Breaking News

Migratsiya va immigratsiya - AQSh saylovidagi muhim mavzular


AQShda Kongressga oraliq saylovlar yaqinlashar ekan, ayrim shtatlarda immigratsiya mavzusi qizg’in muhokama etilyapti.

Xalqaro hayot - 2-noyabr, 2022-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:09:41 0:00

Florida va Texasning respublikachi gubernatorlari Amerikaning janubiy chegarasi tomon kelayotgan ko’plab migrantlarga e’tiborni qaratish maqsadida siyosiy boshpana olishga umid qilayotgan minglab xorijliklarni demokratlar hukmron Nyu-York, Vashington va boshqa shaharlarga avtobuslarda yo’llamoqda.

“Changalzordan o’tishga majbur bo’ldik. Qizimizning daryoda cho’kishiga oz qoldi”, - deya Amerikaga safarini ta’riflaydi venesuelaliklardan biri.

Aksariyat migrantlar farzandlarining kelajagini o’ylab yo’lga chiqqanini aytadi.

“O’qimishli bo’lishlarini orzu qilamiz. Venesuelada bunday imkoniyat yo’q, kelajak yo’q”, - deydi bir ona.

AQShning janubiy shtatlaridagi respublikachi gubernatorlar nazarida, demokratlar va federal hukumat migratsiyani to’xtatishga harakat qilmayapti. Markazdagilar muammoni yaxshiroq his etishi uchun gubernatorlar minglab migrantni demokratlar hukmron shaharlarga yubordi.

"Biz boshpana beruvchi shtat emasmiz. Migrantlar shunday joylarga borgani yaxshi. Biz ularga transport vositalarini tashkillashtirib beramiz”, - deydi Florida gubernatori Ron Desantis.

Oq uy respublikachilarni migrantlardan siyosiy qurol sifatida foydalanayotganlikda ayblayapti.

Respublikachi siyosatchilar esa ular mahalliy darajada yuzlashayotgan muammolardan butun mamlakat xabardor bo’lishini istaydi.

"Bu siyosiy futboldir. Demokratlarni sharmanda qilishga qaratilgan. Tan olish kerak, bu umummamlakat muammo. Federal hukumat siyosiy boshpana so’rovchilarni qabul qilayotgan har bir shtatga pul ajratishi kerak”, - deydi Kolumbiya universiteti professori Ister Fuks.

Nyu-York shahriga 18 mingdan ortiq migrantning borgani mahalliy boshpana tizimiga og’ir keldi. Ba’zilarini hatto qimmat mehmonxonalarga joylashtirishga to’g’ri keldi. Nyu-yorkliklar shaharning migrantlarni qabul qilishga rozi bo’lgan demokrat hukumati qaroriga turlicha munosabat bildiryapti.

"Nima qilishimiz kerak edi? Ko’chada qolib o’lib ketishsinmi? Imkon boricha ularga yordam berishdan boshqa iloji yo’q”, - deydi biri.

"Ularning bu yerga kelishi siyosiy qadamdir. Mamlakatga hujjatsiz kirayotgan odamlar endi amerikaliklarning o’ziga yetmayotgan resurslardan foydalanadi”, - deydi yana bir nyu-yorklik.

2024-yilda prezidentlikka da’vogarlardan hisoblangan Desantis avval kelasi seshanba kuni bo’ladigan saylovda gubernatorlikka qayta saylanishi kerak.

Uni yiqitish va Demokratik partiyadan gubernatorlikka nomzodi qo’yilgan Charli Kristni qo’llab-quvvatlash maqsadida Floridaga Prezident Jo Bayden bordi.

Saylovchilar bilan uchrashuv chog’ida Bayden senatorlikka nomzodini qo’ygan kongressmen Val Demingsga ham ovoz berishga chaqirdi.

Florida siyosiy jihatdan muhim shtat bo’lib, Bayden 2020-yilda bu shtatda mag’lub bo’lgan. Reytingi 40 foizdan oshmagan Bayden keyingi saylovda ham qatnashishiga ishora qilgan, ammo rasman bu haqda e’lon qilmagan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG