Polsha – Rossiya agressiyasiga qarshi turishda faol ishtirok etayotgan davlatlardan biri, shuningdek, AQShning qit’adagi eng muhim ittifoqchilaridan. Yetti milliondan oshiq ukrainalik qochqinlar Polsha chegarasini kesib o’tgan.
Fevralda Rossiya Ukrainaga bostirib kirishidan bir kun oldin, Polsha Prezidenti Andjey Duda Kiyevga borib, “Ukrainani yolg’iz qoldirmaymiz” deb va’da bergan.
Urush boshlanganidan keyin Polsha ukrainalik qochqinlarga eshigini ochdi.
Siyosatshunos Lukash Adamskiyning qayd etishicha, Polsha millionlab ukrainaliklar uchun ikkinchi vatanga aylandi. Ukraina fuqarolariga mamlakatda keng huquqlar berilgan.
Polsha, shuningdek, G’arb qurollari va gumanitar yordamini Ukrainaga yetkazishda ko’prik vazifasini bajarib kelmoqda.
Rossiya tahdidi, deydi Adamskiy, Kiyev va Varshava o’rtasidagi munosabatlarni ijobiy tomonga o’zgartirdi.
“Urush ikki tomonlama aloqalar faollashishiga, orada ishonch kuchayishiga olib keldi. Bundan tashqari, ikki davlatning umumiy manfaatlari, kelajak haqidagi qarashlari mushtarak ekani ayonlashdi”, - deydi suhbatdosh.
May oyida Prezident Duda urush boshlanganidan buyon Ukraina parlamentida so’zlagan ilk xorijiy liderga aylandi.
U Ukrainaning Yevropa Ittifoqiga qo’shilish istagini qo’llab-quvvatladi, Kiyev Prezident Vladimir Putinning ayrim talablarini qabul qilish kerak deb taklif qilganlarni tanqid qildi. Duda fikricha, Ukraina o’z yerini Rossiyaga berishi butun G’arb dunyosiga zarba bo’ladi.
“Faqat Ukraina o’z kelajagini hal qilish, o’zi uchun qarorlar qilish huquqiga ega. Dunyo Rossiyadan Ukrainani tark etishni, xalqaro qonunlarni buzishni bas qilishni talab qilsin”, - degan edi Polsha rahbari.
2022-yilda Polsha Ukrainaning asosiy harbiy sheriklaridan biriga aylandi. Boltiq davlatlari qatorida uning Yevropa va NATO bilan integratsiyasini yoqlab chiqdi. Varshavaning Ukrainaga yordami uning Qo’shma Shtatlar bilan munosabatlarini ham yaxshilagan.
Prezident Bayden mart oyida Polshaga safar qilib, ukrainalik qochinlar va amerikalik askarlar bilan uchrashdi. Ukrainaning demokratiya va mustaqillik uchun kurashini qo’llab-quvvatlashni AQSh o’zining strategik maqsadi deb biladi, degan edi Bayden.
Varshavadagi nutqida AQSh prezidenti Polsha poytaxtining zulm va yovuzlikka qarshi kurashdagi tarixiy ahamiyati haqida so’zladi. Rossiya agressiyasi, deydi Bayden, ittifoqchilarni birlashtirdi.
“Rossiya qo’shinlari Ukrainaning jasur askarlariga, kuchli qarshiligiga duch keldi. Rossiyaning shafqatsiz taktikasi Ukraina irodasini buka olmadi, balki uni yanada mustahkamladi. G’arb bugun har qachongidan kuchliroq va birdam. Rossiya o’z chegarasiga NATOni yaqinlashtirmaslikni maqsad qilgan bo’lsa, shuning aksi bo’layapti. Tashkilot a’zolari chegarasiga 100 mingdan ortiq amerikalik askarlar joylashtirilgan”, - dedi Bayden Polshadagi nutqida.
AQSh ham, Polsha ham Ukrainaga moliyaviy ko’mak berib kelmoqda.
Kiyel Jahon iqtisodiyoti institutiga ko’ra, yanvar va oktabr oralig’ida AQSh Kiyevga 55 milliard dollarga teng harbiy va gumanitar yordam, Polsha esa qariyb 3 milliard dollarik ko’mak va’da qilgan.
Yevropa xavfsizligini ta’minlashda, deydi ekspertlar, Polsha AQShning yaqin ittifoqchisiga aylangan.
Facebook Forum