Virjiniya shtatida ayrim demokratlar 2024-yil saylovlarida Jo Baydenning o’z partiyasidan yakuniy nomzod bo’lishidan xavotirda. Asosiy sabab – prezidentning yoshi.
“U keng bilimga ega, biroq samara borasida meyoridan sekinroq ishlaydigan prezident”, - deydi virjiniyalik Darin Marshal.
“Ko’pchilik partiya boshqa bir nomzodni qo’llay boshlashini kutmoqda”, - deydi Melissa Fray.
“Raqobat bo’lsa yaxshi, insonning samaradorligi ortadi”, - deydi yana bir virjiniyalik fuqaro Yaylin Rodriges.
Shu kungacha demokratlardan ikki da’vogar amaldagi prezident bilan raqobatlashmoqchi: Ular - ma’naviyat faoli Marianna Vilyamson hamda yurist-ekolog kichik Robert Kennedi.
“Tarixni tahlil qilib, aytish mumkinki, Baydenning o’zi iste’fo bermasa, demokratlardan uning o’rniga boshqa biror nomzod tanlanmaydi”, - deydi siyosatshunos olim Ben Berger.
Tarixchilarga ko’ra, partiyadan amaldagi prezident o’rniga nomzod bo’lish mushkul ish.
“Ularning nomi birday tan olinmaydi. Prezident raqiblaridan ko’proq moliya manbalariga ega. Boshqaruv malakasi yuqori”, - deydi tarixchi olim Allan Lixtman.
“Jimmi Karter zaif prezident bo’lgan, 1980-yil Senator Ted Kennedi nomzod bo’lishiga imkon bermagan. Zaif rahbar katta Jorj Bush ham 1992-yil nomzodlik o’rnini berib qo’ymagan”, - deydi olim Devid Grinberg.
Respublikachilardan, katta ehtimol bilan, Donald Tramp yakuniy nomzodga aylanadi. Shunday bo’lsa, hisob Bayden foydasiga hal bo’ladi, kelasi yil demokrat saylovchilar Baydenni qo’llab-quvvatlaydi, deydi siyosatshunos MakKorkl.
“Manzara hozircha shunday ko’rinishda, biroq har ikki da’vogarning keksa yoshi, Trampmning sudlarga doir muammolari tufayli saylov kunigacha nomzodlar o’zgarishi ham mumkin”, - deydi Papa "Mak" Makkorkl.
Saylovga bir yildan ziyod vaqt bor. Ekspertlarga ko’ra, ayni damda xulosa qilishga erta. Nomzodlar bo’yicha hozirgi so’rovlar 2024-yil noyabriga qadar prognoz sifatida hech qanday qiymatga ega emas.