Breaking News

Ekspertlar: Ish tabiati o'zgardi, ofislar ham o'zgarishi kerak


Yangicha ofislar qanday bo’ladi?
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:02:54 0:00

Koronavirus pandemiyasi paytida Amerikada ishlash va ishga borish degan tushunchalar o’zgardi. Millionlab odamlar hanuz uydan ishlar ekan, ekspertlarning aytishicha, ofislar o’zgarishi, ularning ehtiyojlariga moslashtirilishi zarur.

AQShda federal binolarni boshqaruvchi GSA agentligi xususiy kompaniyalar bilan hamkorlikda kelajakda ofislar qanday ko’rinishga ega bo’lishini, turli dizaynlarni sinab ko’rmoqda.

GSA shu maqsadda tashkil etgan zalda ayrim burchaklar an’anaviy ofisga o’xshaydi. Ayrim joylari esa uyni eslatadi. Barcha mebellar xususiy kompaniyalar tomonidan olib kelingan.

“Ofis ishchilarni o’ziga tortadigan joy bo’lishi kerak. O’zlari kelishni xohlasin”, - deydi GSA bosh arxitekrori Chak Xardi.

Yil davomida davlat idoralari xizmatchilari bu yerga kelib, ishlab ko’rishi mumkin. Evaziga o’z fikr-mulohazalarini qoldirishi so’raladi.

“Hamma narsa bir xil qolipda bo’lishi shart emas. Har bir idora o’ziga nima kerakligi haqida o’ylasin, yechimlar turlicha bo’lishi mumkin”, - deydi arxitektor.

Shunisi aniqki, deydi mutaxassislar, koronavirusdan keyingi davr uchun eski ofislar yaramaydi. Pandemiya paytida uydan ishlashga o’rganib qolgan xodimlar bo’m-bo’sh idoralarga qaytishni, kabinalarda ishlashni xohlamaydi.

Aditya Sangvi konsalting firmasida ko’chmas mulk bilan shug’ullanadi.

“Hozirgi ofislar albatta odamlar kelishi kerak bo’lgan joylar sifatida yaratilgan. Ko’p hollarda bir-biridan ajratilgan kabinalarni ko’rasiz. Zerikarli va odamlar kelishni xohlamaydigan joylar. Bugun ofisga kelish tanlovga aylandi, majburiy emas. Endi ofislar uyda ishlashdan ko’ra yaxshiroq, yo’l bosib kelishga arziydigan joy bo’lishi lozim”, - deydi u.

Masalan, yaxshiroq akustika va texnologiya. Ofisda harakatlanish, mebellarni joyidan ko’chirish oson bo’lishi kerak.

Aditya Sangviga ko’ra, konferensiya zallari ham ofisdan yoki uydan turib majlisda qatnashayotgan odamlarga moslashtirilishi, ishchilarning ehtiyojlari hisobga olinishi kerak.

“Ko’pchilik uydan ishlashining sababi shundaki, ular bolasiga qaraydi, itiga ovqat beradi va hokazo. Xo’sh, ishxonada it-mushukka qaraydigan joy ochib qo’ysakchi? Ofisda bog’cha bo’lsachi? Bu xizmatlar bilan ishchilar hayotini osonlashtirsak, ular ofisga qaytadi”, - deydi Sangvi.

Bo’lajak ofisni rejalayotganlar uchta asosiy kriteriyga e’tibor qaratmoqda.

“Sifatli bo’lishi, belgilangan maqsadga xizmat qilishi, lekin shu bilan birga chiroyli bo’lishi kerak. Xodimlar binoga kirganda o’zini yerto’lada yoki binoning 10-qavatida o’tirgandek his qilmasin”, - deydi Xardi.

Demak, bo’lajak ofisda o’zingizni ko’proq uydagidek his qilishingiz mumkin.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG