Breaking News

Vashington korrupsiyaga qarshi kurash bo'yicha xalqaro anjumanga mezbon


Xalqaro anti-korrupsiya anjumani har ikki yilda tashkil etiladi. Bu galgisi AQSh poytaxtida 6-10 dekabr kunlari o'tmoqda. (IACC)
Xalqaro anti-korrupsiya anjumani har ikki yilda tashkil etiladi. Bu galgisi AQSh poytaxtida 6-10 dekabr kunlari o'tmoqda. (IACC)

Bu hafta dunyoning 140 davlatidan, jumladan, O'zbekistondan korrupsiyaga qarshi kurashuvchi organ va tashkilotlarning vakillari Vashingtonda. Ular xalqaro "Transparency International" uyushmasi yetakchiligida har ikki yilda o'tadigan anjumanda qatnashmoqda. Mezbon davlat odatda homiylardan biri. Bu yig'in jahon miqyosida yulg'ichlikni muhokama qiluvchi eng yirik forumdir.

Yetti masala bo'yicha sessiyalar ketmoqda: global xavfsizlik, irq va iqlim, qora bozorlar va uyushgan jinoiy tizimlar, kleptokratiya va "pul yuvish" hamda korrupsiyaga qarshi kurashayotganlarga tahdidlar.

Vaziyat haqida yillik hisobotlar chiqaradigan "Transparency International" tahlilicha, hozirda hatto eng shaffof jamiyatlarda ham anti-korrupsion choralar bo'shashgan. Qonunlarga e'tibor past va zarur tadbirlar har doim ham ko'rilmaydi yoki vaqtida ishga solinmaydi.

Forum tashkiliy kengashi raisi Hyuget Labell deydiki:

"Korrupsiya global tahdidlarni kuchaytiradi; muammolarga yechimlar yo'liga to'siq qo'yib, har yili trillionlab dollar zarar keltiradi".

Anjuman qatnashchilariga ko'ra, korrupsiya mamlakatma-mamlakat tengsizlik va ijtimoiy adolatsizlikni avj oldirmoqda. Inson huquqlari buzilishida ham asosiy omil va tabiiyki, jinoyat ko'lami ham shu bois keng.

"Avtokrat liderlarning boshqaruvi xalq manfaatlariga qaratilmagan. Kleptokratik, yulg'ich tuzumlar va uyushgan jinoyatchilar hukmronligida xalqqa cheksiz ziyon yetkaziladi. Iqtisod o'ladi, demokratik harakatlar yo'q qilinadi, inson huquqlari va xavfsizlikka raxna solinadi", - deyiladi forum tashkilotchilari bayonotida.

Global xavfsizlik, irq va iqlim, qora bozorlar va uyushgan jinoiy tizimlar, kleptokratiya va "pul yuvish" hamda korrupsiyaga qarshi kurashayotganlarga tahdidlar muhokamada (IACC)
Global xavfsizlik, irq va iqlim, qora bozorlar va uyushgan jinoiy tizimlar, kleptokratiya va "pul yuvish" hamda korrupsiyaga qarshi kurashayotganlarga tahdidlar muhokamada (IACC)

Rossiya, Xitoy, Eron va Afg'onistondan bu yig'inda hech kim ishtirok etmayapti, vaholanki, bu davlatlarning hammasi eng korrupsiyalashgan tuzumlar qatorida.

Alexandro Salas, "Transparency International" so'zlovchisining aytishicha, konferensiya barcha mamlakatlarga ochiq, lekin ayrimlar, jumladan yuqorida qayd etilganlar qiziqish bildirmagan.

"Afsuski, avtokratik va kleptokratik rejimlar bu borada gaplashishni istamaydi, chunki ularning asl maqsadi - xalqni gapirtirmaslik, fuqaro jamiyati va muxolifatni bo'g'ish, so'z va matbuot erkinligini cheklash", - deydi Salas, "Amerika Ovozi" bilan suhbatda.

Oq uyda Milliy xavfsizlik bo'yicha maslahatchi Jeyk Sallivan anjumanda so'zlar ekan, Bayden ma'muriyati AQShda va xalqaro maydonda korrupsiyaga qarshi kurashmoqda, deya ta'kidladi.

"Tizimimiz shaffof va haqqoniy ishlashi shart. Korrupsiyaga biror jihatdan toqat qilmaymiz", - deydi u.

Sallivanga ko'ra, Amerika hukumati o'z vatanida korrupsiyani bartaraf etishga va uni fosh etishga harakat qilganlarni quvvatlaydi, jumladan yulg'ich siyosatchilarni xalqqa ko'rsatib berayotgan jurnalistlarni.

AQSh va uning ittifoqchilari Rossiyaning korrupsioner oligarxlaridan 30 milliard dollarga yaqin mablag'ni musodara qilgan, deydi Sallivan.

AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi rahbari Samanta Pauer deydiki:

"Korrupsiya endilikda faqatgina muayyan shaxslarning, jumladan yakkahokimlarning qora ishlari emas. Korrupsiya butun boshli boshqaruv tizimlaridir. Ular xorijdan ham muntazam madad oladi, bu homiylarga tayanadi".

AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi rahbari Samanta Pauer korrupsiyaga qarshi xalqaro anjumanda so'zlamoqda, Vashington, 6-dekabr, 2022 (IACC)
AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi rahbari Samanta Pauer korrupsiyaga qarshi xalqaro anjumanda so'zlamoqda, Vashington, 6-dekabr, 2022 (IACC)

Eng so'nggi global korrupsiya indeksiga ko'ra, bu illatga qarshi choralar yillardan beri salmoqli samara bermaydi.

Indeksda jamoatchilikning hukumat va xususiy sektordagi korrupsiyaga munosabati aks etadi. 2021-yilda Daniya, Finlyandiya va Yangi Zelandiya "eng toza" davlatlar deb topilgan bo'lsa, Janubiy Sudan, Suriya va Somali eng korrupsiyalashgan deb qayd etilgan.

AQSh bu indeksda 2017-yilda 16-o'rinda turgan, bugunga kelib esa 27-o'ringa tushgan, ya'ni mamlakatda shaffoflik va halollik darajasi pasaygan.

Bayden ma'muriyati o'tgan yili anti-korrupsion strategiyani tanishtirgan. Uning mazmuni shuki, yulg'ichlik - milliy xavfsizlikka bevosita tahdid.

Anjumanda so'zlayotgan mutaxassislar urg'u berishicha, korrupsiya - eng tub mahalliy masala. Unga qarshi birinchi navbatda mamlakat bo'ylab, sidqidildan serqirra kurash olib borish kerak.

Biroq kleptokratik tuzumlardagi korrupsionerlarning G'arb tomonidan fosh etilishi va jazolanishi, ularni qora ro'yxatlarga qo'yish va sanksiyalash, ichkarida ko'tarila olmayotgan muammolar xalqaro sahnada muhokama qilinishi bu mamlakatlarning xalqlariga umid berib, effektiv chora sifatida ko'riladi, deydi faollar.

"O'marilgan mablag'ni yashirish, "yuviladigan pullar", korrupsionerlarning hamkorlari... Birma-bir izchil o'rganilishi kerak. Bular xalqaro miqyosda olib boriladigan ishlar va fosh etilishi zarur jinoyatlar. Bu jihatdan geosiyosiy ahamiyatga ega desak bo'ladi", - deydi "Transparency International" vakili Salas.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG