Arizona cho’llari orqali yuzlab muhojirlar AQSh hududiga kirishga urinmoqda. Kontrabandachilar yordamida Afrika va Osiyodan kelgan migrantlar 50 darajaga yaqin issiqda yayov chegarani kesib o’tmoqda.
Chegara xizmatining Tuson sektori iyul oyida 2008-yildan beri birinchi marta AQSh-Meksika chegarasidagi eng gavjum sektorga aylandi. Muhojirlar orasida Pokiston, Xitoy va Mavritaniya kabi uzoq mamlakatlardan kelganlar ko’paygan.
"Hozir biz dunyoning turli burchaklaridan kelgan odamlarga duch kelyapmiz, - deydi Tuson sektori chegara xizmati boshlig'i o'rinbosari Jastin De La Torre. - Bu yerda haqiqiy favqulodda vaziyat, haqiqiy qiyin vaziyat yuzaga chiqqan".
Patrul boshqa idoralardan, shu jumladan, Immigratsiya va bojxona nazorati va Transport xavfsizligi boshqarmasidan muhojirlarni tezroq boshqa xavfsiz joyga ko’chirishda yordam so'ramoqda.
Baland po'lat devor darvozasi toshqinlar mavsumi tufayli iyun oyining o'rtalaridan beri ochiq. Agar ochilmasa, kuchli yomg'irdan hosil bo’lgan suv yopiq darvozalarga, devorga, hududdagi o'simlik va hayvonot dunyosiga zarar yetkazishi mumkin. Ammo migrantlar darvozalar yopiq bo‘lsa ham, ba’zan qulflarni sindirish yoki devordagi bo‘shliqlardan sirg‘alib o‘tish orqali AQShga kirishda davom etmoqda.
Chegara xizmatining kichik Ajo stansiyasi xodimlari avgust oyining birinchi dam olish kunlarida chegaradan yarim soatlik shimolda bir nechta katta muhojir guruhlariga duch kelishdi. Tuson sektori iyul oyida 39 215 migrantni hibsga oldi. Bu iyun oyiga nisbatan 60 foizga ko'p. Rasmiylarga ko’ra, raqamlardagi keskin o’sish muhojirlar bu yerdan o‘tsa, Qo‘shma Shtatlarga osonlikcha qo‘yib yuborilishi haqidagi kontrabandachilarning yolg‘on reklamalari bilan bog‘liq.
Migrantlar birinchi navbatda qabul qilish markaziga olib boriladi; u yerda agentlar odamlarning ismlari va mamlakatlariga oid ma'lumotlarni olib, so’ng ularni 48 kilometr uzoqlikdagi Ajo stansiyasiga olib boradi.
AQSh hukumati ma'lumotiga ko'ra, qariyb 3 200 kilometrlik AQSh-Meksika chegarasining istalgan joyidan noqonuniy kesib o'tganlik uchun hibsga olishlar iyun oyidan iyul oyigacha 33 foizga oshgan. Bu may oyida boshpana berish bo'yicha yangi cheklovlar kiritilganidan keyin kuzatilgan pasayishni yo’qqa chiqargan.
De La Torrening so'zlariga ko'ra, mintaqadagi aksariyat muhojirlar boshpana so'rab murojaat qiladi; uni olish esa kafolatlanmagan.
Chegara bo'ylab havo va quruqlik orqali migrantlarni qutqaruv ishlari ham bu yil ko'paygan. 31-iyulda tugaydigan 10 oylik davrda ular soni 28 537 kishini tashkil etgan. 2022-yil 30-sentabrda yakunlangan 12 oylik davrda ular soni 22,075 ga teng edi, deydi rasmiylar. Iyul oyining o’zida 2776 muhojir qutqarilgan.
Qutqaruv ishlari avgust oyida ham davom etdi, jumladan “Black Hawk” vertolyoti 15 yoshli gvatemalalik bolani uzoq janubiy Arizona tog'idan topib olgan. Ko'p o'tmay, Organ quvurining sharqidagi keng cho’l zonasidan “911” raqamiga qo'ng'iroq qilgan gvatemalalik odam ham qutqarilgan.
Ayrim faollar yaqinda Ajo stansiyasi oldida norozilik namoyishi o‘tkazib, muhojirlar ochiq havoda saqlanayotganidan, u yerda yetarlicha soya yo‘qligigan shikoyat qildi. Patrul xodimlarining ta'kidlashicha, kattaroq markazlarga olib ketish uchun navbatini kutayotgan katta yoshdagi odamlargina bir necha soat tashqarida va soyabon ostida saqlanmoqda. Ichkarida ayollar, bolalar va zaif odamlar uchun joy qilingan. O'rtacha kutish vaqti 15 soatni tashkil etmoqda.
Migrantlar sonidagi o’sish gumanitar guruhlar uchun ham qiyinchiliklar tug'dirmoqda.
Chegara bilmas samariyaliklar tashkiloti bilan ishlaydigan nafaqadagi maktab o'qituvchisi Vingo yorqin ko'k rangli oltita suv plastik bochkalarni to'ldirish uchun haftasiga bir necha marta chegaraga qatnaydi. U va boshqa ko‘ngillilar duch kelgan muhojirlarga shlyapa, ro’mol, yegulik va muzdek suv tarqatmoqda.
"Bu odamlarning ko'pchiligi o'zlarini qanday qiyinchiliklarga duchor qilishlarini bilmay, sahroga kelishmoqda”, - deydi Vingo.
Vingoning aytishicha, u jazirama issiqdan ko’proq zarar ko’rishi bo'lishi mumkin bo'lgan homilador va emizikli ayollar va qariyalarga alohida e'tibor beradi. Yaqinda u hindistonlik 89 yoshli diabetga chalingan ayolga duch keldi. Ayol Feniks kasalxonasiga olib ketilgan.
Migrantlar orasida halok bo’layotganlar ham bor.
Pima okrugi tibbiy ekspertizasi idorasi bilan raqamlarni kuzatish va xaritalash bo’yicha ishlaydigan “Human Borders” notijorat tashkilotiga ko'ra, iyul oyida janubiy Arizonada chegarani kesib o'tishga uringani gumon qilingan 43 kishining jasadi topilgan; ularning yarmi yaqin kunlarda vafot etgani aniqlangan.