Breaking News

JSSTning Suriyadagi turkmanistonlik rahbari korrupsiyada ayblanmoqda


Akjemal Magtimova, Jahon Sog'liqni saqlash tashkilotining Damashqdagi bosh vakili, media bilan suhbatda, 2-fevral, 2021
Akjemal Magtimova, Jahon Sog'liqni saqlash tashkilotining Damashqdagi bosh vakili, media bilan suhbatda, 2-fevral, 2021

Jahon sog'liqni saqlash tashkiloti (JSST), BMT qoshidagi yirik agentlikning Suriyadagi bosh vakili, turkmanistonlik shifokor Akjemal Magtimova qonun va tartibga zid harakatlarda ayblanmoqda. Uning qo'lida ishlaganlarning guvohlik berishicha, Magtimova millionlab dollar mablag'ni sovurgan; Suriya hukumatiga tinimsiz sovg'a-salom uzatgan va koronavirus pandemiyasi avj olgan paytda "o'ta mas'uliyatsiz" faoliyat olib borgan. Magtimova, deydi JSST xodimlari, Damashqda mutasaddilarga kompyuterlar, tilla va mashinalar hadya qilgan.

"The Associated Press" (AP) axborot agentligi qo'liga tushgan 100 dan ortiq hujjatlarga ko'ra, Magtimova idorasini qonunbuzar va huquqbuzar maskanga aylantirgan. U xodimlarni Suriyaning yuqori mansabdorlari bilan kelishishga majburlagan va donorlardan kelgan moliyani muntazam ravishda JSST maqsadlaridan tashqari xarajatlar uchun yo'naltirgan.

Magtimova ayblovlar yuzasidan biror savolga javob bermaydi, lekin "bularning hammasi haqorat va uydirma", deya bayon qilgan. Rasmiy vakil sifatida u jurnalistlar bilan bevosita gaplasha olmasligini aytgan.

JSST tizimida unga qarshi tekshiruv ochilgan, chunki o'nlab xodimlardan jiddiy shikoyatlar tushgan. 20 dan ortiq mutaxassis bu masalani o'rganish bilan mashg'ul.

Tashkilot tasdiqlashicha, Magtimova ichki tergov ostida, bu ishga chetdan ekspertlar yollangan.

“Bu - murakkab tekshiruv, chunki Suriyada vaziyat og'ir. Jarayon ehtiyotkorlik bilan olib borilishi shart, chunki xodimlarning hayotini xavf ostiga qo'ya olmaymiz", - deyiladi JSST bayonotida.

Xulosalar qachon e'lon qilinishi mavhum.

JSSTning Suriyadagi idorasiga o'tgan yili 115 million dollarga yaqin mablag' ajratilgan. Mamlakat aholisining qariyb 90 foizi qashshoqlikda yashaydi va kamida yarmiga insonparvarlik yordami zarur.

Magtimova esa o'nlab ming dollarni ziyofatlar va ko'ngilochar tadbirlar uchun ishlatgan. Bu kabi harakatlarga qarshi chiqqan xodimlar undan haqorat va so'kish eshitgan.

Magtimova Suriya rasmiylari bilan apoq-chapoqlikdan tashqari Rossiya harbiy qo'mondonlari bilan ham uchrashgan. Bu esa JSST va BMTning neytrallik normalariga ziddir.

Magtimovaning qo'lida ishlaganlardan uch nafari norozilik bildirib, ishdan bo'shagan.

JSSTning Jenevadagi rahbariyatiga yo'llangan shikoyatda qayd etilishicha, Suriyadagi bosh vakil bu davlatdagi mansabdorlarning qarindoshlarini turli vazifalarga yollagan. Ularning ayrimlari jinoyatlarda gumon qilingan shaxslar bo'lgan.

“Magtimovaing agressiv va noqonuniy ishlari JSST faoliyatiga zarar, Suriya xalqiga ziyon keltirmoqda, - deyilgan unda. - Bu yerda odamlar azobda yashar ekan, Magtimova mablag'ni o'zi yoqtirgan rasmiylar ko'ngliga yo'l topish, o'ziga yoqqan mashg'ulotlar, soxtakorlik va keraksiz ishlar uchun oqizmoqda. Bu esa bizga nisbatan ishonchni o'ldiradi, donorlarni aldagan bo'lamiz".

Idlib kasalxonasi, Suriya, 20-sentabr, 2021
Idlib kasalxonasi, Suriya, 20-sentabr, 2021

Magtimova shu yilning may oyidan beri vazifasidan olingan, biroq JSST uni hamon rasman vakil deya ko'rsatadi. Turkmanistondan chiqqan mutaxassis oldin Ummon va Yamanda ishlagan. Suriyadagi ishini 2020-yilning may oyida boshlagan.

“Biz salohiyatimiz, professionalizm va samara orqali ishonch qozonamiz", - deya yozgan Magtimova o'z hamkasblariga o'sha paytda.

Lekin u Suriyada koronavirus ko'lamini past baholab, zarur choralar ko'rmaganlikda ham ayblanadi. JSST, Magtimova idorasi xodimlariga kora, Damashqdan tashqariga deyarli chiqmagan va mamlakat bo'ylab ahvolga ko'z yumgan.

Suriya hukumati AQSh va Yevropa Ittifoqi sanksiyalari ostida. 7 millionga yaqin odam o'z yurtida boshpanasiz va lagerlarda kun ko'radi.

Magtimova pandemiyaga qarshi kurashda JSST qoida va talablarini muttasil buzgan, deya tasvirlanadi hujjatlarda. Niqobsiz yurish va masofadan ishlashga ruxsat bermaslik idoraning o'zida virusga chalinish hollarini ko'paytirgan.

Suriyada pandemiya uchiga chiqqan paytda Magtimova bu holatga e'tibor qaratmay, xodimlariga raqsga tushishni o'rganishni buyurgan. Ularga majburan video oldirib, internetda tarqatgan.

Suriyada muxolif siyosatchi Anas al-Abda bu tasvirlarni uning xalqi ustidan kulish, deya baholagan.

"Bu taskilot mamlakatimizdagi fojiani bartaraf etish bilan band bo'lishi kerak emasmi? Raqsga tushmay, ko'z oldingizdagi azob-uqubatga qarasangiz bo'lmaydimi?" - deya tanqid qilgan al-Abda.

Magtimova o'z xodimlari tomonidan bu borada ko'p eslatilgan, biroq hujjatlardan ayonki, 12 milliondan ziyod aholiga ega Suriya uchun berilgan mablag'ning asosiy qismi salomatlikni ta'minlash uchun ishlatilmagan.

Magtimova Damashqdagi qimmat mehmonxonaning eng qimmat nomerida yashagan. Kuniga 450 dollar to'lagani ma'lum, lekin aslida bu joy $940 dollar bo'lgan. Bu mehmonxona ham G'arb sanksiyalariga tushgan. 2014-yildan beri BMT Suriyada taxminan 70 million dollar sarflagan.

Suriyada pandemiya iskanjasida bo'lgan paytda JSST bu davlatda raqs va ko'ngilochar maqsadlar uchun o'nlab ming dollar sarflagan
Suriyada pandemiya iskanjasida bo'lgan paytda JSST bu davlatda raqs va ko'ngilochar maqsadlar uchun o'nlab ming dollar sarflagan

JSSTning mintaqaviy rahbari Ahmad al-Mandariy, Magtimovaning rahbari, uni mas'uliyatsizlikda ayblagan. 2021-yilning oktabrida Al-Mandariy Magtimovani qator tartibbuzarliklar kuzatilayotgani, talablar qondirilmayotgani va donorlarga javob berish zarurligi haqida ogohlantirgan.

Tekshiruvlar Magtimova qator "yopiq ishlar" bilan shug'ullangani, shubhali tomonlar bilan kelishib, ularga moddiy paketlar uzatganini fosh etgan. JSST tizimida oldin ham bunday korrupsiya hollari kuzatilgan. Masalan, Kongoda ebolaga qarshi kurash sust kechganiga poraxo'rlik va yulgichlik sabab bo'lgan.

Bu masalalarni o'rgangan ekspert Xaviyer Guzman deydiki, korrupsiya - BMTda sistematik muammo.

"Magtimova ishi kabi hollar faqat bir davlatda emas, JSSTning boshqa ofislarida ham keng tarqalgan", - deydi u.

Guzman tashkilotni Damashqdagi idora bilan bog'liq tekshiruv, Magtimova ustidan tergov va butun jarayon haqida shaffof bo'lishga chaqirmoqda.

JSSTga ko'ra esa ichki jarayonlar jamoatchilik uchun yopiq, ammo dunyo tekshiruv natijalaridan voqif qilinadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG