Breaking News

Pandemiya davrida ko'plab uysizlar turar joyga ega bo'ldi


Pandemiya davrida uysizlarga yordam
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:04:23 0:00

Koronavirus pandemiyasi davrida uysiz amerikaliklarga yordam berish uchun federal hukumat va mahalliy hokimiyatlar milliardlab dollar mablag’ sarfladi. Bu ko’pchilikning joniga oro kirdi, ammo yordam doimiy bo’lishi kerak, deydi faollar.

Daniel Bou AQShdagi yarim milliondan ortiq uysiz amerikaliklardan biri. U, odatda, ko’chada tunaydi. Qishning izg’irin kechalarida ham.

“Uyim bo’lsa qaniydi. Ammo bu osonlikcha bitadigan ish emas. Turli sinovlardan, mashaqqatlardan o’tish kerak; qog’ozbozlik ishlari ham bor. Shunchaki, sizga berib qo’yishmaydi”, - deydi u.

Pandemiya davrida uysizlarga e’tibor kuchaydi. Virus odamlar bilan gavjum boshpanalarda tez yuqishidan qo’rqqan hukumat ko’plab uysizlarni mehmonxonalarga joylashtirdi; ular alohida xona va tibbiy xizmat bilan ta’minlandi.

62 yoshli Kuini Fezerstoun uysizlik darajasi eng yuqori bo’lgan poytaxt Vashingtonda yashaydi.

“Sog’ligimda va eshitishimda muammo bor. Hozir xavfsiz joydaman. Men turgan boshpanalar yaxshi emas edi”, - deydi u.

“Bu odamlar mehmonxonalarda turishining boshqa foydalari ham bor. Ularning emlanish darajasi yuqori va bu yerdagi boshqalar orqali doimiy turar joy topish imkoniyatiga ham ega bo’lishdi”, - deydi Kolumbiya okrugi shahar kengashi a’zosi Briana Nadeu.

Uysizlar uchun konteynerlardan qurilgan boshpana
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:00 0:00

Kolumbiya okrugida uysizlarni doimiy boshpana bilan ta’minlash uchun boylarga soliq solish orqali 65 million dollar yig’ildi. Pandemiya tufayli qabul qilingan federal yordam dasturi orqali ham alohida mablag’ ajratildi.

“Xususiy sektordan olinadigan kvartira ijarasi uchun 70 ming kishiga yordam berildi. Uy-joy qurish uchun yana besh milliard dollarlik grant ajratildi”, - deydi Uy-joy va shaharsozlik vazirligi rasmiysi Richard Cho.

Bu katta mablag’, ammo ehtiyoj ham ulkan. 2019-2020-yillarda Los-Anjeles kabi shaharlarda turar joy tanqisligi va ijara narxining oshishi tufayli uysizlar soni 7 foiz o’sgan.

“Uy-joyning o’zi odamlardagi ruhiy beqarorlikni yoki alkogol va giyohvandlikka ruju qo’yish muammosini hal qila olmaydi. Samaradorlik juda kam ekanini ko’rib, mablag’ni yanada oshirishga qurbimiz yetadimi, deya xunob bo’lasiz”, - deydi ekspert Stiven Eyd.

Prezident Bayden ma’muriyati, avvalo, odamlarni uy-joyli qilish niyatida. Bu nisbatan kamxarj va samaraliroq; shuningdek, boshqalar ham yordam bermoqda, deydi Cho.

“Biz hozir soliq to’lovchilar sifatida uysiz odamlarga 40-60 ming dollar atrofida sarflayapmiz. Aslida esa bitta odamni uy bilan ta’minlash yiliga 20-25 ming dollardan oshmaydi; balki bundan ham kam”, - deydi Uy-joy va shaharsozlik vazirligi rasmiysi.

Uysizlar huquqlari himoyachisi Robert Uorren umri davomida uch marta uysizlikka yo’liqqan. Pandemiya davrida olingan saboqlar asosida bu muammoga uzoq muddatli yechim topish kerak, deydi u.

“Ovqat pishirish, ozodalik, o’ziga qarab yurish, xullas, bu odamlar o’rganishi kerak bo’lgan narsalar ko’p. Buning uchun esa yetarli resurslar shu paytgacha bo’lmagan”, - deydi Uorren.

O’tgan yili koronavirus bilan xastalanib chiqqan Kuini hozirda o’z xonasiga ega ekanidan xursand.

“Men ishlay olaman, chunki boshpanaga ega bo’lish uchun shunday qilish kerak. Men namuna bo’lishim mumkin. Giyohvand emasman, ichkilikka berilmaganman, ruhan beqaror emasman. Shunchaki, qiyinchilikka yo’liqdim”, - deydi u.

Bu orada Fezerstoun har kuni uysizlar oldiga qatnab, ularga yordam berishga harakat qilmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG