Breaking News

JSST: Koronavirus siyosiy o'yinchoq emas


Tedros Gebreyesus, Jahon sog'liqni saqlash Tashkiloti rahbari
Tedros Gebreyesus, Jahon sog'liqni saqlash Tashkiloti rahbari

Jahon sog'liqni saqlash tashkiloti (JSST) davlatlarni koronavirusni siyosiylashtirmaslikka chaqirib, pandemiyadan o'z manfaatlari uchun qo'llanayotgan rahbarlarni qoralamoqda.

Tashkilot rahbari Tedros Gebreyesus deydiki, virus - siyosiy o'yinchoq emas. Ilmni va ilmiy tadqiqotlarni qadrlash kerak, deya undamoqda u.

O'tgan hafta pandemiyaning eng keng yoyilgan davri bo'lgan. Yevropa va Shimoliy Amerikada vaziyat og'irlashgan.

Tedros ko'plab mamlakatda harakat cheklangani, karantin choralari kuchaytirilgani va infeksiyaga qarshi tadbirlar amalga oshirilayotganini mantiqli qarorlar deb hisoblaydi.

Pandemiya insoniyatga ruhan va jismonan og'ir tushayotgani aniq, deydi mutaxassis, ammo sabr-qanoat qilmay iloj yo'q. Undan qutulish uchun hali ancha mehnat qilish kerak, izlanish lozim va odamlar o'zini ehtiyot qilishga majbur.

“Biz virusni ilmiy jihatdan o'rganayapmiz. Bugun u haqda yaxshiroq bilamiz. Oldini olish, muolaja va unga qarshi kurash borasida tajribamiz bor", - deydi Tedros.

Insoniyatni ilm-fan qutqaradi, deydi Jahon sog'liqni saqlash tashkiloti rahbariyati
Insoniyatni ilm-fan qutqaradi, deydi Jahon sog'liqni saqlash tashkiloti rahbariyati

Izlanishlarga asoslanib ish tutgan davlatlarda vaziyat boshqalarga qaraganda yaxshiroq, deya eslatadi u.

"Davlat darajasida bu borada kelishmovchilik bo'lgan tuzumlarda, ilm-fan va tibbiyot sohasiga quloq tutgan rahbarlar boshqarayotgan mamlakatlarda virus kengroq tarqalmoqda va undan jon berayotganlar soni ham yuqori", - deydi Tedros.

Eng yuqori ko'rsatkichlar Amerikada. Shu kungacha koronavirusga chalinganlar 9 millionga yaqinlashmoqda. Undan o'lganlar 230 mingdan oshdi. Tuzalganlar qariyb 6 million.

Dunyo bo'ylab yuqtirganlar salkam 44 million, vafot etganlar 1 million 200 ming, sog'ayganlar 32 milliondan oshiq.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG