Breaking News

Maxsus inspektor: AQSh yordami Tolibonni moliyalayotgan bo’lishi mumkin


AQShning Afg’onistonga yordamini nazorat qiluvchi idora rahbarining aytishicha, bu davlatga berilayotgan ko’makni Tolibon guruhi o’zlashtirayotgan bo'lishi mumkin, ammo Bayden ma’muriyati tekshiruvlarga yo’l bermayapti.

“Afsuski, bu qo’mitani yoki amerikalik soliq to’lovchilarni biz Tolibonni moliyalashtirmayapmiz deb ishontira olmayman. Biz kambag’al afg’on oilalar uchun yuborayotgan mablag’larni ham toliblar boshqa maqsadga yo’naltirmayapti deb ishonch bilan ayta olmayman”, - dedi Jon Sopko, Afg’onistonni qayta qurish bo’yicha bosh inspektor (SIGAR) agentligi rahbari.

U Vakillar palatasining Nazorat qo’mitasida so’zladi. Palatada ko’pchilikni tashkil etuvchi respublikachilar AQSh qo’shinlari 2021-yilning avgustida Afg’onistonni tartibsiz tark etganini tekshirmoqda.

Afg’onistonni qayta qurish bo’yicha bosh inspektor (SIGAR) agentligi rahbari Jon Sopko
Afg’onistonni qayta qurish bo’yicha bosh inspektor (SIGAR) agentligi rahbari Jon Sopko

O’tgan hafta Oq uy eng uzoq davom etgan urushni yakunlash arafasida qilingan qarorlar bo’yicha 12 betli xulosasini ommaga taqdim etdi. Unda Donald Trampning qarorlari Jo Baydenni bu masalada “qattiq cheklab qo’ygani” haqida gap boradi.

Respublikachilar partiyasi Baydenning Afg’oniston bo’yicha qarorlarini “falokat” va “yetakchilikning hayratlanarli darajadagi pand berishi” deya tanqid qilib keladi. Pentagon va Davlat departamenti o’tkazgan tekshiruvni ular noxolis deb biladi.

Oq uy maxfiy hisobotini Kongressga topshirgan va u ommaga ko’rsatilmaydi.

Jon Sopko 2012-yilda vazifasiga kirishgan. U Afg’onistonda amerikalik harbiylar ko’p bo’lgan davrda AQShning bu mamlakatdagi xarajatlarini nazorat qilar edi. Hozirda SIGAR AQSh Afg’oniston uchun ajratgan 8 milliard dollar qanday sarflanishini kuzatishga o’tgan.

Mamlakatda endi AQSh zobitlari yo’q ekan, deydi Sopko, katta miqdordagi pullarni monitoring qilish deyarli imkonsiz.

Unga ko’ra, AQSh Davlat departamenti va Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) SIGAR tekshiruvida hamkorlik qilishdan bosh tortmoqda. Sopko zarur hujjatlarni qo’lga kiritishda Kongressdan yordam so’ramoqda.

“Bosh inspektor qanday ma’lumotlarni qo’lga kiritishi, kim bilan gaplashishi va nimalar haqida hisobot berishini agentliklar hal qiladigan vaziyatga jim qarab tura olmaymiz. Agar shunday davom etsa, SIGAR Afg’oniston bo’yicha faoliyatini to’xtatadi. Bu degani, Kongress ma’muriyat ustidan mustaqil va ishonchli nazorat olib borish imkoniyatidan ham ayriladi”, - deydi u.

Sopko ilgari hech bir ma’muriyatda bu darajadagi “chalkashlik va kechikishlar” bilan yuzlashmaganini aytadi. Tanqidlarga demokrat kongressmen Kvesi Mfume ham qo’shilib, davlat idoralarini tekshiruvda hamkorlik qilishga undadi.

Oq uy esa Vakillar palatasida o’tgan tinglovni respublikachilarning navbatdagi “siyosiy nayrangi” deya atadi.

“Minglab sahifa hujjatlar, tahlillar, elektron jadvallar va savollarga yozma javoblar, shuningdek, yuzlab brifinglar taqdim etganmiz”, - deydi Oq uy vakili Ayen Sems.

USAID ham SIGAR agentligiga minglab hujjatlarni berganini bildirmoqda. Davlat departamenti bu masala bo’yicha “Amerika Ovozi”ga izoh bermadi.

AQSh qo’shinlari Afg’onistonni tark etganidan beri SIGAR bir necha hisobot chiqargan. Ularda ham Bayden, ham Trampning qarorlari tanqidga olinadi.

Sopkoning tasvirlashicha, so’nggi ikki yilda SIGAR Afg’onistondan evakuatsiya, qochoqlarni joylashtirish, gumanitar yordam va uning qanday taqsimlanishi yuzasidan hujjatlarni qo’lga kiritishga, amaldorlardan intervyu olishga harakat qilgan, ammo agentlik sa’y-harakatlari bloklangan.

Shunga qaramay, agentlik Afg’onistondagi urushda ham, qo’shinlarni olib chiqishda ham qatnashgan 800 ga yaqin amaldagi va sobiq rasmiylarni savolga tutishga muvaffaq bo’lgan.

“Eng aniq ma’lumotlar, masalan shartnoma matnlari va odamlarning ismlari kerak bizga. Bularni qonun bo’yicha Davlat departamenti va USAID berishi kerak”, - deydi Sopko.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG