NATO mudofaa vazirlari majlisining ikkinchi kuni
NATOga a’zo davlatlar mudofaa vazirlari bugun Bryusselda ikkinchi kun majlis qildi. Ukrainaga harbiy ko’makni davom ettirish, uning alyansga a’zo bo’lish istiqbollari, o’q-dori zaxiralarini to’ldirish, a’zo mamlakatlar harbiy byudjetini oshirish kabi mavzular muhokama qilindi.
Ukrainaning payshanba kuni da’vo qilishicha, oy boshida qarshi hujum boshlanganidan beri 100 kvadrat kilometrlik hudud ruslardan tortib olingan.
Ukraina generali Oleksiy Gromov sharqdagi Donetsk va janubdagi Zaporojye viloyatlarida yettita aholi punkti ozod etilganini bildirdi.
“NATOdagi ittifoqchilarning Ukrainaga ko’plab oylar davomida berayotgan yordami shu tobda jang maydonida samarasini bermoqda”, - dedi NATO Bosh kotibi Yens Stoltenberg Ukrainaning yutuqlari haqidagi bayonotini izohlarkan.
Rossiya Prezidenti Vladimir Putin esa aksincha Ukraina qarshi hujumda olg’a siljimaganini, katta talafotlar ko’rayotganini aytgan.
Rossiya matbuoti Ukrainaning qarshi hujumda vayron bo’lgan va ishdan chiqarilgan harbiy texnikasi tushirilgan tasvirlarni bot-bot namoyish etmoqda. Germaniyada ishlangan “Leopard” tanklari va AQShning “Bredli” piyoda askarlar uchun jangovar mashinalarini urgan rus harbiylari davlat mukofotlariga taqdim etildi.
AQSh Mudofaa vaziri Lloyd Ostin talafotlar urushning ajralmas qismi ekanini aytadi.
“Ruslar mana shu beshta mashinani 10 ta burchakdan ming marotaba ko’rsatib chiqdi. Ukraina ancha katta jangovar salohiyat va qudratga ega”, - dedi u.
Ayrim mutaxassislar fikricha, asosiy zaxiralarini jangga tashlashdan oldin qarshi hujumning birinchi bosqichida Ukraina oz sonli qo’shinlari yordamida rus armiyasining mudofaa chiziqlarida zaif joylarini topishga urinmoqda.
Ostin Ukrainaga harbiy yordam susaymasligini aytarkan, 50 ga yaqin ittifoqchi davlatlarni bu ishda faol bo’lishga chaqirdi. Ukrainaning jang maydonidagi yutuqlari tashqi yordam davom ettirilishini ta’minlashi aytilmoqda.
“Ukrainani mudofaa qilish aloqa guruhi”ga a’zo bir necha mamlakat mudofaa vazirlari Ukraina havo mudofaasi tizimlari uchun qo’shimcha o’q-dori berishni va’da qildi.
Daniya va Niderlandiya ukrainalik uchuvchilarni F-16 qiruvchi samolyotlarida uchishni o’rgatishga qaratilgan mashg’ulotlar shu yoz boshlanishini bildirdi.
Biroq AQSh qurolli kuchlari bosh shtabining rahbari general Mark Milli samolyotlar Ukrainaga hali-beri berilmasligini aytdi.
“Qilinadigan ish ko’p hali. Tilni o’rganish kerak, pilotlarni tayyorlash kerak, barcha tizimlarni joy-joyiga qarab harakatga keltirish lozim, ammo loyihani tugatishdan ancha yiroqmiz”, - dedi u.
G’arbdagi ayrim kuzatuvchilar vaqt g’animat ekanini, qiruvchi samolyotlarni Ukrainaga tezroq berish muhimligini aytadi. Rossiya esa Ukrainaga samolyotlar berilsa, mojaro kuchayishi haqida ogohlantirgan.
Putin: Rossiya yadro qurollari Belarusga yetkazildi
Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bugun Sankt-Peterburgdagi xalqaro iqtisodiy forumda so’zlab, NATOning Ukrainadagi mojaroga bevosita tortilishi xavfi haqida gapirdi. Shunday bo’lgan taqdirda nizo kattaroq urushga, hatto yadro urushiga aylanishi mumkinligini ayrim kuzatuvchilar xavotir bilan tilga oladi.
Rossiya NATO davlatlarini o’ziga tahdid deb bilarkan, ittifoqchi Belarusga S-400 havo mudofaasi tizimlari va taktik yadro qurollarini uzatmoqda. Putin yadro qurollarining bir qismi Belarusga yetkazilganini tasdiqladi.
Belarus Prezidenti Aleksandr Lukashenko bir necha kun oldin Rossiya televideniyesiga bergan intervyusida Belarus hujumga uchrasa, yadro qurollarini ikkilanmasdan ishga solishini aytdi.
Ukrainaning NATOga qo'shilish jarayoni tezlashtirilishi mumkin
NATO vazirlarining Bryusseldagi majlisida Ukrainaning alyansga qo’shilish istiqbollari ham muhokama etildi. Rossiya qo’shni davlat NATOga a’zo bo’lsa, nizo kuchayishini bildirarkan, harbiy harakatlar aynan shunday ehtimolning oldini olish uchun boshlanganini eslatadi.
Biroq Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy bu yo’ldan qaytmoqchi emas. U Yevropa parlamentining NATO davlatlarini urush tugaganidan so’ng Ukrainani alyansga qabul qilish jarayonini boshlashga chaqiruvchi rezolyutsiyasini olqishladi.
Germaniya Mudofaa vaziri Boris Pistoriusning bugun aytishicha, alyans a’zolari Ukrainaning a’zolik yo’lidagi ayrim rasmiyatchiliklarni olib tashlash fikriga qarshi emas.
"Hamma bunga rozi bo’lishiga alomatlar kuchaymoqda”, - dedi u.
Zelenskiy, shuningdek, Ukrainaning Rossiyaga qarshi urushini musodara qilingan va muzlatilgan Rossiya mulklari va pullari hisobiga moliyalashtirishni osonlashtirishga yordam beruvchi va har ikki partiya qonunchilari muallifligidagi qonun loyihasining AQSh Kongressida kiritilganini ham ijobiy qarshiladi.
Boltiq mamlakatlari NATO kengayishidan mamnun
Ayni damda NATOga 31 mamlakat a’zo. Finlyandiya yaqinda qo’shildi. A’zolik uchun navbatda Shvetsiya turibdi. NATO kengayishining oldini olishga qaratilgan Ukraina urushi aksincha alyansning kattayishiga olib keldi.
Yillar davomida betaraf bo’lgan va harbiy bloklarga qo’shilmagan Finlyandiya va Shvetsiyaning bu siyosati endi tubdan o’zgarmoqda.
“Finlyandiya va Shvetsiyaning NATOga qo’shilishi Boltiq dengizi mintaqasi va Arktikada NATO mudofaasi uchun muhimdir”, - deydi Finlyandiyaning Estoniyadagi elchisi Vesa Vasara.
NATOning Boltiq dengizi atrofidagi a’zolari bu o’zgarishlarni iliq qarshilamoqda.
“O’z harbiy salohiyatimiz o’ta cheklangandir. Atigi 24 ta zambaragimiz bor. Na tank, na samolyot, na harbiy kema va jangovar vertolyot bor bizda”, - deydi estoniyalik tahlilchi Vilyar Vibel.
Rossiya NATO davlatlari kabi Boltiq dengizidan foydalanib turadi, harbiy mashg’ulotlar o’tkazib keladi.
“Dengizda ham, havoda ham ular faol. Havo sarhadlarini nazorat qilish missiyasimiz doirasida bir necha bor rus samolyotlariga duch kelganmiz”, - deydi Britaniyaning Tallindagi elchixonasida harbiy maslahatchi Robert Stedman.
Estoniya hududda NATO a’zolari ko’payayotganidan xursand, biroq Moskva qarshi choralar ko’rayotganini xavotir bilan tilga oladi.
“Bizga yaqin hududda yangi diviziyalar, yangi korpuslar tuzishyapti”, - deydi Estoniya Mudofaa vaziri Xanno Pevkur.
Afrika rahbarlari tinchlik missiyasi bilan Kiyevda
Bugun Afrikaning bir necha mamlakati rahbarlaridan iborat delegatsiya Kiyevga bordi. Janubiy Afrika, Senegal, Zambiya prezidentlari, Misr bosh vaziri va Uganda sobiq bosh vaziri Ukraina-Rossiya mojarosini hal qilish maqsadida vositachilikka qo’l urmoqda, o’z tinchlik tashabbusini taklif etishyapti. Bugun ular Ukraina prezidenti bilan, ertaga esa Sankt-Peterburgda Vladimir Putin bilan uchrashishadi.
Ukraina o’z tinchlik tashabbusini olg’a surgan. Unga ko’ra, tinchlik muloqotidan oldin rus qo’shinlari mamlakatni butunlay tark etishi kerak.
Putin Janubiy Afrikaga boradimi?
Delegatsiyaga Janubiy Afrika Prezidenti Siril Ramafosa yetakchilik qilyapti. Bu mamlakat avgust oyida BRIKS tashkilotining sammitiga mezbonlik qiladi. Anjumanga Rossiya rahbari ham borishi mumkin, biroq buning uchun Ramafosa uning daxlsizligini kafolatlashi lozim.
Janubiy Afrika Rossiyaga hamkor davlat, uning Ukrainadagi urushini ochiq qoralamagan, biroq shu bilan birga, Janubiy Afrikaning Xalqaro jinoiy sudga a’zoligi undan sud qarorlarini bajarishni talab qiladi.
Gaagada joylashgan Xalqaro jinoiy sud Prezident Putin va yana bir rossiyalik rasmiyni ukrainalik bolalalarni Rossiyaga noqonuniy ravishda ko’chirish orqali urush jinoyatlariga qo’l urganlikda ayblab, mart oyida ularni hibsga olishga qaror chiqardi.
Bu esa avgust oyida BRIKS sammitiga mezbonlik qilish taraddudida bo’lgan Janubiy Afrika rahbarini qiyin ahvolga solib qo’ydi. Ramafosa uning mamlakati Xalqaro jinoiy suddan chiqishi mumkinligiga ishora qilgan. Janubiy Afrika parlamentida shu oy yangi qonun loyihasi ko’rib chiqiladi. Unda hukumatga xalqaro sud qarorlariga istisno tariqasida bo’ysunmaslik vakolatini berish ko’zda tutilgan.
Janubiy Afrika vazirining o’rinbosari Obed Bapela AQSh va Britaniya sobiq rahbarlari Jorj Bush va Toni Bleyr 2003-yilda Iroqqa qo’shin tortib, minglab odamning o’limiga sabab bo’lgani uchun sud tomonidan javobgarlikka tortilmaganiga ishora qilarkan, sudni ikkiyuzlamachilikda aybladi.
Kreml Prezident Putinning Yoxannesburgdagi anjumanga borish rejasini hozircha tasdiqlamagan.
Facebook Forum