Britaniya, Fransiya, Germaniya va Italiya AQSh bilan Jahon Sog'liqni Saqlash Tashkiloti (JSST) tizimida islohotlar qilish uchun bir yoqadan bosh chiqaradi. Yevropa davlatlari Amerika bu tashkilotdan chiqib ketishini xohlamaydi. Vashington moliyasidan ayrilish qimmatga tushadi, deya tan oladi diplomatlar.
Oq uy nazarida JSST mustaqil emas va Xitoy propagandasiga o'ynamoqda. Tramp ma'muriyati tashkilotni koronavirus haqida xolis, ishonchli va to'g'ri axborot bermaganlikda ayblab kelmoqda. Mablag'ni to'xtatish taraddudida.
Muhokamadagi islohotlardan biri JSST moliyaviy tizimini uzoq muddatga rejalashtirish. Hozirda u ikki yillik byudjet bilan ishlaydi.
Uning mustaqilligini ta'minlash uchun yangicha tamoyillar belgilash va qabul qilish lozim, deydi rasmiylar.
Tashkilotga Yevropa davlatlaridan ham ko'proq mablag' olib kelish harakati boshlangan.
O'tgan oy JSSTda Yevropa hukumatlari tashabbusi bilan rezolyutsiya qabul qilingan. 192 a'zo davlat unga ovoz bergan. Hujjat tashkilot faoliyatini qayta ko'rib chiqishga chaqiradi lekin biror konkret o'zgarish taklif qilmaydi. Tashabbuskorlarga ko'ra, buning uchun muhokama va kelishuvlar zarur.
Iyul oyidan Yevropa Ittifoqi raisligi Germaniyaga o'tadi. Berlin JSSTni himoya qilar ekan, undan dadil qadamlar kutilmoqda.
Xalqaro tizimlarni isloh qilish oylar emas, yillar oladi, deydi mutaxassislar. Avvalo puxta reja tuzish kerak. Uni amalga oshirish uchun kuchli iroda zarur.
AQSh bu jarayonda qanday rol o'ynamoqchi? Vashingtondan javob yo'q.
JSST Prezident Trampning tanqidlarini asossiz deb baholagan lekin tashkilot islohotlarga muhtoj ekanini tan oladi.
Yevropa davlatlari JSSTning 5,6 milliard dollarlik byudjetining 11 foizini qoplaydi, AQSh esa 15 foizini. Xitoy esa atigi 0,2 foizini.
Facebook Forum