Breaking News

AQSh Jahon sog'liqni saqlash tashkilotini tark etmoqda


Koronavirus inqirozi bilan yuzlashib turgan Qo’shma Shtatlar Jahon sog’liqni saqlash tashkilotini (JSST) tark etishi haqida BMTni xabardor qildi. Prezident Donald Tramp aprel oyida tashkilotga moliyani uzgan, so’ng a’zolikdan chiqish istagini bildirgan edi. U pandemiyaga qarshi kurashda JSSTni Xitoyga yon bosganlikda ayblab, islohot o’tkazishni talab qilgan.

“Amalga oshirilishi zarur bo’lgan islohotlar rejasi bilan ularga to’g’ridan-to’g’ri murojaat qildik, lekin chora ko’rishdan bosh tortishdi. Biz talab qilgan reformalarni bajarishmas ekan, munosabatlarni to’xtatamiz”, - degan edi Tramp may oyida.

JSST qoidalariga ko’ra, tashkilotni tark etmoqchi bo’lgan mamlakat bu haqda bir yil oldin xabar berishi lozim. Agar Tramp noyabrdagi saylovda yutqazsa, keyingi prezident tashkilotda qolishga qaror qilishi mumkin.

Prezidentlikka demokrat nomzod Jo Bayden g’alaba qilgan taqdirda “birinchi kundayoq JSSTga a’zolikni tiklab, jahon sahnasida AQSh yetakchiligini tiklashini” ta’kidlamoqda. Global salomatlikni mustahkamlash amerikaliklarni ham xavfsizroq qiladi, deydi u.

AQShda koronavirusni yuqtirganlar 3 milliondan, undan o’lganlar esa 130 000 dan oshdi. Bu ko’rsatkichlar bo’yicha dunyoda yetakchi.

Tramp va boshqa konservativ tanqidchilar JSSTni pandemiyaning boshlanish davrida Xitoyning yolg’on ma’lumotlarini tarqatganlikda ayblaydi. Ularning da’vo qilishicha, Xitoy virus va uning odamdan odamga yuqish xavfini ataylab kamaytirib ko’rsatishga harakat qilgan.

AQSh Senatining Sog’liqni saqlash qo’mitasi rahbari, Trampning partiyadoshi Lamar Aleksandr fikricha, JSSTning koronavirus bilan kurashda yo’l qo’ygan xatolari ko’rib chiqilishi lozim, “lekin bu ish inqirozdan o’tib olgandan keyin qilinishi kerak, hozir emas”.

Sog’liqni saqlash bo’yicha ekspertlar nazarida prezidentning JSST bo’yicha uzoqni ko’zlamay qilayotgan qarori jamiki kasalliklarga qarshi kurashda o’nlab yillik hamkorlikning beliga tepadi.

“A’zolikdan voz kechayotgani sabab Amerika virusga qarshi global qarorlar qabul qilishdan, vaksina va dorilar yaratish sa’y-harakatlaridan chetda qoladi. COVID-19 oldida yanada himoyasiz ahvolda qolamiz. Global salomatlik bo’yicha peshqadamlik pozitsiyamiz susayadi. JSST ishtirokisiz AQShning pandemiya darajasidagi ko’plab kasalliklarga yo’liqish xavfi yanada oshadi”, - deydi Amerika Yuqumli kasalliklar jamiyati prezidenti Tomas Fayl.

Birlashgan Millatlar Jamg’armasi rahbari Elizabet Kozensning aytishicha, JSST pandemiyaga qarshi global kurashni muvofiqlashira oladigan yagona organdir.

“AQSh JSSTdan chiqishi amerikaliklar uchun muhim bo’lgan, global salomatlik bo’yicha boshqa yo’nalishlarda o’nlab yillar davomida erishilgan progressni yo’qqa chiqaradi. Emlash tizimini kengaytirishdan tortib, poliomiyelit, bezgak va OITSga qarshi kurashish va barcha joylarda sog’liqni saqlash tizimlarini mustahkamlashgacha. Bu prioritetlar nafaqat barcha davlatlar uchun bir, balki AQSh Kongressida ham quvvatlovga ega”, - deydi Kozens.

Vakillar Palatasi spikeri Nensi Pelosi Tramp qarorini “haqiqiy bema’nilik”, deya qoraladi.

“Millionlab odamlar hayoti xavf ostida bo’lib turgan bir paytda prezident virusni yo’q qilish bo’yicha xalqaro sa’y-harakatlarga to’siq qo’ymoqda”, - deydi u.

Demokrat senator Bob Menendezning ta’kidlashicha, JSSTni tark etish “amerikaliklarni xasta holda va yakkalab qo’yadi”.

AQSh 1948-yilda JSSTni tashkil etishda qatnashdan davlatlardan biri bo’lib, uning eng yirik donori hamdir.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG