AQSh Prezidenti Jo Baydenning aytishicha, koronavirusning “omikron” deb nomlanuvchi yangi shtammi vahima emas, xavotir uyg’otishi kerak. Bayden “omikron” shtammi ilk qayd etilgan Afrika qit’asining janubidagi mamlakatlar bilan bordi-keldini cheklash qarorini himoya qildi.
“Dunyoning eng yaxshi vaksinasi, eng yaxshi dorilari, eng yaxshi olimlari bizda. Har kuni yangi narsalarni o’rganyapmiz. Virusning bu turiga qarshi ilm-fan, bilim va tajribaga asoslangan tezkor harakatlar bilan kurashamiz, vahima va tartibsizlik bilan emas”, - dedi Bayden.
Afrika davlatlariga sayohat cheklovlarining joriy etilishi ayrimlar tanqidiga sabab bo’ldi.
"Butunlay asossiz, mamlakatimiz va qo’shnilarimizni nohaq kamsituvchi cheklovlar bu. Parvozlarni to’xtatish fanga asoslanmagan, virusning bu turi tarqalishining oldini olishda samarali bo’lmaydi”, - dedi Janubiy Afrika Prezidenti Kiril Ramafosa.
Baydenning aytishicha, cheklovlar ko’proq amerikaliklarni emlash va boshqa preventiv va profilaktika choralarini qo’llash uchun vaqtdan yutishga imkon beradi.
“Jahon sog’liqni saqlash tashkiloti yangi shtammni e’lon qilgan kun Afrika janubidagi mamlakatlar bilan bordi-keldini zudlik bilan cheklashga chora ko’rdim. Sayohat cheklovlari “omikron” tarqalishini sekinlashtiradi, oldini olmaydi, buni bilamiz. Bu bizga zarur choralar ko’rish uchun vaqt beradi”, - dedi Bayden.
Virjiniya universitetida tibbiyot fanlari dotsenti Tayson Bellning aytishicha, olimlar “omikron” shtammi haqida ko’p ma’lumotga ega emas, masalan, uning qanchalik xavfli ekani haqida. Buni bilmasdan, deydi olim, unga qarshi qanday chora ko’rish kerakligini bilish ham oson emas.
“Masala bo’yicha tortishayotgan har ikki taraf o’ziga yarasha haqli. Virusning qayergacha borganiga qaraydigan bo’lsak, u ko’p mamlakatlarda, jumladan Yevropada Afrika janubi yoki Janubiy Afrika bilan bevosita aloqasi bo’lmagan odamlarda aniqlangan. Bir tarafdan, bu kamsituvchi chora sifatida ko’rinmoqda. Chunki cheklovni o’z ichiga olgan ro’yxatda virus kam topilgan mamlakatlar yo’q. Ammo boshqa tarafdan, Bayden ma’muriyati virus tarqalishining oldini olishga, vaqtdan yutishga urinmoqda”, - deydi Bell.
AQSh prezidenti emlanmagan vatandoshlarini emlanishga, emlanganlarni esa qo’shimcha vaksina olishga da’vat etdi. Bellning aytishicha, bu - sog’lom maslahat, nafaqat amerikaliklar, balki hammaga taalluqli.
“Dunyo aholisini emlashga imkon boricha harakat qilish kerakligi haqida signal bu. Oxir-oqibatda virus tez tarqalayotgani uchun uning yangi turlari vujudga kelmoqda, demak samarali vaksinatsiya orqali bu muammoni hal qilish kerak”, - deydi olim.
Koronavirusning turlari xilma-xillashgani bilan mutaxassislarning virusga qarshi tavsiyasi hamma uchun o’sha-o’sha – niqob, masofa va vaksina.
Facebook Forum