Breaking News

"Omikron" shtammi sayohat cheklovlariga sabab bo'lmoqda


Xitoyda koronavirus ilk qayd etilganidan salkam ikki yil o’tib, Janubiy Afrikada virusning yangi shtammi aniqlanishi dunyo bo’ylab millionlab odamlarga ta’sir qiluvchi sayohat cheklovlariga sabab bo’ldi. Kimdir cheklovlarni yoqlasa, kimdir ulardan shikoyat qilmoqda.

Xalqaro hayot - 6-dekabr, 2021-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:09:51 0:00

Janubiy Afrikaga safar qilgan amerikalik Portiya Stil Kruger milliy bog’iga ketayotganida “omikron” shtammi ilk qayd etilgan Janubiy Afrikaga doir sayohat cheklovlaridan xabar topdi.

“Do’stlarim va oila a’zolarimdan Birlashgan Qirollikka kirish cheklanayotgani haqida smslar ola boshladim. AQShga ham sayohat cheklanadi degan xayolga bordim”, - deydi u.

Stil Janubiy Afrikaga ilk safarini 10 kundan 2 kunga qisqartirishga majbur bo’ldi va sayohat cheklovlari joriy etilmasidan uyga qaytib ketish uchun to’rt xil reysga chipta sotib oldi.

“Har xil aviakompaniyalar derazalari yonida turib, ko’zida yosh bilan uyga qaytish yo’llarini surishtirayotgan amerikaliklarni ko’rdim”, - deydi u.

Yoxannesburg aeroportida samolyotga chiqishdan oldin Stil emlangani haqida spravka, COVID ga salbiy test natijasi, salbiy ekspress-test natijasini ko’rsatishiga to’g’ri keldi. AQShda uni Yuqumlik kasalliklarning oldini olish markazi vakillari kutib olib, uy sharoitida test to’plamini berishdi. Stil uyda karantinda o’tirishga majbur bo’ldi.

“COVID paytida sayohat qilgan odam vaziyat istalgan payt o’zgarishi mumkinligini anglashi, moslashuvchan bo’lishi kerak. Xorijda nima bo’lishini hech kim bilmaydi, bunga tayyor turish kerakligini maslahat beraman”, - deydi ayol.

Pandemiyadan salkam ikki yil o’tib ham ba’zilar sayohat cheklovlaridan foyda yo’qligini aytadi.

“Nazarimda, sayohat cheklovlari yordam bermayapti, hatto teskari natija beryapti”, - deydi yuqumli kasalliklar bo’yicha tadqiqotchi Patrik Jekson.

Virjiniya universitetida ishlovchi ushbu mutaxassisning aytishicha, vaksinatsiya sur’ati past bo’lgan mamlakatlarda koronavirusning turli ko’rinishlari chiqib kelaveradi.

Jekson sayohat cheklovlarini joriy etishdan ko’ra tobora ko’proq odamlarni emlanishga ko’ndirish muhimligini aytadi.

“Pandemiya siyosatimizdagi eng katta xato rivojlanayotgan mamlakatlarga vaksina bermaslik bo’ldi”, - deydi mutaxassis.

Oq uy joriy etgan sayohat cheklovlarini himoya qilayotgan AQShning yetakchi infeksionisti va prezidentning tibbiy masalalar bo’yicha bosh maslahatchisi Entoni Fauchi har bir intervyusida odamlarni emlanishga da’vat etadi.

“Parvozlarga qo’yilgan taqiqlar kasallanganlarning AQShga kelishiga to’sqinlik qila olmaydi. Men ham, ko’plab boshqalar ham shunday fikrda. Ammo bizga tayyorgarlik uchun, nima bo’layotganini, infeksiya mohiyatini, uning yuqish xususiyatini yaxshiroq tushunish uchun vaqt kerak edi”, - deydi Fauchi.

“Omikron” paydo bo’lganidan beri 30 dan ortiq mamlakat chegaralarini yopdi, ayrim davlatlar cheklovlarni kuchaytirdi. Tadqiqotchilar eng so’nggi shtamm haqida izlanarkan, dunyo aholisini emlash uzoq muddatda eng yaxshi himoya ekani aytadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG