Breaking News

Eron, Afg'oniston suv ziddiyatini yechishga urinmoqda


Hilmand daryosi suvi yuzasidan kelishmovchiliklar - Eron va Afg'onistondagi orasidagi eng dolzarb masalalardan biri
Hilmand daryosi suvi yuzasidan kelishmovchiliklar - Eron va Afg'onistondagi orasidagi eng dolzarb masalalardan biri

Eron hukumati Afg'onistonning tan olinmagan rahbariyati bilan Hilmand daryosi yuzasidan muzokarada. Tashqi ishlar vazirligiga ko'ra, Kobul bilan so'nggi muloqot ijobiy yakunlangan.

Tehron muammoni hal etishga bel bog'lagan, deydi rasmiylar. Hasan Kozimiy Qomiy - Afg'onistonga elchi sifatida bu borada bosh diplomat.

Eron Tolibonni Hilmand daryosi suviga to'siqlar qo'yayotganlikda ayblab keladi. O'tgan hafta ziddiyat keskinlashib, otishma yuzaga kelgan va bir tolib o'lgan.

Prezident Ibrohim Raisiy Kobulni Eronning suv huquqlarini buzmaslikka chaqirgan. Daryo islomiy respublika tomon oqadimi, suv unga ham yetib kelishi kerak, deydi u.

Eronning Siston va Baluchiston viloyatida 18-may kungi nutqida Raisiy qo'shni davlatni xalqaro qonunlarni buzayotganlikda qoralagan.

Tolibon Tashqi ishlar vaziri Amir Xon Muttaqiy deydiki, Afg'oniston 1973-yilda Eron bilan imzolangan suv bitimiga sodiq. Lekin, deydi u, mamlakat qurg'oqchilik bilan yuzlashmoqda va afg'on xalqiga ham suv zarur.

Ekspert Fotima Omon tahlilicha, masala o'ta siyosiylashgan, ya'ni tomonlar bir-biriga kuchini ko'rsatishga o'tgan.

1973-yilda imzolangan bitim Afg'onistondan Eronga normal yilda Hilmand daryosidan kamida 850 million kubometr suv uzatishni talab qiladi
1973-yilda imzolangan bitim Afg'onistondan Eronga normal yilda Hilmand daryosidan kamida 850 million kubometr suv uzatishni talab qiladi

Omon deydiki, bu mojaro asrlardan beri davom etadi.

"Qurg'oqchilik kuchayishi bilan suv talash", - deydi u.

Afg'onlar va forslar ilk bor bu masalaga bahslashmayapti.

1973-yilda imzolangan bitim Afg'onistondan Eronga normal yilda Hilmand daryosidan kamida 850 million kubometr suv uzatishni talab qiladi

Eron bu suvning atigi 4 foizini olgan. 1150 kilometrlik daryo Afg'onistonda oqar suvning 40 foizdan oshig'iga to'g'ri keladi. Janub va janubi-g'arbiy viloyatlar uchun Hilmand daryosi - ob-hayot, deydi toliblar.

Biroq Eronning Hamun ko'li uchun ham asosiy manba.

Iqlimdagi salbiy o'zgarishlar birlamchi omil, deydi mutaxassislar, yechim topilmasa, mojaro keskinlashishi tayin.

Amerikalik ekspert Maykl Oxanlon nazarida tomonlar urushga bormaydi.

"Tehron va Kobul kelishish yo'lini izlayotgani aniq va topishi kerak", - deydi u.

Eron-Tolibon dialogi, Tehron, 9-yanvar, 2022
Eron-Tolibon dialogi, Tehron, 9-yanvar, 2022

Toliblar uchun Eron do'st emas, deya eslatadi siyosatdonlar. 1990-yillarda Tehron toliblarga qarshi afg'onlarni quvvatlagan. 1998-yilda Mozori-Sharifda toliblar Eronning to'qqiz diplomatini o'ldirgan.

Biroq har ikkisi AQShga qarshi ekan, 2020-2021 yillarda orada hamkorlik kuzatilgan.

Tehron Tolibonni Afg'onistonning yangi hukumati sifatida e'tirof etmasa-da, unga Erondagi elchixonani yuritish uchun ruxsat bergan.

O'tgan ikki yildan beri diplomatik hamjihatligi haqida maqtanib kelayotgan Eron va Tolibon Hilmand daryosi suvini bo'lisha oladimi?

AQShning Afg'onistondagi sobiq elchisi Rayan Kroker bunga shubha bilan qaraydi.

"Aloqalar bag'oyat murakkab, o'zaro ishonch past", - deydi Kroker.

"Mintaqaga hozir bu ziddiyat hech kerakmas".

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG