Breaking News

AQSh afg'onistonliklarni ko'chirishda davom etmoqda


Bir paytlar Kobulda xorijlik mehmonlar uchun tijorat mehmonxonasi sifatida foydalanilgan katta binoni hozir ko'plab afg’onistonlik oilalar va shaxslar band etgan. Ular tashqariga chiqishlari yoki o'zlarining aniq manzillarini hech kimga oshkor qilishlari mumkin emas.

Afg'onistonning turli hududlaridan olib kelingan bu insonlar so’nggi manzil – AQShga borish oldidan uchinchi davlatga parvoz qilishni kutib turibdi.

Tolibon hokimiyatga qaytganidan qariyb ikki yil o'tib, AQSh Afg'onistonda konsullik yoki diplomatik vakolatxonaga ega bo’lmasa-da, maxsus immigratsiya va qochqinlar dasturlari doirasida afg'onlarni evakuatsiya qilishda davom etmoqda.

Tolibon rasmiylari bu parvozlardan xabardor, lekin ularga hozircha to’sqinlik qilmayapti.

Charter reyslari orqali AQSh hukumati Afg'onistondan minglab AQSh fuqarolarini, qonuniy rezidentlarni, hamrohsiz bolalar, qochqinlar hamda oilalarni maxsus immigratsiya vizasi deb nomlanuvchi dastur asosida Amerikaga ko'chirdi. Maxsus immigratsion vizalar Afg‘onistonda Tolibon hokimiyatni qo‘lga kiritgunga qadar AQSh tashkilotlari va dasturlarida ishlaganlar uchun ajratilgan.

Davlat departamentiga ko'ra, so'nggi 20 oy ichida 90 mingdan ortiq afg'on AQShga shu dastur asosida ko'chirilgan.

Rasmiy maʼlumotlarga koʻra, 2021-yil oktabridan 2022-yil sentabrigacha afgʻonlarga 11 mingdan ortiq maxsus immigratsiya vizasi berilgan.

Joriy yilda AQSh Prezidenti Jo Bayden Kongressdan AQSh hukumatiga yordam bergan afg‘onlar uchun 20 ming qo‘shimcha maxsus immigratsion viza ajratishni so’ragan edi.

2022-yil oktabridan 2023-yil fevralgacha qo’shimcha kamida 2980 afg‘on qochqinlarni qabul qilish dasturi orqali kelgan.

AQSh hukumati bu yil dunyo bo'ylab 125 ming qochqinni qabul qilishni rejalashtirmoqda, biroq Davlat departamenti ularning qanchasi Afg’onistondan bo’lishi haqida ma’lumot bermadi.

Qochqinlarni saralash nuqtalari

Qo'shma Shtatlarga kelishdan oldin muhojirlar va qochqinlar uchinchi mamlakatlardagi saralash zonalarida xavfsizlik va immigratsiya tekshiruvidan o'tadi.

“Departamentning koʻchirilgan afgʻonlar uchun asosiy qayta ishlash joyi Doxadagi (Qatar) As-Sayliya lageridir. Ayni paytda afg‘onlar Albaniya va Kosovoa ham ko‘rib chiqilmoqda”, - dedi Davlat departamenti so‘zlovchisi “Amerika Ovozi”ga elektron pochta orqali bergan javobida.

2021-yil avgust oyida Kobuldan uyushtirilgan ikki haftalik tartibsiz evakuatsiya davomida AQSh harbiy samolyotlari 124 mingga yaqin odamni olib chiqib ketgan.

Yana bir necha ming afg'on Birlashgan Arab Amirliklariga shaxsiy reyslarga uchib, u yerdan AQSh, Kanada yoki Yevropa davlatlariga ko'chib o'tish umidida “Emirates Humanitarian City” deb nomlangan muassasada qolishdi.

"AQSh hukumati Amirliklarning gumanitar shahrida afg'onlarning ishini ko'rib chiqish bilan shug'ullanadi", - dedi Davlat departamenti matbuot kotibi.

Xavfsizlik nuqtai nazaridan ismini oshkor qilishni istamagan sobiq amerikalik pudratchilardan biri Kobuldan uchish parvozini kutar ekan, uning besh kishidan iborat oilasi yaqin ikki hafta ichida Albaniyaga olib ketilishini aytdi.

"Albaniyada qancha vaqt qolishimizni bilmayman, lekin umid qilamanki, bu uzoq davom etmaydi", - dedi u "Amerika Ovozi" bilan suhbatda.

Vaqtinchalik gumanitar qabul

Maxsus immigratsion viza dasturidan tashqari, Qo'shma Shtatlar minglab afg'onlarni vaqtinchalik gumanitar qabul dasturi doirasida ham qabul qildi.

2022-yilning mart oyida taklif qilingan 18 oylik dasturning amal qilish muddati shu yil sentabr oyida tugaydi. Oʻtgan yili bu dastur asosida kelganlarni Amerikaga doimiy ravishda joylashtirish uchun qonuniy yo’l ochish maqsadida ishlab chiqilgan “Afgʻonistonni tartibga solish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi qabul qilinmadi.

"Afg'onistonga oid bu qonunsiz afg'onlar yillab vaqt oaldigan maxsus immigratsion viza dasturi yoki murakkab va juda ko’p vaqt oluvchi siyosiy boshpana olish tizimi orqali doimiy yashashni rasmiylashtirishlari mumkin", - deydi qochqinlarni qo'llab-quvvatlash bo'yicha yordam tashkiloti vakili Brayan Zumhagen.

Huquqiy noaniqliklardan tashqari, ba'zi afg'onlar boshqa ijtimoiy va iqtisodiy muammolarga ham duch kelmoqda. Masalan, arzon uy-joy topish, tibbiy sug'urta va oziq-ovqat xarajatlarini qoplash yangi muhojirlar uchun oson emas.

O'tgan oy qonunchilar oldida gapirgan AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken "Afg'onistonda biz bilan birga bo'lganlarga yordam berish bo’yicha bergan va'dalarimizni bajarishga shaxsan sodiq"ligini bildirdi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG