AQSh Davlat departamentining moliyaviy shaffoflik xususida bu yilgi xalqaro hisobotida 141 davlat tahlil qilingan. Ulardan 72 tasi oshkoralik me'yorlari bo'yicha minimal talablarga javob bergan. Ular orasida Markaziy Osiyodan Qozog'iston va Qirg'iziston bor. O'zbekiston, Tojikiston va Turkmaniston hamda qo'shni Afg'oniston shaffof bo'lmagan tizimlar orasida.
Sistema tekshirilgan davr mobaynida O'zbekiston hukumati byudjetini omma e'tiboriga havola etgan, jumladan onlayn tarzda. Biroq jamoatchilikka ko'rsatilgan hujjat amaldagi byudjet bo'lmagan.
Davlat qarzi va davlatga tegishli bizneslarning moliyasi to'liq ma'lum qilinmagan.
Odamlar tanisha olgan materiallarda asosan rejalar namoyon bo'lgan. Lekin vazirliklar, davlat kompaniyalari va boshqa organlarning moliyaviy faoliyati, xarajatlari va daromadlari haqida hisobotlar berilmagan.
O'zbekiston hukumati byudjetdagi tashqari hisoblarga ham ega va ular audit va nazoratdan yiroq, deya xulosa qiladi Davlat departamenti.
Harbiy va razvedka byudjetlari ham parlament va jamoatchilik ko'zidan olisda.
Tabiiy resurslardan keladigan daromad ham ommaga oshkor etilmaydi, chunonchi bu sohadagi faoliyatni, jumladan shartnoma va litsenziyalarni e'lon qilishni ta'minlovchi tartib-qoidalar bor.
Davlat mustahkam qonuniy asoslarga ega, deyiladi hisobotda, shu bois moliya qayerga ketayotganini ko'rsatish qiyin kechmasligi kerak.
Audit institutlari, umuman olganda, xalqaro standartlarga javob beradi, deb topilgan.
Moliyaviy shaffoflikni kuchaytirish uchun Vashington Toshkentga quyidagilarni tavsiya qilmoqda:
- Byudjet amaliyoti, xususan davlat kompaniyalari ishini aks ettiruvchi hujjatlar ochiq bo'lsin;
- Davlat bizneslari daromadi va xarajati yashirilmasin;
- Vazirlik va agentliklarning byudjetlari batafsil taqdim etilsin;
- Byudjetdagi tashqari byudjetlardan voz kechib, barcha hisoblar audit qilinsin;
- Harbiy va razvedka byudjetlari parlament tomonidan tekshirilsin, fuqaro ularni nazorat qila olsin.
Qo'shni davlatlarga ham Davlat departamentidan shunday rekommendatsiyalar berilgan.
Odatda hukumatlar Amerikaning bunday hisobotlariga bevosita munosabat bildirmaydi. Bildirsa-da, masalan Xitoy, AQShni uning ichki ishlariga aralashayotganlikda ayblaydi.
Davlat departamentiga ko'ra esa Amerika tahlil qilingan davlatlar bilan siyosiy-iqtisodiy va serqirra aloqalarga ega va u tizimlar qanday ishlashi va eng muhimi, qanchalik shaffof ekanini bilishdan manfaatdor.
Facebook Forum