Breaking News

NATO sammitidan nimalar kutilmoqda?


NATO bosh kotibi Yens Stoltenberg
NATO bosh kotibi Yens Stoltenberg

Stoltenberg Vilnyus sammitida Shvetsiyani yangi a’zo sifatida qarshilashga umid qilgan edi. Biroq Qurbon hayiti kuni Stokgolmdagi masjid yonida mahalliy ma’muriyat roziligi bilan Qur’on kitobining yoqilishi va tahqirlanishi Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdog’anga Shvetsiyaning NATOga a’zolik uchun arizasini noma’lum muddatga to’xtatib qo’yishga yetarlicha sabab bo’lib xizmat qilishi mumkin.

Xalqaro hayot - 30-iyun, 2023-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:10:57 0:00

Yanvar oyida ham o’xshash voqea ro’y berganida Erdog’an keskin norozilik bildirgan edi. Bu gal ham Erdog'an va Turkiya Tashqi ishlar vazirligi hodisani qoraladi.

Erdog’anning yangi muddatga saylanishi, ayrim kuzatuvchilar nazarida, uning NATO hamkorlari bilan muzokaralarda pozitsiyasini qat’iylashtirishi mumkin.

“Keyingi besh yilda saylovga yuz tutish zaruratidan ozod bo’lgan Erdog’an Shvetsiyaning NATOga a’zolik arizasini tasdiqlashga kelganda endi narxini oshirishi ham mumkin”, - deydi Vashingtondagi Brukings institutining tahlilchisi Asli Oydintoshbosh.

Shvetsiya hukumatini AQSh va Yevropa Ittifoqi terrorchi tashkilot deb biluvchi Kurdiston ishchilar partiyasining kurd bo’lginchilariga boshpana berganlikda ayblayotgan Erdog’an uning tashkilotga qo’shilishiga qarshilik bildirib kelmoqda.

Anqara Stokgolmga kurdlar guruhiga ortiq xayrixohlik ko’rsatmaslik hamda uning a’zolarini Turkiyaga ekstraditsiya qilish shartini qo’ygan.

Seshanba kuni Shvetsiya Tashqi ishlar vaziri Tobias Billstrom uning hukumati xavfsizlikka doir barcha talablar bajarilganini aytdi.

Tahlilchilarning aytishicha, masalaning yechimi Vashingtonda. Turkiya AQShdan F-16 samolyotlarini xarid qilishni va o’zidagi shunday samolyotlarni zamonaviylashtirishda yordam olishni istaydi.

“Ma’lum bir bosqichda Amerika bunga ko’nadi degan fikrdaman. Turkiya NATO kengayishini to’xtata olmaydi deb o’ylayman. Shvetsiyaning a’zolik masalasi qancha uzoq cho’zilsa, Rossiyaga shuncha yaxshi bo’ladi”, - deydi Anqaradagi Tashqi siyosat instituti prezidenti Husayn Bog’chi.

Prezident Bayden yaqinda qiruvchi samolyotlarni Turkiyaga sotish masalasida xayrixohlik bildirdi. Biroq ayrim ekspertlar fikricha, Erdog’an Vashingtonga taklifni ham undirishga umid qilmoqda.

“Erdog’an davlatni 20 yildan oshiq boshqarmoqda. Shu davr ichida Bayden u bilan xoh Amerika, xoh Turkiya poytaxtida uchrashishdan bosh tortgan Amerikaning yagona prezidentidir. Erdog’an Vashington tomonidan izolyatsiyaga chek qo’yishni maqsad qilgan bo’lishi mumkin”, - deydi Istanbuldagi Qodir Has universiteti professori Serhat Guvench.

Tahlilchilar nazarida, NATOning kelasi oy Vilnyusda bo’ladigan sammiti AQSh va Turkiya rahbarlari uchun kelishmovchiliklarni chetga surib, Shvetsiyaning NATOga a’zoligi va Erdog’anning Vashingtonga taklif etilishi masalalarida kelishishiga bir imkoniyat bo’ladi.

NATOning keyingi rahbari kim bo’ladi?

NATO sammitida rahbarlar alyans bosh kotibini ham yangilashi kutilmoqda. O’tgan yil sentabrida bosh kotiblik muddati tugagan Yens Stoltenberg Ukrainadagi urush sabab lavozimida yana bir yilga qoldirilgan edi. Ba’zi a’zo mamlakatlar tashkilotni to’qqiz yil boshqargan Norvegiya sobiq bosh vazirining muddatini yana uzaytirish tarafdori.

Shu hafta Stoltenberg Vashingtonda bo’lib, Prezident Jo Bayden bilan ko’rishdi.

“Sizning rahbarligingiz ostida Ukraina mustaqilligi yo’lida NATOdan tashqari boshqa mamlakatlar ham, jami 40 davlat xizmat ko’rsatmoqda”, - dedi Bayden.

Odatda bosh kotiblikka Yevropa vakili tanlanadi, biroq a’zolar 64 yashar Stoltenbergning o’rniga kimni tanlashga kelisha olmayapti.

Nomzodlardan biri Daniya Bosh vaziri Mette Frederiksen. Yaqinda u ham Vashingtonga borib keldi. Ispaniya Bosh vaziri Pedro Sanches, Britaniya Mudofaa vaziri Ben Uollas va yana 1-2 ta arbob ehtimoliy nomzodlar.

“NATO bosh kotibi Ukraina masalasida qattiq gapiradigan, alyans birligini saqlay biladigan odam bo’lishi kerak”, - deydi Yevropa siyosiy tahlil markazidan Joel Xikmen.

Stoltenberg mandatini uzaytirish tarafdorlari ham bor, biroq uning o’zi bu borada fikr bildirmagan. Yana ayrimlar bosh kotibning Sharqiy Yevropadan bo’lishini taklif etmoqda.

NATOning yangi bosh kotibi kim bo’lishidan qat’i nazar, u Yevropada yirik urush boshlanishi yoki Ukraina ixtilofining yadro mojarosiga aylanishi ehtimoli, Xitoying oshib borayotgan harbiy qudrati, kiber va fazo texnologiyalarida raqobat kabi ko’plab vazifa va mummolar bilan yuzlashadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG