Breaking News

Tolibon: Aqlli afg'onlar Afg'onistonga kerak


Amir Xon Muttaqiy, Tolibonning Tashqi ishlar vaziri Islomobodda so'zlamoqda, 8-may, 2023
Amir Xon Muttaqiy, Tolibonning Tashqi ishlar vaziri Islomobodda so'zlamoqda, 8-may, 2023

Tolibonga ko'ra, G'arb davlatlari afg'onlarni ona yurtidan olib chiqib ketmasligi kerak, chunki kasb-hunarli va ziyoli fuqarolar Afg'onistonning o'ziga zarur.

Tan olinmagan boshqaruvning iddao qilishicha, mamlakat bugun tinch va oldingi hukumatga ishlaganlarni hech kim bezovta qilmaydi. Erkin yashash, ishlash imkoniyati mavjud, deydi rasmiylar.

"Afg'onlar go'yoki vatanida o'ldirilishi mumkin, degan vahima bilan ularga boshpana berishni bas qiling", - deydi Tolibon Tashqi ishlar vaziri Amir Xon Muttaqiy.

"Iste'dodlarimiz, olimlarimiz, mutaxassislarimiz - Afg'onistonning g'ururi. Ular vataniga kerak".

O'tgan ikki yilda o'nab ming afg'onlar Amerikaga ishlagani uchun yoki boshqa davlatlar bilan hamkorlik qilgani sabab xorijga ketgan. Ular Tolibon zulmidan qo'rqadi.

BMT sarhisobicha, Kobuldagi hozirgi boshqaruv chet elga sotilgansan deya minglab afg'onlarni qamagan, qiynoqqa solgan, qatl etgan. Tolibon buni inkor etadi.

Kobulda xayriya tashkilotlaridan yordam so'rab turgan xotin-qizlar, 23-may, 2023
Kobulda xayriya tashkilotlaridan yordam so'rab turgan xotin-qizlar, 23-may, 2023

AQSh, Kanada va Yevropa davlatlari 2021-yilning avgustidan beri 150 mingdan oshiq afg'onni qabul qilgan.

Tolibonning Axborot va madaniyat vaziri Xayrulla Xayrhavo Kobul universiteti o'qituvchilariga immigratsiya taklifi kelgani haqida shikoyat qilgan. Universitetdan qariyb 400 mutaxassis hozirgacha vatanni tark etgan. Ular bosimdan noliydi.

Yuzlab afg'on jurnalistlar ham xavfdan qochib, muhojirga aylangan.

Migratsiya - tahlikali jarayon, ayniqsa agar noqonuniy yo'llar tanlansa. Yevropaga ketayotgan o'lgan 18 afg'onning jasadi shu kunlarda yurtiga olib kelindi. Bu yilning o'zida yuzlab afg'onlar, Amerika va Yevropaga intilar ekan, suvlarda va dashtliklarda nobud bo'lgan.

Tolibon bunda ham G'arbni ayblamoqda. Sanksiyalar, yakkalanish, terrorizmdan shubhalanish va boshqa ayblovlar ostida Kobuldagi rahbarlar Amerika va uning ittifoqchilari shartlarini bajarmayapti. Xalqaro hamjamiyat uni Afg'onistonning rasmiy ma'muriyati deb hisoblamaydi.

Kobulda to'yga kelgan toliblar, 27-may, 2023
Kobulda to'yga kelgan toliblar, 27-may, 2023

2014-2022 yillar orasida 1645 nafar afg'on bedarak yo'qolgan.

BMTga ko'ra, muhojirlar manbai sifatida Afg'oniston hozir Suriya, Venesuela va Ukrainadan keyingi to'rtinchi o'rinda.

Tolibonning bayon qilishicha esa o'qimishli odamlarga vatanda ish ko'p.

"Geodeziyada yoki energetika sohasida ilmiy ish qilganlarni bugunoq yollaymiz", - deydi Shahobiddin Dilovar, Tolibonning konchilik vaziri.

Biroq tizim ayollarni kamsitadi, ozchilikdan chiqqanlarni to'laqonli fuqaro deb bilmaydi.

Tolibon Afg'onistonning bosh qomusini bekor qilib, parlamentni yopgan va boshqa organlarni yo'qqa chiqargan, jumladan saylov komissiyasi, huquq himoyasi bilan shug'ullanadigan tashkilotlar va oldingi tuzumning bir qismi bo'lgan yoki u registratsiya qilgan har qanday muassasani.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG