Chorshanba kuni Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Vashingtonga tashrif buyurib, Oq uyda Prezident Jo Bayden va uning rafiqasi bilan ko’rishdi. Bu Zelenskiyning Rossiya Ukrainaga 24-fevral kuni qo’shin kiritganidan beri ilk xorijiy safaridir.
Xuddi shu kuni AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken Ukrainaga 1,85 milliard dollarga teng qo’shimcha harbiy yordam, jumladan havo mudofaasi uchun “Patriot” raketa tizimining berilishi haqida ma’lum qildi.
Zelenskiy Baydenga Ukrainaga ko’rsatilayotgan yordam uchun minnatdorchilik bildirib, unga ukrainalik harbiy nomidan uning medalini topshirdi.
“Patriot” tizimi Ukrainaga Rossiyaning qanotli va ballistik raketalarini urib tushirishda xizmat qilishi aytilmoqda.
Baydenga ko’ra, bu mudofaa tizimi bo’lib, mojaroning kuchayishiga olib kelmaydi, Rossiyaga tahdid bo’lmaydi.
Rossiya rasmiylarining o’tgan hafta aytishicha, AQShning Ukrainani “Patriot” tizimi bilan ta’minlash rejasi provokatsiya bo’lib, AQShning Ukraina mojarosiga yanada ko’proq aralashayotganidan dalolatdir.
Kreml raketa tizimi, uni boshqaruvchi va unga xizmat ko’rsatayotgan amerikalik harbiylar Rossiyaning qonuniy nishoni bo’lishi haqida ogohlantirdi.
AQShning yangi harbiy yordam paketida HIMARS raketa tizimi uchun o’q-dori, artilleriya snaryadlari ham bor.
Mojaro boshidan beri AQSh Ukrainaga jami 21,2 milliard dollarga teng harbiy yordam ko’rsatgan.
Noyabrdagi oraliq saylovda kichik g’alabaga erishib, Vakillar palatasida nazoratni qo’lga kiritgan respublikachilar Ukraina uchun ajratilgan yordam puli qanday sarflanayotganini tekshirishga chaqirmoqda, ba’zi respublikachilar hatto yordam ko’lamini kamaytirish tarafdori. Zelenskiyning AQShga tashrifi va qonunchilarga murojaati buning oldini olishga qaratilgan strategiyaning bir qismidir.
Oq uydagi uchrashuv va matbuot anjumani ketidan Zelenskiy Vakillar palatasining spikeri Nensi Pelosi bilan muloqot qildi. Yangi Kongressda spikerlik vakolati respublikachilarning palatadagi sardori Kevin Makkartiga topshiriladi.
Kongressda kostyum kiyish qoidasiga qaramay, Zelenskiy uni davomiy qarsaklar bilan iliq kutib olgan amerikalik qonunchilarga – Vakillar palatasi va Senat a’zolariga norasmiy kiyimda murojaat qildi.
"AQSh Kongressida bo’lish, sizlar va amerikaliklarga so’zlash men uchun katta sharafdir. Biz uchun halokat va zulmatni bashorat qilgan barcha ssenariylarga qaramay, Ukraina sog’-salomatdir. Biz dunyo tafakkuri uchun kurashda Rossiyani mag’lub etdik”, - dedi u.
Zelenskiy Ukrainaga berilgan o’nlab milliard dollarlik yordamni xayriya emas, balki global xavfsizlik uchun sarmoya deb atadi va amerikalik qonunchilar qaysi siyosiy partiyaga mansub bo’lshidan qat’i nazar Ukrainani qo’llab-quvvatlashda davom etishiga umid bildirdi.
Zelenskiy mojaroga yakun yasash uchun Kiyev taklif etgan 10 punktdan iborat tinchlik formulasini AQSh rahbari bilan muhokama qilganini aytdi.
"Prezident Bayden bizning tinchlik tashabbusimizni qo’llab-quvvatlaganidan xursandman. Har biringiz, xonimlar va janoblar, uni amalga oshirishda yordam berishingiz mumkin”, - dedi u.
Zelenskiy Rossiya bilan tinchlikka Ukraina suvereniteti, erkinligi va hududiy daxlsizligi evaziga kelishmasligini, Moskva barcha zararni qoplashi kerakligini aytdi.
"Bilamizki, Putin bu vahshiy urushni to’xtatgisi yo’q. Qo’shma Shtatlar dovyurak Ukraina xalqiga o’z mamlakatini Rossiya bosqinidan himoya qilishga qancha vaqt kerak bo’lsa, shuncha yordam berishga tayyormiz”, - dedi Bayden.
Zelenskiy Vashingtonga borgan kuni Mudofaa vazirligi rasmiylari bilan ko’rishgan Putinning aytishicha, G’arbning Rossiyaga qarshi siyosati Ukrainadagi mojaroning muqarrar bo’lishini ta’minladi.
“Ushbu mojaro rus dunyosini bo’lib qo’yishga hamisha intilgan boshqa davlatlarning, uchinchi davlatlarning siyosati natijasidir”, - dedi Putin.
AQSh Kongressida Ukraina uchun favqulodda yordam tariqasida qo’shimcha 45 milliard dollar ajratish haqida munozaralar ketmoqda. Qonunchilar uni ma’qullasa, AQShning umumiy yordami 100 milliard dollardan oshadi.
Facebook Forum