Nyu-Yorkda BMT Bosh Assambleyasining 78-sessiyasi chog’ida dunyo liderlari hamda AQSh-Meksika chegarasidan kirib kelgan o’n minglab migrantlar bir shaharda tunamoqda. Demokrat Prezident Jo Bayden siyosatidan ranjigan respublikachi gubernatorlar o’z shtatlaridan minglab migrantlarni avtobuslarga bosib demokrat shtatlarga tarqatib yuborishda davom etmoqda.
Nyu-Yorkda BMT Bosh Assambleyasi yaqinida boshpanaga aylantirilgan mehmonxonada Meksika bilan chegaradan kirib kelgan migrantlar yashaydi.
Omar Zambrano rafiqasi va ikki qizi bilan uzoq yo’l bosib Venesueladan kelgan.
“Kosta-Rika, Panama, Meksikadan o’tdik”, - deydi u.
O’tgan yil Janubiy Amerikadan kamida 250 ming migrant AQSh-Meksika chegarasiga yetib kelgan. Tarang vaziyat BMT mutasaddilarini xavotirga solgan.
“Oson emas, biroq yechim bor, iroda kerak”, - deydi Omar.
Shahar rasmiylariga ko’ra, Nyu-Yorkka har oy 10 ming migrant kelmoqda. Mer Erik Adams BMT Bosh Assambleyasi sessiyasida dunyo liderlarini yordam berishga chaqirdi.
“Mahalliy va global liderlar bu muammoga yechim topishi kerak. Migrantlar, qochqinlar, mahalliy aholi, kelajagimiz adolatsizlik bilan yuzlashmoqda”, - deydi rasmiy.
Oq uyga ko’ra, chegaradagi shtatlarning respublikachi gubernatorlari minglab migrantlarni avtobusga bosib demokrat shtatlarga tarqatib yubormaganida muammo keskin tus olmagan bo’lar edi. Nyu-York, Chikago va Los-Anjeles shaharlari migrantlar bilan to’lib ketgan.
“Bosim yuqori ekanini tushunamiz. Mamlakatga qonuniy kirishning huquqiy yo’llarini mustahkamlash, noqonuniy immigratsiyaga qarshi xavfsizlik choralarini oshirish bo’yicha barcha imkoniyatlar ishga solinmoqda”, - deydi Milliy xavfsizlik kengashi vakili Jon Kirbi.
Texas, Arizona va Florida shtatlarining respublikachi guberntorlari migrantlarni atay demokrat shtatlarga tarqatmoqda. Ular chegaradagi holat uchun Baydenni ayblamoqda.
BMT minbarida so’zlar ekan, Kolumbiya prezidenti Gustavo Petro migrantlar masalasi global muammo ekanini ta’kidladi. Unga ko’ra, ommaviy migratsiyaga iqlim o’zgarishi ham jiddiy turtki bermoqda.
“Bugun o’n millionlab migrant sarson-sargardon. Ekspertlar 2070-yilga borib ularning soni 3 milliardga yetishidan ogohlantirmoqda”, - dedi prezident.
Omar BMT yig’inida aytilgan gaplar amaliy natija berishidan umidvor.
“Mamlakatlar mehnatsevar odamlarga eshiklarini ochsin”, - deydi u.
Masalaga konkret yechim topilmas ekan, Nyu-York migrantlar muammosi bilan yashamoqda