Breaking News

Afg'onlar AQShdan maxsus viza berishni tezlashtirishni so'ramoqda


Pokistondagi afg'on qochqinnlar AQShdan boshpana so'rab, namoyish qilmoqda, Islomobod, 26-fevral, 2023
Pokistondagi afg'on qochqinnlar AQShdan boshpana so'rab, namoyish qilmoqda, Islomobod, 26-fevral, 2023

AQSh Afg'onistondan 124 mingga yaqin fuqaroni evakuatsiya qilganidan ikki yilcha o'tib, o'nlab ming odam hamon vatanida Amerikadan boshpana olishni kutib o'tiribdi. Faollarning aytishicha, Tolibon ularning hayotiga tahdid solmoqda.

Afg'onistonda AQShga ishlagan 152 mingdan ziyod odam maxsus vizaga hujjat topshirgan. Ularning katta qismi hozirgacha ham uni qo'lga kiritmagan.

"Biz bilan hamkorlik qilganlar o'z mamlakatlarida har kuni o'lim bilan yuzma-yuz", - deydi Endryu Sallivan, Amerika harbiylari va tashkilotlari bilan xizmat qilgan afg'onlar va iroqliklarning masalalari bilan shug'ullanuvchi ekspert.

Sallivanning markazi aniqlashicha, Tolibon G'arbdan panoh so'raganlarni qattiq bosim ostiga olmoqda.

Senatorlar Jin Shahin va Rojer Uiker taklif qilayotgan qonun loyihasi 2029-yilgacha yana 20 ming afg'onni qochqin sifatida qabul qilishni ko'zlaydi.

Arash Azizzoda Amerikaga kelganlar va kelishga urinayotganlarga yordamlashadigan nohukumat tashkilotni yuritadi. Uning qayd etishicha, muojaatiga javob kutayotganlar, rad etilganlar va hozirda boshqa variantlar ustida bosh qotirayotganlar juda ko'p.

Hujjat topshirganlarning yarmidan ko'pi tekshiruv paytida Amerikaga ishlaganini isbotlay olmagan. Talabga binoan, hamkorlik kamida bir yil davom etgan bo'lishi kerak.

Azizzoda deydiki, tizim juda sekin ishlaydi. Afg'onlarga maxsus viza berish uchun o'rtacha 628 kun ketgan.

Biroq Davlat departamentining bildirisicha, jarayon bir maromda ketmoqda. "Davlat xavfsizligi har narsadan ustuvor. Prezident bu borada ko'rsatmalar bergan", - deyiladi rasmiy bayonotda.

Yanvar oyidan beri 27 ming afg'onga maxsus viza berilgan. O'tgan yilga qaraganda ancha ko'p odam, deydi mutasaddilar. Jarayon murakkab ekanini hukumat tan oladi, ammo buning sabablari bor, jumladan har bir arizani AQSh elchisi ma'qullashi mumkin.

Biroq hozirda Amerika Afg'onistonda biror diplomatga ega emas, elchixona ham ishlamaydi. Shu bois arizalar boshqa davlatlardagi 57 elchixona va konsullik qo'lidan o'tishi yo'lga qo'yilgan.

"Doimiy yechim kerak", - deydi Helal Massomi, qochqinlarga ko'mak ko'rsatadigan xayriya tashkiloti vakili.

Afg'onlarga maxsus viza berish 2009-yilda joriy etilgan. Shu paytgacha 101 mingdan ziyod kishi uni olgan. Har yili qancha berilishini Kongress belgilab beradi.

Massomi singari faollar afg'onlar osonroq kelishi va joylashishi uchun ruxsat zarur. Qochqinlarning hammasi ham grin-karta, ya'ni doimiy yashash va ishlash imkoniyatiga ega bo'lmaydi, deydi u, ayrimlari faqat vaqtincha bu yerda. Ularga ham Amerikada qolish uchun zamin yaratish lozim, deydi Massomi.

Kongressmen Jon Garamendi olg'a surayotgan tashabbus afg'onistonlik talaba va tadqiqotchilarga ham boshpana berishni taklif qiladi.

2003 - 2021 yillarda Amerikada 900 dan oshiq afg'on talaba "Fulbright" stipendiyasi asosida o'qib yoki izlanib, keyin dastur shartlariga ko'ra, vatanga qaytishi zarur bo'lgan. Ular ham bugun qiyin ahvolda, deydi huquq himoyachilari, chunki ularga toliblar AQShga sotilganlar sifatida qaraydi.

Xususan ayol mutaxassislar hozirda ishlay olmaydi. Buning ustiga xotin-qizlarning harakatlanishi va jamoat ishlariga qatnashishi cheklangan.

Hozirda afg'on ayollari uchun ham maxsus viza berish kerak, degan chaqiriqlar avj olgan.

Bayden ma'muriyati bunga ko'nmayapti. Davlat departamentiga ko'ra, hayoti tahdid ostida bo'lganlar boshpana so'rashi mumkin. Bunda BMT Qochqinlar idorasidan tavsiyanoma kerak.

P2 degan dastur ham bor. Unda Amerikaning turli loyihalarida ishlagan afg'onlar vizaga murojaat qilishi mumkin.

"Bu programma orqali kelayotganlar juda oz", - deydi Sintiya Hagemayer, Xalqaro qutqarish qo'mitasi eksperti.

Uning tasvirlashicha, dastur afg'onlarga haddan tashqari ko'p talablar qo'yadi, jumladan arizalar ko'rib chiqilayotgan paytda afg'onlar xorijga chiqishi kerak bo'ladi. Bu esa ularga oson emas, deydi Hagemayer, ayniqsa ayollarga.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG