Breaking News

Xorijiy tanklardan jang maydonida Ukrainaga naf bo’ladimi?


Qo’shma Shtatlar Germaniya bilan bir kunda Ukrainaga o’z tanklarini berishi haqida ma’lum qildi. AQSh Prezidenti Jo Baydenning aytishicha, bir necha oy ichida jang maydoniga umumiy qiymati 400 million dollar bo’lgan 31 ta “Abrams” tanklari yuboriladi. Germaniya esa 14 ta “Leopard-2” tankini bermoqchi.

Xalqaro hayot - 26-yanvar, 2023-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:11:37 0:00

"AQSh berishi kutilayotgan 31 ta tank Ukrainaning bitta tank batalyoniga tengdir. Mudofaa vaziri Ostin tavsiyasiga ko’ra qilinayotgan bu ish Ukrainaga o’z hududini himoya qilish va strategik maqsadlariga erishishda salohiyatini oshirishga qaratilgan”, - dedi Bayden.

Bungacha Britaniya 14 ta “Chellenjer-2” tanklarini berishga rozi bo’ldi.

Germaniyaning “Leopard” tanklari 20 ta mamlakat arsenalida bo’lib, Polsha 14 tasini, Finlyandiya 25 tasini Ukrainaga bermoqchi. Norvegiya, Ispaniya, Niderlandiya ham shunga tayyor.

"Ukrainani qo’llab-quvvatlash uchun nimaiki zarur va mumkin bo’lsa, shuni qilayotganimizni doim aniq aytishimiz kerak. Biroq shu bilan birga, urushning Rossiya va NATO o’rtasidagi mojaroga aylanib ketishining oldini olyapmiz va doim bu tamoyilga rioya qilishda davom etamiz”, - dedi Shols.

Baydenning aytishicha, Ukrainaga berilayotgan harbiy yordamning barchasi mudofaa maqsadlarini ko’zlaydi.

“Rossiyaga hujum qilish xavfi yo’q. Agar rus qo’shinlari yurtiga qaytib ketsa, o’sha yerda qolishadi. Urush shu bugunoq tugaydi. Biz ham shuning tarafdorimiz. Urush adolatli va davomiy shartlar asosida tugashini istaymiz”, - dedi u.

Germaniya Mudofaa vaziri Boris Pistorius kelasi hafta “Leopard” tanklarini ishlab chiqaruvchi “Raynmetal” kompaniyasi rahbariyati bilan ko’rishib, ulardan ishlab chiqarishni kuchaytirishni so’ramoqchi.

"O’q-dori son jihatdan yetarli emas. Shuni ham muhokama qilamiz. Tanklarni Ukrainaga mart oxirigacha yetkazamiz”, - dedi u.

Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiyning aytishicha, endi va’da qilingan tanklarni Ukrainaga imkon qadar tez yuborish kerak.

“Tez va ko’p. Harbiylarimizni tezroq tayyorlash kerak. Tanklarni tezroq yuborish kerak. Shunaqangi “tank mushti”, “ozodlik mushti” bo’lsinki bizda, uning zarbalaridan so’ng zolim ortiq bosh ko’tarmasin”, - dedi u.

Zelenskiy NATO rahbari bilan gaplashganini, ko’proq artilleriya va jangovar samolyotlarga ham ehtiyoj borligini aytganini ma’lum qildi.

Rossiya Tashqi ishlar vazirligi Ukrainaga tank berish qarorini xavfli deb atadi, mojaroning kuchayishiga olib kelishini bildirdi. Kreml esa Ukrainaga tank bergan har qanday mamlakat bevosita urush ishtirokchisiga aylanishi haqida ogohlantirdi.

"Yevropa poytaxtlari va Vashingtondan kelayotgan doimiy bayonotlarda Ukrainaga turli xildagi qurol tizimlari, jumladan tanklarning yuborilishi bu mamlakatlarning Ukrainadagi jangovar harakatlarga aralashganini anglatmasligi aytib kelinadi, ammo biz bunga qat’iyan qo’shilmaymiz. Moskva bu harakatlarning barchasini mojaroga bevosita aralashish deb biladi va buning kuchayayotganiga guvohmiz”, - dedi Prezident Putinning matbuot kotibi Dmitriy Peskov.

Rossiyalik tahlilchilarga ko’ra, mojaro boshida Ukrainada 2000 ga yaqin tank bo’lgan, shundan salkam 500 tasi qolgan hozir. Ittifoqchilar jami 90 tagacha tank berishni va’da qilmoqda. Misol uchun, Ikkinchi jahon urushi paytida yolg’iz Kursk jangida Germaniya tomonidan 2700 dan ortiq tank ishtirok etgan.

"Tanklar Ukrainaga ma’lum pozitsiyalarni egallashga imkon beradi. Ammo bu bilan butun dunyoni zabt etish mumkin deb o’ylamaslik kerak. “M-1 Abrams” tanklari dunyodagi eng yaxshi jangovar tank hisoblanadi. Ko’pdan beri xizmat qiladi, bir necha bor yangilangan, sovet va rus tanklariga qarshi janglarda o’zini juda yaxshi ko’rsatgan. Rossiyaning Ukraina jang maydonlaridagi tanklaridan ancha yaxshiroq deya ko’riladi”, - deydi Nyu-Yorkdagi Kolumbiya universitetining xalqaro aloqalar bo’yicha professori Stiven Biddl.

Biroq unga ko’ra, harbiy jihatdan ustunlikka erishish uchun bunday tanklarning o’nlab emas, yuzlab donasi kerak.

“Ko’p narsa Ukraina bu tanklardan qanday foydalanishiga bog’liq. Ularni mamlakatga yetkazilishi bilan jang maydoniga chiqarishmoqchimi yoki bu tanklarni kattaroq qismlarga qo’shib, birgalikda uzoq mashq qilib, so’ng yozda qo’llashmoqchimi? Bu tanklar 1980-yillarda Sharqiy Yevropa sharoitiga moslab ishlab chiqilgan. Iroq yoki Afg’oniston sharoitlariga emas”, - deydi Londondagi Qirollik birlashgan xizmatlari instituti tahlilchisi Ed Arnold.

Mutaxassis nazarida, Britaniya, AQSh va Germaniya tanklari Rossiya tanklaridan ancha yaxshi, zirhi va himoya vositalari kuchliroq, zamonaviyroq, rus tanklarini Ukrainada yo’q qilayotgan zarbalarning ba’zilariga chidamliroq.

Germaniya va AQShning Ukrainaga tank berish qarorlari Rossiya matbuotida qizg’in muhokama etilmoqda. Davlat kanallaridan birida “Leopard” tanklari “tishsiz mushuk” deb ataldi, Rossiyaning T-90 tanklariga qaraganda soddaroq, og’irroq, qo’polroq, otish masofasi qisqaroq ekani aytildi. “Rossiya-24” kanaliga ko’ra, tanklarning yarmi jang maydoniga yetmasdan yo’q qilinadi.

AQShning “Abrams” tanklarini esa rus jurnalistlari zaif deb, Iroq va boshqa mamlakatlardagi mojarolarda ko’p bor nishonga olinganini ta’kidlashdi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG