Breaking News

Tolibon: Afg'oniston - terror o'chog'i emas


"Islomiy davlat Xuroson" to'dasi a'zolari, 2019-yilning 5-noyabrida olingan surat (SITE)
"Islomiy davlat Xuroson" to'dasi a'zolari, 2019-yilning 5-noyabrida olingan surat (SITE)

Afg'onistonda hukmron Tolibon shu kunlarda fosh etilgan ma'lumotni inkor etmoqda. Amerika harbiy tahlilchilariga ko'ra, bu mamlakat hamon "Islomiy davlat" terror tarmog'i tomonidan AQSh va uning hamkorlariga qarshi hujumlar uchun foydalanilmoqda, ya'ni xurujlar u yerdan rejalanmoqda. Kobuldagi rahbarlar bu xulosa asossiz, deya bong urmoqda.

Biroq maxfiy hujjatlar dalil sifatida keltirilayotgan tahlilda "Islomiy davlat Xuroson" G'arbni va uning manfaatlarini nishonga olishga bel bog'laganini ko'rsatgan.

Tolibon matbuot kotibi Zabihulla Mujohid 23-aprel kungi chiqishida bu xulosani soxta axborot deb atab, G'arbni toliblarga qarshi propagandada ayblagan.

"Tolibon Afg'onistonni butkul idora etmoqda va bu zaminning hech bir guruh tomonidan boshqalarga hujum qilish uchun qo'llashiga yo'l bermaydi", - deydi Mujohid.

"Islomiy davlat Xuroson" va boshqa terror to'dalari, deydi u, ulkan zarba yergan va barbod bo'lish yoqasida".

Mujohid deydiki, Tolibon hokimiyatni egallaganidan beri Afg'oniston osoyishta hayot kechirmoqda.

"Amerika bunday xabarlar bilan Afg'oniston xalqiga nafratidan hamon chekinmaganini ko'rsatmoqda", - deya qoralaydi Tolibon rasmiysi.

Kobulda Ramazon hayiti namozi, 21-aprel, 2023
Kobulda Ramazon hayiti namozi, 21-aprel, 2023

"The Washington Post" gazetasi tarqatgan xabarda Pentagon qo'lidagi ma'lumotlarga ishora qilinadi. Ularga ko'ra, "Islomiy davlat Xuroson" afg'on zaminida mahkam joylashib olgani, xorijdagi homiylari va a'zolariga tayanib, hujumlar ustida ishlayotgani haqida gap ketadi.

"Shu tariqa "Islomiy davlat" xavfsizlik to'siqlarini chetlab o'tishi mumkin, chunki hamla qilmoqchi bo'lgan davlatlarda vakillar va quvvatlovchilar bor", - deyiladi AQSh xulosasida.

Fosh etilgan hujjatlarda "Islomiy davlat" elchixonalar, cherkovlar, biznes markazlar va hatto Qatarda o'tgan yili kechgan jahon futbol chempionati paytida ham hujumlar qilmoqchi bo'lgani aks etadi.

Pentagon taxminicha, "Islomiy davlat" Afg'onistondan turib kamida 15 xuruj rejalagan.

AQSh Markaziy qo'mondonligi rahbari general Maykl Kurilla ham "Islomiy davlat" borasida xavotirlar kuchayganini ta'kidlagan.

"Hozirgi holatida bu guruh AQSh va umuman G'arbga qarshi olti oy ichida hamla qila oladi", - deydi qo'mondon Kongressda so'zlar ekan.

2001-2021 yillar orasida Afg'onistonda bo'lgan AQSh u yerda 2400 nafar zobitidan ayrilgan. 50 mingga yaqin afg'onlar, oddiy fuqarolar, halok bo'lgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG