Breaking News

AQSh senatorlari: Ukrainani qo'llab-quvvatlashda davom etamiz


Kiyev, Ukraina
Kiyev, Ukraina

AQSh Kongressi Ukrainani Rossiya agressiyasidan himoya qilish uchun qo'shimcha 38 milliard dollar yordam ajratish haqidagi Oq uy so’rovini ko'rib chiqmoqda. Demokrat senator Jin Shaxin va respublikachi senator Jim Rishga ko’ra, yordam kelasi haftalarda tasdiqlanishi kutilmoqda.

Bu ikki senator Ukrainaga harbiy ko’mak ko’rsatishni faol qo’llab-quvvatlayotgan qonunchilardan. Agar navbatdagi yordam paketi qabul qilinsa, bu yil Ukrainaga 100 milliard dollardan ortiq yordam yetkazilgan bo’ladi.

Senatorlar 30-noyabr kuni “Amerika Ovozi” Gruzin xizmati bosh muharriri Ia Meurmishvili bilan AQShning Ukraina va Rossiyaga nisbatan siyosati va Kongress 2023-yilda Ukrainani qo‘llab-quvvatlashda qanchalik davom etishi mavzusini muhokama qildi.

Shaxinning aytishicha, Ikkinchi jahon urushidan olingan saboqlar Ukraina kontekstida hamon dolzarbligicha qolmoqda va G‘arb Rossiya Yevropaning boshqa mamlakatlariga bostirib kirishidan oldin uni to‘xtatishi kerak.

Rishga ko’ra esa, Ukrainani qurol-yarog‘ bilan ta’minlashda Rossiya urushni yanada kuchaytirishiga sabab bo’ladigan choralardan tiyilish lozim.

Quyida bo’lib o’tgan intervyuni qisqartirilgan holda e’tiboringizga havola qilamiz.

Amerika Ovozi: NATO Ukraina bir kun kelib harbiy ittifoqqa a’zo bo’lishi haqida 2008-yilda aytilgan gapni yana bir bor tasdiqladi. Sizning fikringizcha, bu Ukrainaning NATOga a'zoligini tezlashtiradimi? Sizningcha, Ukraina qachon NATOga kirishi mumkin?

Shaxin: Afsuski, Ukraina hozirda Rossiyaning asossiz bosqini tufayli shafqatsiz urush olib bormoqda. Lekin, menimcha, Ukrainaning NATOga a'zo bo'lishi haqidagi intilish juda muhim. Yevropa Ittifoqi, NATO, Gʻarb ittifoqi Rossiyaga qarshi urushda ularni qoʻllab-quvvatlashi juda muhim. Chunki biz Vladimir Putin kabi diktatorlar xalqaro tartibni o'zgartirib, istalgan mamlakatni egallab olish mumkin, deb o'ylashlariga yo'l qo'ymaymiz. Shuningdek, urush jinoyatlari va vahshiylik qilish, tinch aholini bombalash, kasalxonalar va maktablarni bombalash. ... Madaniy jamiyatda bularni tasavvur qilib bo'lmaydi. Demak, ukrainaliklarni qo‘llab-quvvatlash uchun qo‘limizdan kelganini qilishimiz kerak.

Rish: Men bunga qo'shilaman. NATO hozir har qachongidan kuchli va u kundan-kunga kuchayib bormoqda. Hech qanday zaiflashish yo'q. NATO nima qilish uchun tuzilgan bo'lsa, shuni bajarish majburiyatini oladi. 5-modda aynan shu ma'noni anglatadi – bir kishiga qilingan hujum hammaga hujumdir. Biz NATOning bir qarich yeridan voz kechmaymiz, deb ruslarga aniq aytdik. Xoh Boltiqbo‘yida, xoh Londonda, xoh Los-Anjelesda bo’lsin. Biz NATOning bir qarich yeridan voz kechmaymiz va uni himoya qilish uchun hammamiz yelkama-yelka kurashamiz.

Ukrainaning NATOga qo'shilishi haqida gap ketganda, Ukraina yoki boshqa har qanday davlat, talablarga javob bersa, NATOga a'zo bo'lishga haqli. Agar Ukraina talablarga javob bersa, Ukraina NATOga kirmoqchi bo‘lsa, Ukrainaning o’ziga qo’yib berish kerak. Na Rossiya, na boshqa davlat o‘rnidan turib, “Yo‘q, xohlagan joyingga bora olmaysiz” demasligi kerak. Har bir davlat suveren va o'z mudofaasi uchun xohlagan ittifoqqa kirish huquqiga ega bo'lishi kerak.

Amerika Ovozi: Bayden ma’muriyati Ukrainaga yordam uchun qo’shimcha 38 milliard dollar so’ragan. Bu loyiha Kongress qishki tanaffusga chiqishi oldin tasdiqlanadi, deb o'ylaysizmi?

Shaxin: Ha. Menimcha, Ukrainani har ikki partiya va har ikki palata qo‘llab-quvvatlashi hali ham davom etyapti. Biz Ukraina butun dunyodagi demokratiya uchun kurashayotganini tushunamiz va bu urushda demokratiyaning taqdiri hal bo’lyapti.

Rish: Putin bu urushda allaqachon mag‘lub bo‘ldi. U bir mamlakatni bosib olishga kirishdi. U bu davlatni hech qachon bosib ololmasligi hozir butun dunyoga ayon. Agar ukrainlar bilan gaplashsangiz, ular kerak bo'lsa, ko'chada supurgi bilan urishadi. Lekin ruslar bu mamlakatni hech qachon bosib ololmaydi. Xo'sh, Putin buni qanday tugatmoqchi? Bilmayman, lekin u rejasini qilib olgani ma’qul.

Amerika Ovozi: Siz Ukrainaga “Patriot” raketalari va ular so'ragan uzoq masofaga uchuvchi boshqa artilleriya qurollari berilishi g'oyasini qo'llab-quvvatlaysizmi?

Rish: Ukrainaliklar bir qo‘li orqasiga bog‘langan holda kurashmoqda. Ularning yonida qo'shni mamlakat bor. U ularni bosib olgan va barcha vahshiyliklarni qilmoqda. Buning ustiga, so'nggi haftalarda ruslar Ukrainaning issiqlik, elektr energiyasi va boshqa infratuzilmalarini butunlay yo'q qilish uchun qo'llaridan kelganini qildi. Biz bular sodir bo'lishini kuzatib turolmaymiz.

Ukraina armiyasida o'lganlar 100 mingdan oshdimi?
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:02:39 0:00

Bilasizmi, ma'muriyatdagi ba'zi odamlar - hammasi emas - "Oh, bilasizmi, biz ixtilof kuchayishni xohlamaymiz", deyishadi. Bu bema'nilik. Men Putin ertalab uyg'onganda bizning nima qilishimizni o’ylab sarosimaga tushishini xohlayman. Biz javob choralarini kuchaytirishimiz kerak, aks holda siz urushda yutqazasiz. Demak, men hamma narsaga roziman. Menimcha, “Patriot” raketalari yaxshi. Agar bu menga bog'liq bo'lsa - hatto boshidan - men ularga samolyotlar berishimiz kerakligini aytib keldim. Koreyada jang qilganimizda, Vyetnamda jang qilganimizda ruslar dushmanni reaktiv samolyotlar bilan ta’minlab, uchuvchilarni o‘qitgan. Ularga javob qaytarish vaqti keldi.

Shaxin: AQShning shuni maqsad qilyapti. Biz ittifoqchilarimiz va ukrainaliklar bilan ularga kerak bo‘lgan narsalar ustida yaqindan ishlayapmiz va imkon qadar tezroq ularga kerakli qurollarni yetkazib beramiz. Menimcha, biz buni davom ettirishimiz kerak.

Amerika Ovozi: Dunyo, xususan, G’arb Ukraina bu urushdan qanday chiqishi haqida gapira boshladi — Yevropaning demokratik, suveren davlati bo’lishi va bundan buyon kuchayib borishi haqida. Lekin biz Rossiyaning bu urushdan qanday chiqishi haqida ko'p narsa bilmaymiz. Siz bu urushdan keyin Rossiyani qanday ko'rasiz?

