Jurnalist Zahro Nodir Kanada universitetidagi kichik ofisdan afg'on ayollari masalalariga bag’ishlangan ommaviy axborot vositasini boshqarmoqda.
Uning maqsadi ayollar o'z tajribasini o'z so'zlari bilan baham ko'rishlari mumkin bo'lgan platformani yaratish.
33 yoshli Zahro bir necha yil davomida Afg‘onistonda jurnalist bo‘lib ishlagan. 2017-yilda u o'qish uchun Kanadaga ko'chib o'tdi.
O'sha paytda Afg'onistonda hali ham u kabi ayollar erkin ishlay oladigan faol matbuot mavjud edi.
Ammo Tolibon hokimiyatni egallab, ommaviy axborot vositalari erkinligi cheklangach, ayollarning ishlashi qiyinlashdi. Zahro esa bu haqdagi yangiliklarni yoritishda bo'shliqni ko'rdi. 2022-yil avgust oyida u quvg‘inda yashayotgan afg‘on jurnalistlari tomonidan tashkil etilgan axborot saytlaridan biri – “Zan Times”ga asos soldi.
Yangiliklar veb-sayti Zahroning boshqa maqsadlarini ham aks ettiradi. U Torontodagi York universitetida gender va ayollar masalalari bo'yicha doktorant.
Hozirda “Zan Times” ayollar muammolarini yoritadi. U atrof-muhit va LGBTQ+ kabi masalalarni ham qamrab olishni rejalashtirmoqda.
"Biz Afg'oniston jamiyatining marginal va kam ta'minlangan qatlamlarining ovozi bo'lishni xohlaymiz", - dedi Zahro.
Xalqaro kuzatuvchilarga ko’ra, 2021-yil avgustida Tolibon hokimiyatni egallab olganidan keyin Afg‘onistonda inson huquqlari bilan bog‘liq vaziyat yomonlashgan.
Tolibon "asosiy huquqlarni, xususan, ayollar va qizlar huquqlarini keskin cheklovchi siyosat joriy qildi", deyiladi “Human Rights Watch” bayonotida.
Qizlarning o‘rta ta’lim va oliy o‘quv yurtlariga borishi, davlat va nodavlat tashkilotlar bilan ishlashlari, yaqin erkak qarindoshisiz uzoq masofalarga sayohat qilishlari taqiqlangani ana shunday cheklovlar qatorida.
“Tolibon” harakati matbuot kotibi Zabihulloh Mujohid “Amerika Ovozi” bilan suhbatda ommaviy axborot vositalariga cheklovlar joriy etilganini rad etdi.
“[Jurnalistlar] [hokimiyatni] soʻroq qilishlari, ochiq muhokamalar va mustaqil hisobotlar oʻtkazishlari mumkin”, - dedi u.
U, shuningdek, ayol jurnalistlarga nisbatan tahdid yoki cheklovlarni rad etib, ayollar matbuot sohasida ishlayotganini ta’kidladi.
Ammo Zahroning aytishicha, afg'on ayollari "tajovuzga uchramoqda".
"Jurnalist sifatida bizning vazifamiz nima bo'layotganini xabar qilish va hujjatlashtirishdir", - dedi u.
Jurnalistikaga bo'lgan sadoqati tufayli Zahro shu yil boshida Jurnalistikadagi ayollar koalitsiyasining Keti Gannon merosi mukofotiga sazovor bo'ldi.
Mukofot Afg‘onistonda xizmat safari chog‘ida og‘ir yaralangan faxriy “Associated Press” muxbiri Gannon sharafiga joriy qilingan.
Zahroning “Zan Times” jamoasi 12 nafar toʻliq va toʻrtta yarim shtatli jurnalistlarni oʻz ichiga oladi. Afgʻonistonda ham ayol muxbirlari bor.
"Afg'onistondagi barcha muxbirlarimiz ayollar", - dedi u "Amerika Ovozi" bilan suhbatda.
Tolibon hokimiyatni egallagach, Afg'onistonda jurnalistlar, xususan ayol jurnalistlar soni keskin kamaydi.
“Chegara bilmas muxbirlar” tashkiloti Afg‘onistonning 34 viloyatidan 11 tasida hozirda birorta ham ayol jurnalist ishlamayotganini aytdi.
Zahroga ko’ra, Afg'onistondagi ayollar Tolibon davrida jamiyat hayotidan "olib tashlanayotgani" uchun ularga ovoz berish muhim.
1990-yillarda Tolibon hokimiyatni birinchi marta qo‘lga kiritganida Zahro va uning oilasi Afg‘onistondan Eronga ketishga majbur bo‘lgan. O’shanda u yosh bola edi. Zahro Eronda qochqin sifatida yashagan. Uning ta'lim olishiga ruxsat berilmagan.
“Hozir Afg’onistonda millionlab ayollar va qizlar xuddi shunday tajribani boshidan kechirmoqda, - deydi Zahro. - Men qizlarning bundan yashab o'tishini xohlamayman".
2001-yil Tolibon hukumati qulagandan keyin Zahroningoilasi Afg‘onistonga qaytdi va u ta’lim olish imkoniyatiga ega bo’ldi.
"Maktabimiz uchun bino yo'q edi. Biz chodirlarda o'qidik. Lekin men ta'lim olish huquqiga ega bo'lganimdan xursand bo'ldim", - deya eslaydi u.
"Shuning uchun men jurnalist sifatida dunyo afg'on qizlari va ayollarini eshitishiga ishonch hosil qilmoqchiman", - deya qo’shimcha qiladi afg’onistonlik ayol.
Facebook Forum