Breaking News

Taniqli uyg'ur folklorshunosi Xitoyda bir umrga qamalgani tasdiqlandi


Qashqar, Xitoy, 2019-yil, 4-iyun
Qashqar, Xitoy, 2019-yil, 4-iyun

Taniqli uyg‘ur folklorshunosi Rohila Davut birinchi marta g‘oyib bo‘lganidan taxminan olti yil o‘tib, Xitoy sudi uni umrbod qamoq jazosiga hukm qilgani tasdiqlandi. Bu haqda inson huquqlari bilan shug’ullanuvchi Kaliforniyadagi Duy Xua fondi xabar berdi.

Xitoy hukumatidagi manbaga tayanib, fondning payshanba kuni ma’lum qilishicha, taniqli uyg‘ur olimi Davut davlat xavfsizligiga xavf solganlikda ayblanib, umrbod qamoq jazosiga hukm qilingan.

Bu xabar Davutning qizi Aqida Po’lat uchun dahshatli yangilik bo'ldi. U ko'p yillar davomida onasi tez orada ozodlikka chiqishiga umid bog'lab kelayotgan edi.

“Oxirgi bir necha yildan beri onamning salomatligi va xavfsizligi haqida qayg‘urib kelaman, - dedi Po‘lat “Amerika Ovozi” bilan suhbatda. - Begunoh onam umrining oxirigacha qamoqda qolishi haqida o'ylash meni juda g'azablantirdi va men uning darhol ozod qilinishini xohlayman".

Davutning umrbod qamoqqa tashlanishi Pekinning Shinjonda uyg'ur ziyolilari hibsga olinishi va uyg'ur madaniyatini yo'q qilish kampaniyasi naqadar jiddiyligini ko’rsatadi. Uyg‘ur Inson huquqlari loyihasiga ko‘ra, mintaqada 300 dan ortiq uyg‘ur ziyolilari hibsga olingan.

"Uyg'urlar orasida ziyolilar va olimlar, professorlar juda yuqori hurmatga sazovor. Demak, ularga zarba berganingizda, uyg'ur madaniyatining tub markaziga zarba bergan bo’lasiz", - dedi "Amerika Ovozi" bilan suhbatda Dui Xua fondi ijrochi direktori Jon Kamm.

Mintaqada 3 millionga yaqin odam, asosan, uygʻurlar oʻzboshimchalik bilan hibsga olingani taxmin qilinadi.

Bir qancha davlatlar, jumladan, Qo'shma Shtatlar Xitoy hukumatini Shinjondagi uyg'urlar va ko'pchilikni tashkil etuvchi boshqa musulmon etnik guruhlarga qarshi genotsid va insoniyatga qarshi jinoyatlarni sodir etganlikda ayblab keladi.

“Amerika Ovozi”ga elektron pochta orqali yuborilgan javobda Xitoyning Vashingtondagi elchixonasi matbuot kotibi Davut ishidan bexabarligini aytdi.

"Sizga shuni ayta olamanki, Xitoy qonunga asoslangan davlat. Xitoyning sud muassasalari ishlarni qat'iy qonun asosida ko'rib chiqadi", - dedi matbuot kotibi Liu Pengyu. U mintaqaga oid genotsid haqidagi xabarlarni rad etdi.

Dui Xua jamg'armasiga ko'ra, birinchi marta 2017-yilda g'oyib bo'lgan Davut 2018-yilda ayirmachilik jinoyati bo’yicha sudlangan. Separatizm Xitoy hukumati uyg'urlarni nishonga olishda tez-tez foydalanadigan ayblovlar sirasiga kiradi.

Davut keyingi hukm ustidan apellyatsiya bergan, biroq uning shikoyati rad etilgan. Uning qachon umrbod qamoq jazosiga hukm qilingani noma'lum. Xitoy hukumatidagi ishonchli manba Davutning qamoq muddatini birinchi marta tasdiqladi, dedi Kamm “Amerika Ovozi” bilan suhbatda.

