Breaking News

Rossiya raketa va dron hujumlarining asosiy nishoni - Kiyev


Ukraina osmonida ashaddiy janglar
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:21 0:00

Ukraina, xususan, poytaxt Kiyev osmoni bir haftadirki ayovsiz janglarga guvoh bo’lyapti. Rossiya Ukraina bo’ylab raketa zarbalarini, dron hujumlarini tikladi.

So’nggi bir hafta davomida bu hujumlar oqibatida Kiyevda bir necha kishi, jumladan yosh bolalar ham halok bo’ldi.

2-iyun tunidagi hujumda ikki kishi jarohatlangan, jumladan 11 yoshli bola. 1-iyundagi raketalar hamlasi esa 3 kishi, jumladan ona va bolaning o’limiga sabab bo’ldi.

Rossiya armiyasi Kiyevni “Iskandar” rusumli raketalar bilan nishonga olayapti. Ularning aksariyati havoda yo’q qilinayotgan bo’lsa-da, nishonga tegayotganlari ham bor.

Rossiya hujumida halok bo'lgan nabirasining jasadi oldida o'tirgan kishi, Kiyev, 1-iyun, 2023
Rossiya hujumida halok bo'lgan nabirasining jasadi oldida o'tirgan kishi, Kiyev, 1-iyun, 2023

Rossiya armiyasi TU-95 samolyotlaridan foydalanyapti, Rossiyaning eng zamonaviy raketasi “Kinjal” ham ishlatilmoqda. Rossiya may oyida amalga oshirgan 21 ta hujumning 17 tasida Kiyev nishonga olingan.

Ukraina havo mudofaasi muqobilsiz deb ta’riflangan “Kinjal” raketasini urib tushirganiga doir ma’lumotlar bor. Ukraina urushi eng zamonaviy harbiy texnikalar sinovdan o’tayotgan tajriba maydoniga aylangan.

Dronlar, mustaqil boshqariluvchi texnikalar muhim o’ringa chiqqan. Ukraina shaharlari dronlar hujumiga uchrashi ortidan Moskva ham xuddi shunday hujumga tutildi.

30 dan oshiq dronlar ishlatilgan bu hamla jiddiy shikast yetkazmagan bo’lsa-da, ularning Moskvagacha yetib borishining o’zi jiddiy natija o’laroq baholanyapti.

Ukraina tomoni bu hujum ortida turganini rasman tan olgani ham, inkor etgani ham yo’q.

Ayni paytda rossiyalik muxoliflardan tashkil topgan legionerlar batalyoni ham Ukraina tomonida urishmoqda. Bu batalyon bir necha bor Rossiyaning Ukraina chegarasida joylashgan Belgorod viloyatiga yorib kirdi. Batalyon Rossiyani Putin rejimidan ozod qilish uchun kurashayotganini e’lon qilgan.

Frontda, Ukrainaning qarshi hujumi bilan bog’liq jarayonda jiddiy burilishlar kuzatilmaydi.

Rossiya armiyasi, aniqrog’i “Vagner” guruhi Baxmut ishg’oli ortidan bu shaharni tark etayotganini e’lon qildi. Ukraina tomoni Baxmut boy berilganini rasman tan olmagan, janglar davom etayotganini ta’kidlab keladi.

Front liniyasi bo’ylab janglar shiddati bir qadar susayishi raketa va dronlar vositasidagi hujumlarni jiddiy faollashtirgan. Tinch aholi orasida qurbonlar oshib borar ekan, kiyevliklar trevoga paytlari tunni yana metro bekatlarida o’tkazishga qaytmoqda.

Ukraina armiyasi qarshi hujumga o’tar ekan, havo hujumining yangi to’lqini boshlanishiga doir farazlar ham bor.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG