Breaking News

AQSh generali: Biz konstitutsiyaga xizmat qilamiz


AQSh generali: Biz diktatorga xizmat qilmaymiz
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:02:28 0:00

AQSh qurolli kuchlari bosh shtabi sobiq rahbari general Mark Millli iste’fodan avvalgi nutqida Amerika demokratiyasi va Konstitutsiyasini himoya qilishga chaqirdi. U o’z o’rnini armiyaning yuqori lavozimli generali Charlz Braunga topshirdi.

Bu iste'foga chiqayotgan Amerika generali uchun xos bo’lgan odatiy nutq emas.

"Biz qirolga, malikaga, zolim yoki diktatorga bay’at bermaymiz. Biz diktatorlikka moyil odam uchun qasam ichmaymiz. Biz Konstitutsiyaga qasamyod qilamiz. Biz Amerika degan g'oyaga qasamyod qilamiz va uni himoya qilish uchun o'limga tayyormiz”, - dedi general Mark Milli.

General Mark Millining ofisi iste'fo oldidan bosh shtab boshlig’i bu nutqida kimni nazarda tutayotgani haqidagi so'rovlarga javob bermadi. Ba'zilar bu nutqda o'z lavozimiga qaytishga intilayotgan sobiq prezident Donald Trampga ishora borligini aytmoqda.

Tramp ijtimoiy tarmoq orqali o’zining prezidentlik muddati tugashi arafasida Milli Xitoy bilan yashirin muzokaralar olib borganini va bu uchun qatlga loyiqligini aytganidan so’ng general o’zining va oilasining xavfsizligini himoya qilish choralarini ko‘rishini aytdi.

2021-yil sentabrida Milli AQSh Kongressiga bergan ko’rgazmasida Tramp hokimiyatining so‘nggi haftalarida Xitoyga hujum qilishni rejalashtirmayotgani haqida Pekindagi rasmiylarga ma’lumot berganini aytgan.

“O'sha paytda mening vazifam keskinlikni kamaytirish edi. Doim aytgan gapim bu: xotirjam va barqaror bo'ling; keskinlikni pasaytiring. Biz sizga hujum qilmoqchi emasmiz", - degan edi AQShning bosh generali.

O‘zining to‘rt yillik faoliyati davomida Milli 2019-yilda “Islomiy davlat” terror guruhi yetakchisi Abu Bakr al-Bag‘dodiyning o‘ldirilishini, 2021-yil avgustida Afg‘onistondan qo‘shinlarning tartibsiz olib chiqilishini hamda Rossiyaning 2022-yil fevralidagi bosqinidan keyin Ukrainaga ko‘rsatilgan harbiy yordamni nazorat qildi.

Prezident Jo Bayden Millining xizmatiga yuqori baho berdi.

"Konstitutsiyaga kelganda, Mark uni o’ziga mayoq deb hisoblagan. Men u bilan birga xizmat qilganimdan juda faxrlanaman", - dedi prezident.

Milli harbiy yetakchiliki general Charlz Braunga topshirmoqda.

Braun mamlakat bosh harbiy shtabining 21-rahbari va bu lavozimni egallagan ikkinchi qora tanli zobit bo’ladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG