Qator moliyaviy jinoyatlarda aybdor deb topilib, uzoq yilga qamoqqa mahkum etilgan Gulnora Karimova, O'zbekistonning oldingi prezidenti Islom Karimovning to'ng'ich qizidan musodara qilingan mablag'ning bir qismi, BMT e'lon qilishicha, ona va bola salomatligi yo'lida sarflanadi.
"Ishonch fondi" deb ataluvchi dastur asosida 43,5 million dollar nimjon tug'ilganlarning hayotini asrab qolish uchun ajratilmoqda. Ayni damda bunday go'daklardan 75 foizi yashab qolishi mumkin. Ma'qullangan loyihaga ko'ra, bu ko'rsatkich 90 foizga chiqishi kerak.
O'tgan yili Shveytsariya va O'zbekiston hukumatlari erishgan kelishuvga binoan Gulnora Karimovaning bu mamlakatdagi mulklari hisobidan respublika ijtimoiy taraqqiyoti uchun mablag' uzatiladi, qismma-qism. Fondni BMT maxsus idorasi boshqaradi. U oshkora va samarali amaliyotni ta'minlashi shart.
BMTning Toshkentdagi bosh vakili Konsuelo Vidal-Bryus deydiki, "bu fond doirasida kelasi 30 oyda 600 ming ona va bolaga yordam ko'rsatiladi".
Diplomatning tushuntirishicha, barcha say-harakatlar BMTning O'zbekistondagi prioritetlariga mosdir.
43,5 dollarlik loyihada BMT Bolalar fondi (UNICEF), Jahon Sog'liqni saqlash tashkiloti va boshqa organlar qatnashadi, jumladan 227 tibbiy markaz jalb qilnadi va 10 million o'zbekistonlikning ona va bola salomatligi xususidagi bilimi oshiriladi.
O'zbekiston hukumatida Moliya va iqtisodiyot vazirligi bu masalaga mas'ul. Shveytsariyaning Toshkentdagi elchisi Konstantin Obolenski shaffoflik va'da qilgan.
Tashabbusni O'zbekistonda huquq himoyasi bilan mashg'ul bir necha tashkilot quvvatlagan.
Gulnora Karimovaga qarshi o'z vaqtida Yevropaning bir necha davlatida jinoiy ish ochilgan. U 2014-yildan beri qamoqda. Unga nisbatan Toshkentda bir necha hukm chiqqan. Oxirgisiga ko'ra, ya'ni 2020-yilning mart oyidagi sud qaroriga binoan, Karimova qalloblik, xalq mulkini o'marganlik va firibgarlik bilan bog'liq ayblovlar bilan 13 yilga ozodlikdan mahrum etilgan.