Sietlda istiqomat qiluvchi Po‘lat Xitoy hukumatini onasini ozod qilishga chaqirdi.

"Iltimos, bir oz rahm-shafqat ko'rsating va o'sha begunoh, bechora ayolni ozod qiling", - dedi u.

Taniqli ziyoli Davut g‘oyib bo‘lgan paytda mintaqa poytaxti Urumchidagi Shinjon universiteti professori edi. Faoliyati davomida u uyg‘ur folkloriga oid ko‘plab kitob va maqolalar nashr ettirgan va dunyoning yetakchi universitetlarida ma’ruzalar o‘qigan.

Indianadagi Rouz-Hulman Texnologiya Institutining uyg‘urshunos professori Timoti Groz ham so’nggi yangilikdan xavotirda.

“O’ylasam, xayolimga Rohilaning iliq tabassumi keladi. U bilan bo’lgan voqea yuragimga og‘riq beradi”, - dedi u.

Davut Grozning uzoq yillik ustozi va do'stidir.

Dui Xua jamg'armasi Pekinni Davutni zudlik bilan ozod qilishga chaqirayotgan ko'plab inson huquqlari tashkilotlari qatorida.

"Professor Rohila Davutning umrbod qamoq jazosiga hukm qilinishi uyg'ur xalqi va akademik erkinlikni qadrlaydigan barcha uchun shafqatsiz fojia, katta yo'qotishdir", - deyiladi Kamm bayonotida.

Shunday bo‘lsa-da, “Hayot bor joyda umid bor”, dedi u keyinroq “Amerika Ovozi” bilan suhbatda.

Vashingtondagi Uyg‘ur Inson huquqlari loyihasida ishlaydigan Zubayra Shamsiddin “Amerika Ovozi” bilan suhbatda aytishicha, Davutning tadqiqotlari uyg‘ur madaniyati va merosiga qaratilgani bois, uning umrbod qamoq jazosi Xitoyning “Uyg‘ur madaniyatini yer yuzidan yo‘q qilish niyatida ekanini” ko’rsatadi.

Inson huquqlari bo‘yicha huquqshunos Rayhon Asat bu fikrga qo’shilib, Davutga tayinlangan umrbod qamoq jazosi ziyolilarni nishonga olish orqali uyg‘ur madaniyatini yo‘q qilish bo‘yicha Pekin strategiyasining bir qismi ekanini aytdi.

“Agar tarixiy misollarga nazar tashlasangiz, davlat genotsid qilishga urinsa, ular jamiyatning eng yorqin va eng yaxshisini, oʻz madaniyatini, xalqning jamoaviy qadr-qimmatini saqlaydiganlarni nishonga oladi”, - dedi u “Amerika Ovozi” bilan suhbatda.

Asatning ukasi, tadbirkor Ekpar Asat 2016-yildan beri Shinjonda hibsda saqlanmoqda. Ko’plab uyg’urlarning hibsga olinayotgani haqidagi tinimsiz xabarlar butun jamiyatga zarar yetkazmoqda, dedi Asat “Amerika Ovozi” bilan suhbatda.

Uyg'urlar dardi: Xitoydan qochib kelgan uyg'ur jurnalist hikoyasi
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:36 0:00

"Bizning jarohatlarimiz, qayg'ularimiz - bularning barchasi bir-biriga bog'liq, - dedi u. - Biz bir-birimizning qayg'ularimizni birga olib yuramiz."

Po‘lat onasi qamoqda mustahkam turishiga umid qilishini aytdi.

"Men onamga aytmoqchimanki, kuchli bo'ling va butun dunyodagi odamlar hozir sizga g'amxo'rlik qilishmoqda, - dedi u. - Siz hech qanday yomon ish qilmadingiz va siz ozod bo'lishga loyiqsiz".

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG