Breaking News

Vashingtonda NATO istiqboli muhokama qilindi


AQSh rahbari Jo Bayden NATO Bosh kotibi Yens Stoltenberg bilan muloqotda. Oq uy, Vashington shahri, 13-iyun, 2023.
AQSh rahbari Jo Bayden NATO Bosh kotibi Yens Stoltenberg bilan muloqotda. Oq uy, Vashington shahri, 13-iyun, 2023.

Oq uyda NATO Bosh kotibi Yens Stoltenbergni qabul qilgan Prezident Jo Bayden AQSh Rossiya bosqiniga qarshi Ukraina mudofaasini qo’llab-quvvatlashda davom etishini ta’kidladi. Kiyevga qiymati 325 million dollarga teng bo’lgan navbatdagi yordam yo’llanishini e’lon qildi.

Bayden 2014-yil bitimiga ko’ra, NATO ga a’zo 31 mamlakatga yalpi ichki mahsulotining kamida ikki foizini mudofaa uchun ajratish talabini eslatdi.

Xalqaro hayot - 14-iyun, 2023-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:08:15 0:00

“Biz NATO ning sharqiy qanotini mustahkamladik, blok hududining har bir qarichini himoya qilishimiz haqida aniq pozitsiyamizni bildirdik. Kelasi oy o’tadigan Litva sammitida bu ruhiyatni kuchaytiramiz, ittifoqchilar mudofaa uchun yalpi ichki mahsulotining kamida ikki foizini ajratishi qat’iy talab qilinadi”, - dedi Bayden,

Sentabr oyidan NATO rahbarligidan ketishi kutilayotgan Stoltenberg iyul sammitida blokning Ukrainaga yordamini oshirish masalasi ko’rib chiqilishini bildirdi. Qarshi hujum operatsiyasida Kiyev yolg’iz emasligini ta’kidladi.

“Biz Ukrainaga ko’rsatayotgan yordam jang maydonlarida o’zgarish yasamoqda. Qarshi hujumni boshlagan Ukraina ustunlikka erisha boshladi. Xulosaga erta, biroq shunisi ayonki, Ukraina qancha ko’p yerni ozod etsa, muzokara stoliga shuncha kuchli shart bilan o’tiradi”, - dedi Stoltenberg.

“Yevropa Ittifoqidagi kelajak, NATO ga qo’shilish muhim masala”, - deydi Ukraina rahbari Volodimir Zelenskiy.

“Masalaga nuqta qo’yilmagan. NATO ning Ukrainani dastaklashi va kelajakda uni blokka qo’shish ehtimoli borasida ishtiyoq kuchli. Biroq bu real rejaga aylanishi uchun hisoblashish shart bo’lgan omillar ko’p”, - deydi Strategik va xalqaro tadqiqotlar markazi eksperti Maykl Kimmeyj.

Vashington safari chog’ida Stoltenberg Senatda kamchilik lideri Mitch Makkonnel bilan ham uchrashdi. Muloqot haqida gapirar ekan, Makkonnel Stoltenberg NATO sammitiga blokka a’zo bo’lmagan Yaponiya va Janubiy Koreya vakillarini taklif etgani, Shvetsiya iyul sammitida alyans safiga rasman qo’shilishi mumkinligini bildirdi.

Shvetsiyaning NATO ga qo’shilish bo’yicha harakati blok a’zosi Turkiya tomonidan ma’qullanmagan. Anqara Stokgolmni ekstremist tashkilot vakillariga boshpana berganlikda ayblab keladi.

“Shvetsiya NATO ga qo’shilish dardida yonar ekan, Turkiya fursatdan foydalanib qoladi. Turkiya bu o’yinda AQSh va boshqa ittifoqchilardan o’z manfaatiga uyg’un shartlarga erishish evaziga Shvetsiya arizasini ma’qullashi kutiladi. Jiddiy masalalar bilan birga Turkiyaning biroz ayyorligi ham sezilmoqda”, - deydi Kimmeyj.

Tahlilchilar NATO birdamligi uni boshqaradigan yangi liderga bog’liq ekanini aytmoqda. Bayden va Stoltenberg bu borada sukutda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG