Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotining (YXHT) Demokratik institutlar va inson huquqlari bo'yicha idorasi chiqargan hisobotga ko'ra, O‘zbekistonda navbatdan tashqari o'tkazilgan prezidentlik saylovi texnik jihatdan yaxshi tayyorlangan, ammo siyosiy raqobatsiz o'tgan.
Ijobiy jihati shundaki, deyiladi bayonotda, so‘nggi huquqiy islohotlar idoraning avvalgi ba’zi tavsiyalarini inobatga olgan, biroq asosiy erkinliklar hanuz cheklanganligicha qolmoqda.
Mamlakatda saylov jarayonini kuzatgan YXHT missiyasi ovoz berish paytida huquqbuzarliklar sodir bo'lganini ham qayd etgan.
"Quyi darajada kechgan saylov kampaniyalarida saylovchilar bilan faol aloqaga kirishish kuzatilmagan va saylov kuni muhim protsessual qonunbuzarliklar kuzatilgan", - deyiladi xalqaro kuzatuvchilar missiyasi tayyorlagan hisobotda.
Missiyaga ko'ra, ovozlarni sanash paytida qoidabuzarliklar aniqlangan.
"Umuman olganda, sanoq va yakuniy natijalarni hisoblash, 1990-yildagi YXHT Kopengagen hujjatining 7.4-bandiga muvofiq, qanchalik halol o'tgani savol ostida. Butun kun davomida kuzatuvchilar o'zlari tashrif buyurgan saylov uchastkalarida ovoz berganlar soni va rasman eʼlon qilingan dastlabki raqamlar oʻrtasida farq borligini aniqlagan", deyiladi hisobotda.
Markaziy Saylov Komissiyasi bergan xabarga ko'ra, 9-iyul kuni O'zbekistonda kechgan prezidentlik saylovida amaldagi davlat rahbari Shavkat Mirziyoyev 87,05 foiz olgan va prezidentlikka qayta saylangan.
AQShning O‘zbekistondagi elchixonasi ham bayonot chiqarib, YXHT xulosasiga qo'shilishini, saylov haqiqiy siyosiy plyuralizm va raqobatsiz muhitda o‘tganini ma'lum qildi.