"Ozodlik" bilan eksklyuziv suhbatda AQShning O‘zbekistondagi elchisi Jonatan Henik o‘zbek rasmiylarini so‘z va matbuot erkinligini hurmat qilishga chaqirdi.
U qator mahalliy blogerlarga qarshi jinoyat ishlari xavotirga sabab bo‘layotganini urg‘uladi. AQSHning yuqori martabali diplomati, shuningdek, O‘zbekiston prezidenti administratsiyasidagi o‘zgarishlar, prezident Mirziyoyevning siyosati va muxolifat haqidagi fikrlari bilan ham o‘rtoqlashdi.
"Ozodlik" o‘z savollariga Jonatan Henikdan uning Termiz shahriga tashrifi chog‘ida javob oldi.
- Suhbatimizni O‘zbekiston yuqori hokimiyatidagi oxirgi o‘zgarishlardan boshlasak. Prezident administratsiyasining yangi tuzilmasi va tarkibi haqidagi xabarlarni kuzatgan bo‘lsangiz, qanday fikrdasiz?
Jonatan Henik: (Kuladi) Aslida bu savolni men sizga berishim kerak... Biz yuz berayotgan o‘zgarishlar haqidagi xabarlarni hali kuzatyapmiz. Bu nimani anglatishini tushunishga harakat qilyapmiz. Lekin O‘zbekiston va Amerika Qo‘shma Shtatlari o‘rtasidagi hamkorlikka bu qandaydir ta’sir ko‘rsatadi, deb o‘ylamayman.
- So‘nggi oylarda qator mahalliy jurnalist va blogerlar hibsga olindi, ular ustidan tergov va mahkama jarayonlari bo‘lib o‘tdi, o‘tmoqda. Ularning barchasiga bir-biriga o‘xshash jinoiy, moliyaviy ayblar qo‘yilmoqda. Ayni paytda boshqa bloger va jurnalistlarning qo‘rqitilgani, tahdid etilgani haqidagi xabarlarni ham olyapmiz. Bu tergov va sud jarayonlari hamda umuman, O‘zbekistondagi so‘z erkinligining ahvoli haqidagi fikringizni bilmoqchi edik.
Jonatan Henik: O‘zbekiston oxirgi bir necha yilda matbuot erkinligi borasida ulkan qadamlarni qo‘ydi. Ammo shu bilan birga, blogerlarga qarshi jinoyat ishlari tashvishga sabab bo‘lmoqda. Men O‘zbekiston hukumatini matbuot, so‘z va ifoda erkinligini hurmat qilishda davom etishga chaqiraman. Hukumat bu jinoyat ishlari ortida siyosiy sabablar turmaganiga amin bo‘lishi kerak, deb hisoblayman. Bir vaqtning o‘zida matbuot va blogerlardan ham yuqori kasb etikasi va professionalizmga amal qilishlarini so‘rab qolaman. Bu O‘zbekistonda so‘z va matbuot erkinligining rivojlanishi uchun muhim.
- Prezident Shavkat Mirziyoyev konstitutsiyani o‘zgartirdi va konstitutsiyadagi ikki muddat o‘rniga uchinchi muddat prezidentlikka saylandi. Bu shundoq ham prezident mutlaq hokimiyatga ega bo‘lgan O‘zbekistonda avtoritar tendensiyalarning yanada kuchayishi haqidagi xavotirlarga sabab bo‘ldi. AQSH hukumatida ham shunday xavotir bormi?
Jonatan Henik: Qanday hukumatga ega bo‘lish va necha marta prezident saylashni O‘zbekiston va O‘zbekiston xalqining o‘zi hal qiladi. O‘ylashimcha, prezident (Mirziyoyev) O‘zbekiston xalqi orasida haqiqatan ham katta obro‘ga ega. Men uning siyosiy va iqtisodiy islohotlarni davom ettirish yo‘lidagi qat’iyatini hurmat qilaman. Ammo uzoq muddatda demokratik rivojlanishning davom etishi uchun O‘zbekistonda davlat ro‘yxatidan o‘tgan muxolifat partiyalarining bo‘lishi, o‘zbek saylovchilari kelgusi saylovlarda ko‘proq va haqiqiy tanlovga ega bo‘lishlari kerak, deb hisoblayman.
-O‘zbek rasmiylari bilan muzokaralarda biron-bir aniq siyosiy muxolifat partiyasini ro‘yxatdan o‘tkazish masalasi ko‘tarilganmi? Masalan, shu kunlarda ikkinchi marta ro‘yxatdan o‘tkazish so‘rovi rad qilingan professor Xidirnazar Allaqulov partiyasi?
Jonatan Henik: Men aynan uning (Allaqulovning) partiyasi masalasini ko‘targanim yo‘q, ammo O‘zbekistonda muxolifat partiyalarini ro‘yxatdan o‘tkazish masalasini eng yuqori darajadagi mulozimlar bilan muhokama qilganman.
- Qo‘shma Shtatlar O‘zbekistondagi islohotlarni qo‘llab-quvvatlashini aytib keladi. Buni siz ham ta’kidladingiz. Gap qaysi islohotlar haqida bormoqda? Siz O‘zbekiston demokratiya tomon harakatlanyapti, deb hisoblaysizmi?
Jonatan Henik: O‘zbekiston demokratiya tomon yurmoqda. Ammo demokratiya, bu – bitta qolipdagi, hammani bir manzilga olib boradigan tushuncha emas. Bu yo‘lda har bir davlat o‘zining xususiyatlaridan kelib chiqib harakat qiladi. Demokratiya sari yo‘l silliq bo‘lmaydi, ba’zida oldinga yurilsa, ba’zan orqaga qadam tashlanishi mumkin. Shubhasiz, biz O‘zbekistondagi demokratik jarayonlarni qo‘llab-quvvatlaymiz, ayni paytda bu jarayonda qandaydir kamchiliklarni ko‘rsak, bu haqda ochiq-oydin gapirishdan tortinmaymiz. Bizning O‘zbekiston haqidagi yillik inson huquqlariga doir hisobotimizni ko‘rsangiz, u yerda o‘zimizning xavotirlarimizni tilga olamiz.