Shaxin: Bugun biz Tashqi aloqalar qo'mitasida Rossiyadagi elchi lavozimiga nomzod bilan tinglov o'tkazdik. O'sha tinglovda biz gaplashgan narsalardan biri bu yangi elchining Rossiya rahbariyati bilan ochiq aloqa kanalini saqlab qolishga urinishi va shu bilan birga Rossiyaning Ukrainada qilayotgan ishlariga keskin e’tiroz bildirishda davom etishi haqida bo’ldi. Rossiyaning yangi START yadroviy muzokaralaridan uzoqlashishi, inson huquqlari bo’yicha ahvol va hibsdagi amerikalik mahbuslar mavzulari ham bor. Demak, bu qiyin bo'ladi.

Men Vladimir Kara-Murza bilan Rossiyaga qaytishi arafasida gaplashish imkoniga ega bo'ldim. U ajoyib, juda jasur huquq himoyachisi. Men udan "Sizni qamoqqa tashlashadi. Nega bunday qilyapsiz?” deb so’raganimda, u “Chunki rus xalqi Rossiya hukumatidan yaxshiroq va biz buni dunyoga ko‘rsatishimiz kerak”, dedi. U bir kun kelib Rossiya xalqi o'zini o'zi boshqarish va o'z kelajagini belgilash imkoniyatiga ega bo’lishidan umidvor.

Rish: Birinchidan, men doim aytib kelganmiz – hammasi tugadi, degan bilan aslida tugamagan bo’ladi. Rossiya bu ishlaridan hali uzoq vaqt azob chekadi. “Temir parda” olinib, Rossiya xalqaro maydonda iliq kutib olinganda dunyo xatoga yo‘l qo‘ygan edi. Hamma ular bilan biznes qila boshladi. Yevropaliklar energiya va shunga o'xshash narsalarda ularga bog’lanib qoldi. 21-asrda o'rta asr urushini boshlashlarini hech kim xayoliga ham keltirmagan edi. Amerikaning yetti yuzta kompaniyasi chiqib ketdi. Ular endi qaytib bormaydi. Biz har doim yevropaliklar bilan gaplashamiz. Ertaga Putin g'oyib bo'lib, o’rniga mo'tadil birini olib kelsangiz ham - agar Rossiyada shunday biri bo'lsa - menimcha, ruslar bu ishlar boshqa takrorlanmasligiga ishontirishi uchun o'nlab yillar kerak bo'ladi.

Amerika Ovozi: Hozirgacha Kongress Ukrainani qoʻllab-quvvatlash, mintaqa, NATO va shunga oʻxshash masalalarda birlashgan. Vakillar palatasida respublikachilar ko'pchilik bo'lishi bilan bu birlik o'zgarishi mumkin, degan xavotirlar bor.

Rish: Qarang, Kongressning 535 a'zosi bor - Senatda 100 ta, Palatada 435 ta. Biz xilma-xil guruhlarmiz. Amerikaning yuqoridan pastigacha hammani aks ettiradigan haqiqiy vakillarmiz. Natijada, u yerda siz xohlagan har qanday ko'rinish mavjud. Sizda qanday muammo bo'lishidan qat'i nazar, juda kam istisnolardan tashqari, siz doimo norozilikka ega bo'lasiz. Biz muxolifatda tug'ilganmiz. Biz har doim nimagadir qarshimiz. Aytgancha, narsalar mos kelsa, biz birlashamiz.

Ukraina masalasida ikkala palatada ham, har ikki partiyada ham kuchli qo'llab-quvvatlov bor. Dissident bo'lgan bir hovuch odamlar bormi? Ha. Ammo bu yerda ommaviy axborot vositalari o'zgacha fikrda bo'lganlarga e'tibor qaratadi. Bu Amerika usuli va shunday bo'lishi kerak. Ommaviy axborot vositalari menga bu savolni bir necha bor berishdi va men norozilik minimum darajada ekanini va bu bo’ttirib ko’rsatilganini aytdim.

Shaxin: Biz bir necha hafta oldin ikki partiya va ikki palata vakillaridan iborat delegatsiya bo’lib, Kanadaning Galifaks tumaniga bordik. Biz hammamiz Ukrainani qo'llab-quvvatlash va bu yordamni davom ettirish zarurati haqida yakdil fikr bildirdik. Palataning taniqli a'zolari, shuningdek, Senatning taniqli a'zolari ham shunday fikrda. Demak, menimcha, bu masalada senator Rish mutlaqo haq.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG