekin keyinchalik ularni “diniy ekstremizm, terrorizm va separatizm ta’siridagi odamlarga yordam beradigan kasb-hunar markazlari” deya ta’riflagan. Xitoy rasmiylariga ko’ra, barcha “talabalar” 2019-yilda o’qishni tamomlagan.

Xitoy 2020-yilda Tibetda ham “kasb-hunar” programmalarini kengaytirgan. Yarim million tibetlik treningdan o’tib, yana bir necha mingi Xitoyning boshqa qismlaridagi korxonalarga ishga jo’natilgan.

Vashingtonda joylashgan Uyg’ur inson huquqlari loyihasi vakili Piter Irvinning aytishicha, uyg’urlar – davlat kuzatuvi ostidagi xalq.

“Karantin choralari Xitoy hukumatiga uyg’urlarni qamab qo’yishga, kuzatuvni kuchaytirishga yana bir bahona bo’lib xizmat qiladi”, - deydi u.

Lxasa
Lxasa

Xitoy Kommunistik partiyasining Shinjondagi kotibi Ma Sinruy viloyat rasmiylariga “Si Zinpinning epidemiyaning oldini olish va nazorat qilish bo’yicha muhim nutqidagi vazifalarni” puxtalik bilan bajarishni tayinlagan.

“Kovidni nolga tushirish siyosatiga rioya qiling, bo’shashmang, chekinmang. Choralarni kuchaytiring, qiyinchiliklarni yengib o’tish yo’lini toping, epidemiyaga qarshi qat’iy g’alabaga erishing”, - deydi Ma.

Ismini oshkor etmaslikni so’ragan yana bir shinjonlik uning eshigi rasmiylar tomonidan muhrlanganini aytadi.

“Kundalik kovid testini o’tkazayotganda, zarur narsalarni olib kelishganda muhrni o’zlari ochishadi”, - deydi u.

Xitoyshunos mutaxassis Adrian Zenzga ko’ra, nazorat choralari uyg’urlar, tibetliklar va boshqa etnik guruhlarning shundoq ham og’ir hayotini yanada qiyinlashtiradi.

“Xanlar bu guruhlarni “iflos” va “madaniyatsiz” deb ko’rishi hisobga olinsa, ularga munosabat juda qattiq, nazorat o’ta qat’iy bo’lishini kutish mumkin”, - deydi Zenz “Amerika Ovozi” bilan suhbatda.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG