Yakunlanayotgan hafta Ukraina uchun og’ir, halokatli bo’ldi. Kiyev viloyatida vertolyot qulashi oqibatida ichki ishlar vaziri, uning o’rinbosarlari doxil 15 ga yaqin kishi halok bo’ldi.
Frontda esa Soledar shahri boy berildi, Baxmut qurshovi kuchaymoqda. Germaniyadagi Ramshtayn bazasida G’arb mudofaa vazirlarining uchrashuvi ham kutilgan natijani bermadi.
Frontdagi so’nggi vaziyatga ko’ra, Rossiya armiyasi aksariyat ekspertlar taxmin qilgan qishki hujumlar bo’yicha dastlabki urinishlarini amalga oshiryapti.
Hozirgacha nisbatan barqaror bo'lgan Zaporojye fronti harakatga kelgan. Rus qo’shinlari bir necha aholi punktlarini ishg’ol qilgani, Orexov shaharchasi uchun janglar ketayotgani xabar qilinadi.
Rossiyaga qarashli “Vagner” hujumlarini hisobga olmaganda, qish va yog’ingarchilik frontning aksariyati qismida janglar shiddatini susaytirgan edi.
Tarkibi professional jangchilar va mahbuslardan iborat “Vagner” xususiy harbiy kompaniyasi Baxmut va Soledar shaharlariga hujumni to’xtatmadi. Bu bosim Soledar shahrining boy berilishi bilan yakunlandi.
Ukraina tomoni Soledar egallanganini tasdiqlamayotgan bo’lsa-da, harbiy ekspertlar shahar Rossiya armiyasi nazoratiga o’tganini ta’kidlashadi.
Bu shaharcha egallanishi Donbass frontida burilishlar qilishiga doir xavotirlar mavjud. Ayniqsa, Donetskning yirik shaharlaridan biri Baxmut uchun davom etayotgan janglar taqdirida. Soledar boy berilishi Baxmutni shimoldan va janubdan qamal qilishga, shaharga kiruvchi ta’minot yo’llarini nazoratga olishga imkoniyat yaratgan.
Baxmut urushning eng qaynoq nuqtasiga aylangan. Rus qo’shinlari qurshov halqasini siqishga, Ukraina armiyasi shahar mudofaasini ushlashga urinmoqda.
Baxmut uchun janglar har ikki tomon uchun ayovsiz qurbonlar bilan kuzatilar ekan, matbuotga ko'ra, harbiy ekspertlar Ukraina armiyasiga shaharni tashlab chiqishni tavsiya qilmoqda.
Bu Ukraina armiyasi hozirlayotgan qarshi hujumlar amaliyoti uchun zarur kuch, harbiy texnika, askarlar hayotini saqlash, shuningdek, Rossiya armiyasining yirik hujumi arafasida mudofaani mustahkamlash uchun muhim deb ko’riladi.
Rossiya armiyasining yanvar oxirida yoki fevral oyida yirik hujumlar boshlashi anchadan buyon kutilyapti. Bu hamla frontning qaysi chizig’idan boshlanishi yuzasidan farazlar ko’p. Deyarli ming kilometrga cho’zilgan front liniyasi kutilmagan nuqtalardan foydalanishga imkoniyat beradi.
Generallar, harbiy ekspertlar, jumladan, AQShda asoslangan Urushlarni o’rganish instituti tahlilchilari ham bu borada bir necha farazlarni ilgari surishgan.
Bular orasidagi asosiylari Zaporojye yo’nalishi, Donbass fronti, Rossiya bilan bevosita chegara yaqinidagi Xarkov yoki Belarus orqali Kiyevning g’arbiy viloyatlarini nishonga olishdir.
Bu farazlar hozircha farazligicha qolyapti, biror tomon hali yirik hujumlar boshlagani yo’q. Frontdagi asosiy diqqat qurshovga olinayotgan Baxmutga, shu janglar taqdiriga qaratilgan.
Urushga qadar 70 mingga yaqin aholi yashagan, ayni paytda vayronaga aylangan Baxmut uchun ashaddiy janglar strategik maqsaddan ko’ra ramziy ahamiyat kasb etadi.
Prezident Volodimir Zelenskiy qaqshatqich janglar oralig’ida bu shaharga kelib, harbiylar bilan uchrashgan. Ularni taqdirlar ekan, Baxmut Ukraina mudofaasi timsoliga aylanganini aytgan edi.
Zelenskiyning AQShga safari chog’ida ham Baxmut mudofaasi alohida ahamiyat kasb etdi, Kongressga Baxmutdagi janglardan olib chiqilgan Ukraina bayrog’i taqdim qilindi.
Rossiya tomoni uchun esa Baxmutni egallash so’nggi mag’lubiyatlar, ayniqsa Xersondagi chekinish ortidan yirik g’alaba vazifasini o’tab beradi.
Baxmutda asosan “Vagner” kompaniyasi jang qilayotgani, ayrim ma’lumotlarga ko’ra uning safida 50 mingga yaqin yollanma jangchilar borligi inobatga olinsa, Rossiya muttasil qo’shinlari frontning kutilmagan boshqa bir nuqtasiga tashlanishi ehtimoli yuqori.
Front tashqarisidagi vaziyat ham yakunlanayotgan haftada Ukraina uchun og’ir keldi. Ittifoqchi davlatlar mudofaa vazirlari Ramshtayndagi uchrashuvda ukrain armiyasini tanklar bilan ta’minlash masalasida aniq bir qarorga kela olmadi.
Bu asosan Germaniyaning “Leopard” tanklariga taalluqli. Bu rusumdagi tanklar NATO davlatlari armiyasi asosini tashkil qiladi, ammo ularni uchinchi tomonga topshirish uchun Germaniyaning ruxsati kerak.
Germaniya o’z tanklarining Ukrainaga berilishiga, Rossiya armiyasiga qarshi ishlatilishiga rozilik berganicha yo’q, ammo boshqa qurol turlari bilan Ukrainaga ko’maklashishda davom etyapti.
Nemis hukumatining tanklar masalasidagi ikkilanishi Ukraina armiyasiga hujumga moslashgan qurollar yetkazish ziddiyat miqyosini yangi bosqichga ko’tarishi mumkinligiga doir xavotirlar bilan izohlanmoqda.
Bundan qat’i nazar, AQSh Mudofaa vaziri Lloyd Ostin ham qatnashgan Ramshtayn uchrashuvida Ukraina armiyasiga o’nlab zirhli texnika, raketa tizimlari va boshqa zarur harbiy texnik yordam yetkazib berishga qaror qilindi.
Bu yordamining asosiy qismi yaqin oy ichida Ukrainaga yetkazilishi kutilmoqda. Harbiy ekspertlar qurol-yarog’ borasidagi yordamning kechikishi frontdagi vaziyatda jiddiy burilishlar qilishi mumkinligidan ogohlantirmoqda.
Yakunlanayotgan hafta ukrainaliklarni urush maydonidagi yo’qotishlardan tashqari poytaxt Kiyev yaqinida yuz bergan aviahalokat bilan ham larzaga soldi.
Brovari shahrida Favqulodda vaziyatlar vazirligiga qarashli vertolyot halokatga uchradi. Mamlakatning “qaynoq” nuqtalaridan biriga uchayotgan Ichki ishlar vaziri Denis Monastirskiy, uning o’rinbosarlari, mas’ul xodimlar, ekipaj a’zolaridan iborat 15 ga yaqin kishi halok bo’ldi.
Vertolyotning bolalar bog’chasiga qulashi farzandini bog’chaga olib kelgan ona, yana bir yosh bolaning o’limiga ham sabab bo’ldi. 10 ga yaqin kishi turli jarohatlar bilan shifoxonada qolmoqda.
Fevralda Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirganiga bir yil to’ladi. Bu sana munosabati bilan frontdagi vaziyat jiddiy keskinlashishiga oid qarashlar mavjud.
Facebook Forum