So'nggi so'rovlar qora tanlilar va ispanzabon saylovchilar orasida AQSh Prezidenti Jo Baydenni qayta saylashni qo’llab-quvvatlovchilar soni kamayganini ko'rsatmoqda. Tahlilchilar o'zgarish katta emasligini ta'kidlasa-da, kelgusi saylovlarda ular hal qiluvchi ahamiyatga ega bo'lishi mumkin.
Prezident Jo Bayden 2020-yil noyabr oyida saylanganida, uni oq tanli boʻlmagan saylovchilarning 70 foizdan koʻprogʻi qoʻllab-quvvatlagan edi. Oradan uch yil o’tib, bu qo'llab-quvvatlov kamayayotganga o’xhsaydi.
“New York Times” tahlilining ko'rsatishicha, sentabr oyi boshida bu demografik guruhning faqat 53 foizi Baydenni yoqlashini aytgan.
Perulik muhojirlarning farzandi Madlen Bushey 2024-yilda ham Baydenga ovoz berishini aytadi, ammo ba'zi ispanzabonlar nega respublikachilarga moyil bo’layotganidan hayron emas.
“Bilasizmi, latinolar biroz konservativ. Yangiliklarda hamma abort, LGBTQ+ huquqlari haqida gapiryapti va hamjamiyatimiz bu borada biroz konservativ. Shuning uchun, menimcha, respublikachilar ularni o’ziga og’dirishni yaxshi eplayapti”, - deydi u.
Tahlilchilar bu o’zgarishlarni qayd etadi, ammo xulosa qilishga shoshmayapti.
"Biz Respublikachilar safida ba’zi konservativ ispanzabonlar va afro-amerikalik ishchilarni ko'ryapmiz. Bu o'nlab yillar davomida sodir bo'lgan mafkuraviy jarayonni aks ettiradi", - deydi tadqiqotchi Umar Vasov.
"Bu o'zgarishlar kelajakda qayerga yetaklashini bilish uchun hali yetarli muddat o’tmadi", - deydi yana bir ekspert Zoltan Hajnal.
Tarixan qora tanlilarning qariyb 90 foizi har doim demokratlarga ovoz bergan. Ammo ularning ayrimlari bugun 2024-yil haqida hali bir qarorga kelmaganini aytmoqda. Ular Bayden ma'muriyatidan, xususan, hal etilmagan ijtimoiy va iqtisodiy tengsizlikdan hafsalasi pir bo'lganini yashirmaydi.
"Inflyatsiya osmonga sakragan, ammo ish haqida shunga mos o'sishini ko'rmayapmiz”, - deydi saylovchi Lonni Persli.
Denis Uilyamsga ko’ra, ijtimoiy va iqtisodiy tengsizlik davom etmoqda.
"Salomatlik, pul nuqtai nazaridan tarozi pallasi hamma uchun bir xil emas", - deydi u.
Bayden jamoasi qora tanlilar va ispanzabonlar orasida prezident mashhurligini va ma'muriyat ushbu jamoalar bilan ishlashda jadal davom etayotganini ta'kidlaydi.
"Biz har bir so'rovga e'tibor qaratmaymiz. Saylovda hal qiluvchi rol o'ynaydigan jamoalar bilan ishlashga harakat qilyapmiz. Biz qora tanlilar va latinolar ovozini e’tiborisz qoldira olmasligimizni bilamiz. Shu bois biz har bir saylovchiga yetib borish uchun ushbu kampaniyaga tarixiy sarmoya kirityapmiz”, - dedi Bayden saylov kampaniyasi so’zlovchisi Kevin Munyoz.
Bu 25 million dollarlik sarmoya. Avgust oyidan beri bir qator muhim shtatlarda raqamli, televideniye hamda radio reklamalar orqali ispanzabon va afro-amerikalik saylovchilar nishonga olinmoqda.