Breaking News

JSST: COVID-19 sabab sayohatni cheklamang


Britaniya aeroportlarida
Britaniya aeroportlarida

Jahon Sog'liqni Saqlash Tashkiloti (JSST) barcha davlatlarni koronavirus bilan bog'liq cheklovlarni yumshatishga undamoqda, xususan sayohatga qo'yilgan taqiqlarni bekor qilishga. Aks holda, deydi tashkilot mas'ullari, buning iqtisodiy va ijtimoiy asoratlari pandemiyani cho'zaveradi.

JSST Favqulodda masalalar bo'yicha qo'mitasiga ko'ra, sayohat qilishni man etish koronavirus tarqalishining sezilarli darajada oldini olayotgani yo'q.

Qo'mita hisobotida ta'kidlanishicha, xorijga chiqish yoki mamlakat ichida harakat qilishga nisbatan cheklovlar omikron yoki boshqa shtammlarning yoyilishini kamaytirmagan.

Niqob, test, vaksina, izolyatsiya va karantin talablari ham sayohatchilarga yoppasiga emas, vaziyatni va xavf darajasini chuqur o'rgangan holda joriy etilishi kerak. JSST tahlilicha, talablar yo'lovchilarga moliyaviy jihatdan qimmatga tushmoqda.

Bu orada tashkilot COVID-19 ga qarshi ikki dorini tavsiya qilmoqda.

Birinchisi "baricitinib" deb ataladi va koronavirusga qattiq chalingan bemorlarga mo'ljallangan. Bu preparat odatda revmatoid artritdan aziyat chekadiganlar tomonidan qo'llanadi. JSST maslahat berishicha, "baricitinib" kortikosteroid dorilar bilan birga berilishi kerak.

"Sotrovimab" nomli dori ham koronavirusni davolashda foydali ekani e'lon qilinib, COVID-19 yengil kechayotgan bemorlarga yaxshi ta'sir qilishi e'tirof etilgan. Bu preparat odamni kasalxonaga yotishdan saqlashi mumkin.

Xususan keksalar, immuniteti zaif insonlar, qand, qon bosimi, semizlikdan qiynaladiganlar hamda emlanmaganlar uchun qo'l keladi, deydi JSST ekspertlari.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG