Yaqindan boshlab Ukraina jang maydonida Amerikada ishlab chiqarilgan “Switchblade 600” dronlaridan foydalana boshladi. U “Switchblade 300” ning takomillashtirilgan versiyasi.
“Switchblade” - bu urush girdobidagi mamlakatga yordam berish uchun AQSh Ukrainaga yuborayotgan aqlli dronlar.
Ular Kaliforniyada, “AeroVironment” kompaniyasiga tegishli korxonada ishlab chiqarilmoqda.
2022-yilning bahoridan boshlab Ukrainaga kamikadze dronlarining ikki xili, “Switchblade 300” va uning kuchliroq “Switchblade 600” versiyasi yetkazilmoqda. Ular allaqachon janglarda qo’llanilyapti.
Kichik hamda ixcham “Switchblade 300” portativ va bir askar olib yurishi uchun qulay aslaha.
“Switchblade” kichik trubkaga o’rnatiladi, vazni 2,5 kilogramm. Trubka va dron birgalikda 5 kilogramm. Bir askar uchtasini bemalol ko’tarib yurishi mumkin. Dronni o’rnatib, 2 daqiqada uchirasiz”,- deydi Jon Aldana, "Switchblade" menejeri.
Takomillashtirilgan “Switchblade 600” droni soatiga 185 kilometr tezlikda uchadi.
Belgilangan joyga yetib borgach, u havoda muallaq turib, nishonni izlaydi va operatorga yuqori aniqlikdagi tasvirlarni yuboradi. Operator nishonni belgilab, o’t ochish buyrug‘ini berishi bilan nishonga borib uriladi va portlaydi.
“Switchblade 600” oldingi 300 versiyasidan kattaroq va og’irroq bo’lsa-da, u ham portativ. Uzoqroq vaqt ucha oladi va zirhli tanklarni portlatish quvvatiga ega.
Har ikki dronning o'ziga xos xususiyatlaridan biri nishonga qulay burchakdan hamla qilish uchun havoda muallaq turish qobiliyatidir.
“Nishon harakatda bo’lishi, uni urish qiyin bo’lishi mumkin. Ammo dron qulay fursatni poylab, uchib yuraveradi. Operator nishonning zaifligini topishi bilan uni yo'q qilishga buyruq beradi”, - deydi Aldana.
Qoʻshma Shtatlar mingdan ortiq bunday dronlarni Ukrainaga yetkazgan.
Kompaniya rahbarining aytishicha, nisbatan arzon, mobil va “aqlli” vositalar yirik armiyalar qo‘llaydigan qurollar bilan raqobatlasha oladi.
“Ukrainadagi urush kichik bir davlat yoki armiya super kuchga qarshi tura olishini namoyish etdi. Eng avvalo, bu xalqning ruhi, albatta. Ammo ikkinchidan, missiyani bajarish uchun qurol va aslahalar muhim. Biz yaratgan dronlar hamda qurol-aslahalar jangda barcha sinovlardan o’tdi va mavjud paradigmani o'zgartirdi”,- deydi Vohid Navobiy.
Uning aytishicha, dron kabi texnologiyalar yaqin oylarda katta ehtimol bilan hal qiluvchi omilga aylanadi.
Facebook Forum