Breaking News

Sun'iy intellekt odamlarni "qayta tiriltiradimi?"


Sun'iy intellekt "qayta tirilish"ni taklif qilmoqda
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:35 0:00

2023-yilda sun’iy intellektdan foydalanishning yangi usuli urfga kirdi. Ba'zi kompaniyalar odamlarning o’xshash chehrasini, hatto vafot etganlarning avatarlarini yaratish ustida ishlamoqda.

Bir necha startap kompaniya odamlarning vafot etgan yaqinlari bilan aloqada bo'lishiga imkon beruvchi sun'iy intellekt xizmatlarini taklif qilmoqda.

"Qayta tirilish" deb atalayotgan narsa orqali marhumning ijtimoiy tarmoqdagi ma'lumotlari - rasmlari, ovozli va matnli xabarlari, elektron pochta va boshqa yozishmalari asosida chat botlari yoki virtual qiyofa yaratiladi.

Maykl Yang sun'iy intellekt yordamida virtual qiyofalarni yaratuvchi “DeepBrain AI” kompaniyasida ishlaydi.

“Aytaylik, men sizni yaratmoqchiman. Studiyaga boramiz, sizni tasvirga olamiz, siz esa kamera qarshisida 300-500 ta gapni o‘qiysiz. Shu tariqa bizda asl videolar bo’ladi. Keyin biz bir oy shu video asosida texnologiyani o'rgatamiz. Bir oylik treningdan soʻng avataringizni yaratamiz. Sizning raqamli egizagingiz yoki sizning avataringiz sizdek gaplashadi", - deydi u.

Bu tasvirda “StoryFile” nomli kompaniya asoschisi va bosh direktori Stiven Smit o’zi haqida gapirib bermoqda. Aslida, bu Smit emas, balki uning avataridir. Haqiqiy Smitning aytishicha, uning kompaniyasi har kimga o'z hayotiy hikoyasini aytib berishga imkon beradi.

“Buni kamera mavjud bo'lganidan beri biz yig’ib boradigan tirik fotoalbom deb hisoblang. Biz qilayotgan ish ajdodlardan qoladigan xotirani keyingi odamga sun’iy intellekt yordamida o’tkazish”, - deydi Stiven Smit.

Beylor universitetining din bo’yicha professori Kendi Ken fikricha, sun’iy intellekt motamdagi odamlarga yordam beradigan yaxshi terapevtik vosita bo'lishi mumkin.

“Aytaylik, siz onangiz o'limidan oldin u bilan janjallashgansiz. Doktor sizga onangizga aytmoqchi bo'lgan so'zlaringizni xatga yozishni va bu vaziyatda onangizdan qanday javob olgan bo’lishingiz mumkinligini aytadi”, - deydi u.

Ammo raqamli tirilish g'oyasi qonuniy va axloqiy jihatdan bahsli tushuncha, deydi Santa Klara universitetining Internet axloqi dasturi direktori Irina Rayku.

"Bu qandaydir yo'l bilan yaqinlarimizning texnologik versiyasini tirik qoldirishdek tuyuladi. Bu g'alati, jasadni mo’miyolashga o’xshaydi. Lekin biz kimningdir tanasini mo’miyolab, uni o'zimizda saqlashga urinish o'rniga, ularning ongini saqlab qolishga harakat qilyapmiz", - deydi u.

San-Fransisko universiteti tadqiqotchisi Klarens Jounsning aytishicha, bu ba'zi odamlar tarixiy merosini saqlab qolishning bir usuli bo'lishi mumkin.

“Menimcha, bu ajoyib texnologiya, kelajak texnologiyasi. Men ularga har qanday yo'l bilan yordam berishni xohlayman, chunki hozir hayotda mendan ko'ra muhimroq odamlar bor va ularning ma'lumotlarini saqlab qolish kerak”, - deydi u.

Aksariyat yangi texnologiyalarda bo'lgani kabi, bu yangilikda ham katta salohiyat va ayni paytda uni noto’g’ri maqsadlarda suiiste'mol qilish ehtimoli mavjud.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG