Breaking News

Rossiya matbuoti nega Ukrainaning yangi mudofaa vazirini nishonga olmoqda?


Rus matbuoti nega Umerovdan g’azabda?
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:55 0:00

O´zbekistonda tug´ilgan qrim-tatarlardan Rustem Umerovning Ukraina Mudofaa vaziri lavozimiga kelishi Rossiya ommaviy axborot vositalarida keskin qarshilik va asossiz xabarlar tarqatilishi bilan kuzatildi.

Ukrainada aksariyat Umerovning Mudofaa vaziri bo’lishini Qrim Ukrainaga qaytarilishi ishorasi sifatida qabul qildi.

Ukrainadagi qirim-tatar faollarining ta’kidlashicha, bu ayniqsa Qrimdagi tub aholi, ya´ni bugun Rossiya ishg’oli ostida yashayotgan qrim-tatarlar tomonidan iliq kutib olingan.

Bu fakt Moskva nazaridan ham chetda qolmagan ko’rinadi. Rossiya matbuotida Umerovga qarshi tarqalgan xabarlarda aynan shunga, shuningdek, Qrimdagilar Rustem Umerovni deyarli tanimasligiga e'tibor qaratiladi hamda Umerov muqaddam Rossiyaning qrim-tatarlarga tazyiqlari haqida bo’hton xabarlar tarqatib kelgani iddao qilinadi.

Jumladan, Rossiya davlat agentligi “Sputnik” muxbiri Ilya Tsukanov Umerov haqida shunday yozadi:

“Umerov Rossiya tomonidan Qrimdagi qrim-tatarlarga nisbatan tazyiqlar bo’layotgani haqidagi yolg’on targ’ibot tarqatilishida muhim o’rin tutgan siyosatchilardan. Zotan, uning bu iddaolari Qrimdagi qrim-tatar faollari tomonidan bir necha bor inkor qilingan”.

Bu noto’g’ri.

O’z vatani Qrim Rossiya tomonidan ishg’ol qilinishi ortidan bu bosqinga qarshi bo’lgan qrim-tatarlarga nisbatan tazyiqlar boshlangani ortiqcha tasdiqlarga muhtoj emas.

Qolaversa, bu Moskvaning qrim-tatarlarga nisbatan ko´rsatgan birinchi tazyiq emas; bugun qrim-tatarlarning genotsidi sifatida baholanayotgan deportatsiya ortida ham Moskva turgan.

Rustem Umerov ham xalqi o’z vatanidan Markaziy Osiyoga surgun qilingan davrlarda O’zbekistonda tug’ilgan.

Ukraina mudofaa vaziriga doir rus matbuotidagi boshqa xabarlarda Umerov millatchi ekanligi, millatchilar oilasida tarbiya topgani aytilsa, ayrimlarida Umerov AQShga ishlaydigan kadr sifatida, uni lavozimga Ukraina hukumati emas, o’z harbiy yordamini nazorat qilish uchun AQSh olib kelgani ta’kidlanadi.

Umerov AQSh tomonidan lavozimga qo´yilgani, hatto josuslikka yollangani iddao qilinar ekan, Umerov FLEX dasturi bo’yicha AQShda o´qigani qayd qilinadi.

Bu ham noto’g’ri.

AQShning bo´lajak liderlariga doir FLEX dasturi butun dunyo bo’ylab amal qiladi, hozirgacha bu dastur asosida minglab o´quvchilar AQShda tajriba almashib qaytishgan, ularning hammasini AQSh josuslari deyish haqiqatni buzib ko’rsatishdir.

Rustem Umerovning Mudofaa vaziri lavozimiga kelishiga nisbatan rus matbuotida qalqqan asossiz xabarlar, g’azabli munosabat aslida Prezident Vladimir Zelenskiy yangi vazirni tayinlashda nishonni to’g’ri olganidan darak deyish mumkin.

Bungacha turli korrupsiyaviy mojarolar ostida qolgan Ukraina mudofaa vazirligi tizimi rostdan samarali, yangicha yondashuvga muhtoj edi.

Rustem Umerov Davlat mulk jamg´armasini boshqarishi davomida buni amalda isbotladi, urush ostidagi mamlakatga yangi investitsiyalar jalb etishga ham muvaffaq bo`ldi.

Boshqa yana bir muhim tomoni Rustem Umerov Rossiya ishg’oli ostidagi Qrimda tazyiqlarga to’qnashib yashayotgan tub aholi qrim-tatarlar vakili ekanligidir.

Bu yangi mudofaa vaziri uchun nafaqat Ukraina sharqini, balki Qrimning ozod etilishini ham asosiy, bosh maqsadga aylantiradi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG