Koronavirusning “omikron” shtammi va yomon ob-havo sabab 1-yanvar kuni AQShda 9200 dan ziyod aviareys bekor qilingan yoki qoldirilgan. 2-yanvar kuni yana 2200 ta reys yo’lovchilari manziliga o’z vaqtida yetib bormagan.
“O’tgan yili ham shu paytda sayohat qilayotgan edim, ammo aeroportda deyarli hech kim yo’q edi. Bu yili odamlarni ko’rsa bo’ladi, o’ta ko’p odamlarni”, - deydi Chikago aeroportida turib qolgan yo’lovchilardan biri.
“Omikron” asoratlari yengil deya ko’rilayotganiga qaramay, AQSh prezidentining tibbiy masalalar bo’yicha bosh maslahatchisi Entoni Fauchi mamlakat sog’liqni saqlash tizimi virus tez tarqalayotganidan katta bosim ostida ekanini aytadi.
“Odamlar qattiq kasal bo’lmasa ham kasallanganlarning ko’pligi kasalxonaga yotqizish sur’ati ko’payishidan darakdir, bu esa kasalxona tizimini qiynab qo’yishidan xavotirdamiz”, - deydi rasmiy.
Unga ko’ra, yangi yil ta’tilidan maktabga qaytayotgan bolalar xavfsizlik qoidalariga rioya qilishi kerak.
“Ota-onalardan farzandlarini emlashni o’tinib so’rayman. Maktabda niqobda yurish kerak, tez-tez test qilib turish kerak”, - deydi Fauchi.
Shanba kuni qasamyod keltirgan Nyu-Yorkning yangi meri Erik Adamsning aytishicha, azim shahar maktablari ta’tildan so’ng ishini davom ettirishga tayyor.
“Testlar orqali xavfsiz muhit yaratamiz. Kasal bo’lgan o’quvchilarni darhol aniqlaymiz va ularni bu muhitdan uzoqlashtiramiz. Virus yuqtirgan bitta bola butun sinfni kasal qila olmasligini raqamlar ko’rsatmoqda”, - deydi hokim.
AQSh mudofaa vaziri uchta dozadan so'ng ham koronavirus yuqtirdi
Bu o’rtada AQSh Mudofaa vaziri Lloyd Ostin COVID-19 bilan kasallangani aniqlandi. Vazirning ahvoli yengil ekani, uyda karantinda o’tirgani ma’lum.
Ostin joriy haftadagi majlislarda virtual shaklda qatnashishini bildirdi. Ayrim masalalarda vazir vakolatlarini uning o’rinbosari Ketlin Xiks bajaradi.
68 yashar Ostin to’liq emlangan bo’lib, oktabr oyida busterni ham olgan edi.
Germaniya kruzi kemasi virus sabab sayohatini erta tugatdi
Germaniyaning “AIDA” kruiz kemasi avval ekipaj a’zolari orasida koronavirus aniqlanishi, so’ng yo’lovchilar orasida ham tarqala boshlashi oqibatida sayohatni bekor qilishga majbur bo’ldi.
2800 dan ortiq yo’lovchi va 1353 ekipaj a’zosiga ega layner 29-dekabr kuni Lissabon portida 5 kunga to’xtab qoldi. Bugun uning xodimlari va norozi yo’lovchilar kemani tark eta boshlagan.
Ekipajning 50 dan ortiq a’zosida koronavirus aniqlangan. Kompaniya yo’lovchilarni uylariga samolyot bilan jo’natishga va’da berdi, kasal bo’lgan yo’lovchilar esa Yangi yildan oldin Lissabondagi mehmonxonalarda karantinda qolgan.
Niderlandiyada cheklovlarga qarshi namoyish
Niderlandiyaning Amsterdam shahrida yuzlab odam ko’chaga chiqib, koronavirus cheklovlariga qarshi namoyish qildi. Mamlakatda 19-dekabrdan beri lokdaun amal qilmoqda, ommaviy to’planish ham man qilingan.
Norozilarga ko’ra, koronavirusga qarshi boshqa usullar bilan kurashish kerak.
"Muammo shundaki, Niderlandiya kasalxonalarida yotoqlar yetishmayapti, demak bu muammoni hal qilish kerak odamlarni uyda ushlab o’tirmasdan”, - deydi tadbir ishtirokchilaridan biri.
Politsiya talabiga qaramay, niqob taqmagan va bir-biriga yaqin turgan namoyishchilar tarqalishdan bosh tortdi.
Cheklovlar 14-yanvargacha amal qiladi, biroq uzaytirilishi ham mumkin.
Facebook Forum