AQSh Prezidenti Jo Bayden Vilnyusda o’tgan NATO sammitidan so’ng Xelsinkida skandinav mamlakatlari rahbarlari bilan ko’rishdi. Mintaqaning bir mamlakati NATOga yaqinda qo’shilgan, yana biri a’zo bo’lish arafasida turibdi.
Baydenning Finlyandiya Prezidenti Sauli Niinistoga aytishicha, AQShda ma’muriyat o’zgarsa ham Yevropaga xayrixohlik saqlanib qoladi.
"Buni to’liq kafolatlayman. Shubhalanmasangiz ham bo’ladi. Amerika xalqi transatlantika aloqalarni to’la-to’kis qo’llab-quvvatlaydi”, - dedi u.
Biroq AQShning Baydendan oldingi prezidenti Donald Tramp NATOni eskirgan tashkilot deb, ittifoqchilar xavotiriga sabab bo’lgan edi.
Niinistoning aytishicha, uning mamlakati NATOga qo’shilganidan beri o’zini ancha xavfsiz his qilmoqda.
“Aholining 80 foizi NATOga a’zo bo’lganimizni qo’llab-quvvatlaydi va 80 foizidan ko’pi ittifoqchilarimizni himoya qilishimiz kerakligiga qo’shiladi”, - deydi u.
Yevropadagi ayrim mamlakatlar Prezident Putin Ukrainadan so’ng ularga ham hujum qiladi degan fikrda.
Besh yil oldin aynan Xelsinkida Tramp Putin bilan ko’rishib, ikki davlat aloqalarini yaxshilash xususida gaplashgan edi. Tramp Putinni iliq so’zlar bilan tilga olgan, Bayden esa uni qotil deb atagan.