Kanada hukumati joriy yil oxirigacha kamida 40 ming afg'on qochqinni qabul qiladi.
Mamlakat 2021-yilning avgustidan, ya'ni Tolibon hokimiyatga kelganidan beri Afg'onistondan 30 ming 600 muhojirga eshik ochgan.
Kanada Immigratsiya, qochqinlar va fuqarolik idorasi afg'onlar uchun maxsus dastur ishlab chiqqan.
Shu kungacha Kanada uning tashkilotlariga ishlagan 10 mingdan oshiq afg'onistonlikka boshpana bergan. 16 ming afg'onistonlik esa asosan bolalar va ayollar bo'lib, ular insonparvarlik nuqtai-nazaridan panoh olgan.
Ayni damda 18 mingdan oshiq afg'onistonlikning hujjatlari ko'rib chiqilmoqda. Bu jarayonda Kanada hukumati BMT Qochqinlar agentligi bilan ishlamoqda.
Afg'onlar tijoriy va charter reyslarda uchinchi davlatdan keladi.
"Vaziyat murakkab, qiyinchiliklar ham o'ziga xos", - deydi Kanada rasmiylaridan biri.
"Hujjatlar ma'qullangach, odamlarning yetib kelishi uchun ancha vaqt ketadi. Biz butun jarayonni nazorat qila olmaymiz. Qochqinlar qaysi davlatdan yo'lga chiqishiga qarab, ish tezroq yo sekinroq kechadi".
Kanada Afg'onistonda diplomatik vakolatxonaga ega emas. Biroq Kanadaning boshqa davlatlardagi konsulliklari afg'on qochqinlari bilan shug'ullanib, ularning ishini imkon qadar tezroq bitirish harakatida.
Ottava bu dastur uchun 80 million dollar ajratgan.
Xotin-qizlarni qabul qilish va ularga yordam berish, deydi rasmiylar, Afg'onistonga nisbatan siyosatning asosiy yo'nalishlaridan biri.
Inson huquqlari tashkilotlariga ko'ra, ayollar Tolibon hukmronligi ostida "yo'q odamlar"ga aylangan, ya'ni ularning erkinliklari bag'oyat cheklangan.
Huquq himoyachisi Lorin Oats Kanada hukumatini faqat xotin-qizlarni qabul qilishga chaqirmoqda.
"Chunki Afg'onistonda ayollar tasavvur qila olmaydigan darajada og'ir ahvolda. Jinsiy tahqirlash va ezish bu mamlakatda normal hol va biz unga ko'z yuma olmaymiz".
Qo'shma Shtatlar va Yevropa davlatlari 2021-yilning kuzidan beri o'nlab ming afg'on qochqinni kiritgan.
AQSh qo'shinlari Afg'onistonni tark etar ekan, 124 mingdan ziyod fuqaroni evakuatsiya qilgan. Ulardan 77 ming nafari Amerikaga kelgan. Ularga ikki yillik sinov muddati berilgan.
Qochqinlar bilan ishlaydigan Devon Koun deydiki, AQSh tomonidan qabul qilinish oddiy afg'onlar, xususan ayollar uchun juda murakkab.
"Hukumatimiz aynan afg'on xotin-qizlarga mo'ljallangan biror dasturga ega emas", - deydi Koun.
AQShning P-1 programmasi asosida har qanday mamlakatdan boshpana so'ragan shaxsning arizasi ko'rib chiqiladi. P-2 programmasi esa Amerika uchun ishlagan afg'onistonliklarga mo'ljallangan.
"Biroq Pokistondan turib, boshpana so'rayotgan afg'onlaarga madad ko'rsatilmayapti", - deydi Koun.
Imkoniyatlar shu qadar cheklanganki, deydi huquq himoyachisi, odamlar azobda yashashga majbur yo nobud bo'ladi
Davlat kotibi Entoni Blinken yaqinda Kongressda hisobot berar ekan, Afg'onistonda Amerika bilan hamkorlik qilgan fuqarolarga berilgan va'da bajariladi, deya ta'kidladi.
Bayden ma'muriyatiga ko'ra, qochqinlar dardi bilan shug'ullanish prioritetlardan biri.
Facebook Forum