1999-yilda tashkil etilgan “Katta 20 lik” guruhi dunyodagi eng yirik 20 ta davlat rahbarlari o'rtasidagi norasmiy yig'ilishdir. Yillik sammit an'anaviy ravishda iqtisodiy hamkorlikka bag'ishlansa-da, kun tartibiga iqlim o'zgarishi, COVID-19 pandemiyasi va Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi kabi kunning dolzarb masalalarini ham kiritilgan.
“Katta 20 lik” davlatlari dunyo aholisining qariyb 60 foizini tashkil qiladi. Global iqtisodiy mahsulotlarning qariyb 80 foizi, jahon eksportining 75 foizi ular hissasiga to’g’ri keladi.
Guruh 1999-yilda Osiyodagi moliyaviy inqirozdan keyin tashkil etilgan. Dastlab, maqsad sanoatlashgan va rivojlanayotgan mamlakatlarning moliya vazirlari va markaziy bank rahbarlari jahon iqtisodiyoti oldida turgan muhim masalalar yuzasidan fikr almashish bo’lgan. 2008-yilgi moliyaviy inqirozdan so'ng u a'zo davlatlar rahbarlari har yili uchrashadigan tashkilotga aylandi.
Tashkilotning eng katta muvaffaqiyatlaridan biri 2008-yilgi global moliyaviy inqirozga tezkor javob berish bo’ldi. Dunyo iqtisodiyotini qayta tiklash uchun a'zo davlatlar 4 trillion dollarlik chora-tadbirlarni amalga oshirishga rozi bo'ldi, savdo to'siqlarini olib tashladi va global moliya tizimida katta islohotlarni amalga oshirdi.
Sammit raisi har yili o'zgarib turadi. Hindiston 2023-yil sentabr oyida Nyu-Dehlida bo'lib o'tadigan sammitga mezbonlik qilmoqda. 2024-yilgi sammit mezboni Braziliya. Har bir sammit oxirida barcha ishtirokchi davlatlar o'z a'zolarini harakatga undovchi qo'shma bayonot chiqaradi, ammo bu deklaratsiya majburiy kuchga ega emas. Bu yilgi sammit arafasida Hindiston 50 dan ortiq shaharlarda tashkilot bilan bog'liq 200 dan ortiq uchrashuvlar o'tkazmoqda.
Hindiston bu yil katta e’tibor berayotgan yo'nalishlar global janubning iqtisodiy tiklanishidan tortib, iqlim adolati va COVID-19 vaksinalaridan foydalanishgacha bo'lgan ehtiyojlarni qamrab oladi.
Ammo Hindistonnng maqsadlariga Rossiyaning Ukrainaga qarshi boshlagan urushi soya solishi mumkin. Hindiston “Katta 20 lik” maqsadlari va Ukraina urushini bir-biridan ajratishni xohlayotgan bo’lsa-da, harbiy mojaro bu yilgi sammit kun tartibida allaqachon hukmronlik qilmoqda. G'arb davlatlari Rossiyaga qarshi sanksiyalar to'lqinini va Ukrainaga ko'proq moliyaviy yordam berishni qo’llab-quvvatlayotgan bo’lsa, Hindiston kabi rivojlanayotgan davlatlar Rossiyani tanqid qilishdan tiyilmoqda.
Ba’zan eng qiziq uchrashuvlar “Katta 20 lik” sammiti asosiy yig’inlaridan chetda bo'lib o'tadi. 2017-yil Germaniyaning Gamburg shahrida bo'lib o'tgan sammitda o’sha paytdagi AQSh prezidenti Donald Tramp Rossiya rahbari Vladimir Putin bilan birinchi marta uchrashib, necha soatlik bir qator uchrashuvlar o'tkazgan edi. 2022-yilgi sammit esa Prezident Jo Bayden va Xitoy Kommunistik partiyasi rahbari Si Zinpin oʻrtasidagi birinchi yuzma-yuz uchrashuv boʻldi.